— Universal modelga koʻra, homilador va yosh bolali ayollar xonadoniga patronaj tashriflari necha marta amalga oshiriladi?
— Universal modeli barcha bolalar va homilador ayollarni qamrab olishni koʻzda tutadi.
Tashriflar soni – patronaj hamshirasi homilador ayolga 2-marta, yaʼni homiladorlikning 12 haftasi va 32 haftasida tashriflarni amalga oshirsa, 5 yoshgacha boʻlgan bolalari bor oilalarga esa 12 ta tashrifni, shuningdek, chilla davridagi ayollar uchun 3-marta – tugʻruqxonadan chiqqandan soʻng birinchi 3 kunida, tugʻruqdan keyin 15 kunda va tugʻruqdan keyingi bir oyda tashriflarni amalga oshiradi.
Yosh bolalar bor boʻlgan oilalarga tashrifni amalga oshirishda patronaj hamshirasi har doim oʻz ishini umumiy xavf belgilarini tekshirishdan boshlashi kerak va biror-bir umumiy xavf belgisi yoki kasallik belgilari aniqlansa, “Tez yordam” xizmatini chaqirishi yoki zudlik bilan shifokor qabuliga yuborishi lozim.
Agar ular aniqlanmasa, patronaj hamshirasi oʻz ishini universal model rejasiga koʻra davom ettiradi. Homilador va tuqqan ayollarga tashrif ham shu ketma-ketlikda olib boriladi.
Xavf omillari aniqlangan xonadonlarga patronaj xizmatining progressiv modeli asosida alohida tashriflar rejasi ishlab chiqiladi.
— Homilador ayollar va yosh bolali oilalarda xavf omillarini aniqlashda asosan nimalarga eʼtibor qaratiladi?
— Homilador ayolning hayotiga xavf soluvchi belgilar borligini aniqlashda ayolning ushbu davrida notoʻgʻri ovqatlanishi orqali yuzaga keladigan muammolarga alohida eʼtibor qaratish zarur.
Shuningdek, homiladorlik davrida depressiyaga tushish, zararli odatlar hamda ijtimoiy xavflarga ham diqqat qilinadi.
Tuqqan ayol yoki ota-ona va 5 yoshgacha bolada xavf omillarini baholashda bola va chilla davridagi ayolning hayotiga xavf soluvchi belgilarni koʻzdan kechirish zarur.
6 oygacha boʻlgan bolalarni istisnosiz koʻkrak suti bilan emizish masalasi, 6 oydan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarning qoʻshimcha ovqatlantirish muammolari, bolani emlash, oiladagi ota-onalarning depressiya holati hamda bola uchun xavfsiz muhit yaratilganiga alohida eʼtibor qaratish zarur.
Shuningdek, farzandni tarbiyalashda mehr koʻrsatish, soʻzlashish, oʻyin oʻynash va kitoblar oʻqishning ahamiyati, ota, buvi va bobolarni bola tarbiyasidagi oʻrni hamda uning jismonan va ruhan barkamol boʻlib voyaga yetishiga toʻsqinlik qiluvchi omillar – qoʻpol muomala, eʼtiborsizlik, qoʻrqitish, qoʻl koʻtarish holatlari kuzatilmayotganiga ham amin boʻlish zarur.
Bir soʻz bilan aytganda, yangi patronaj tizimi mamlakatimizda onalik va bolalikni himoya qilish, reproduktiv salomatlikni saqlash sohasini yangi bosqichga koʻtaradi.