Ishchi guruhning navbatdagi tashrifi Buxoro neftni qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish obyektlarida boʻldi. Tashrif davomida xorijlik hamkorlar va zavod mutaxassislaridan iborat ishchi guruhining uchrashuvi ham oʻtkazildi. Unda zavodning ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan ekspluatatsion tayyorligi, shuningdek, ishlab chiqarish xavfsizligini takomillashtirish, axborot tizimlarini joriy etish uchun yagona boshqaruv platformasini tashkil etish kabi asosiy masalalar muhokama qilindi.Ishchi guruh ishlab chiqarish obyektlaridagi texnologik jarayonlarini boshqarish tamoyili bilan tanishdi.
Uchrashuv doirasida korxona boshqaruvining barcha darajalarini raqamlashtirish va avtomatlashtirishni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mutaxassislari tomonidan korxonada texnologik jarayonlar tizimiga xizmat koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha takliflar berildi.
Maʼlumot uchun, taʼkidlash joizki, 2021-yilning 14-dekabr kuni “Honeywell” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim hamda uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolangan.
Bundan koʻzlangan maqsad korxonalarda raqamli transformatsiya jarayonlarini samarali tashkil etish, ishlab chiqarish jarayonlaridagi ortiqcha xarajatlarni kamaytirish uchun raqamlashtirilgan hisob va nazoratni yoʻlga qoʻyish, ishlab chiqarish shaffofligini taʼminlash hamda sohada ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy qilishdan iborat.Eslatib oʻtamiz, Ishchi guruhi tomonidan bundan avval “Oʻzbekneftgaz” AJ Muborak, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari, Muborak gazni qayta ishlash zavodi va Shoʻrtan gaz kimyo majmasida joriy etilgan avtomatlashtirilgan tezkor dispetcherlik boshqaruv tizimi (ASODU) va uning imkoniyatlari oʻrganilgan edi.
“Buxoro NQIZ” MCHJ Matbuot xizmati