Mamlakatimizda suv yetishmovchiligi bilan bog'liq vaziyat yildan-yilga murakkab tus olyapti. Buni yurtimizda oxirgi o'n yilda suv resurslari hajmi 12 foiz, 2020 yilda avvalgi yildagiga nisbatan 15 foiz kamaygani ham tasdiqlaydi. Joriy yil sug'orish mavsumida suv ta'minoti me'yorga nisbatan 25 foiz kam bo'lishi kutilmoqda. Shunday bir sharoitda suv isrofiga umuman yo'l qo'ymaslik hayotiy zaruratga aylanadi.
Prezidentimiz raisligida shu yil 24-fevral kuni qishloq va suv xo'jaligi sohasida joriy mavsumda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ekinlardan olinadigan daromadni keskin ko'paytirish va suvdan oqilona foydalanish tarmoqda eng asosiy masala bo'lishi zarurligi belgilab berildi.
Farg'ona viloyatida sug'oriladigan ekin maydonlari qo'shni davlatlardan oqib keluvchi Norin, Isfayramsoy, Shohimardonsoy, So'x va Isfara daryolariga bog'liqligi sababli ularni suv bilan ta'minlash muhim masalalardan biri bo'lib, uni tejash, har tomchisidan oqilona foydalanish yanada dolzarblik kasb etadi. Shu bois, Prezidentimizning 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo'jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni o'z vaqtida bajarish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
— Ekin agrotexnikasi paytida suvga bo'lgan talab ortadi, — deydi Farg'ona viloyati hokimi o'rinbosari Alibek Tursunov. — Bu vazifani hal etish uchun, albatta, yangi texnologiyalarni qo'llash talab etiladi. Joriy yilda viloyatimizdagi 44,5 ming gektardan ortiq ekin maydonda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanish rejalashtirilmoqda. Samarali usulda paxta va g'alla yetishtirgan fermer xo'jaliklari tomchilatib va yomg'irlatib sug'orishning o'ziga xos afzalliklarini amalda ko'rishyapti. Bu borada innovatsion loyihalarni qo'llash, avvalo, suv tanqisligining oldini olsa, ikkinchidan, qimmat bo'lgan mineral o'g'it, mexanizatsiya xizmatlari, yoqilg'i xarajatlarini kamaytirish imkoniyatini beradi.
Innovatsion loyihalarni joriy etish kengaymoqda
Farg'ona tumanidagi “Chimyon shuhrati” fermer xo'jaligi bu yo'nalishda o'ziga xos tajriba to'plagan. Xo'jalikda 2019 yilda 20 gektar maydonda tomchilatib sug'orish texnologiyasi joriy etildi. Bir gektar maydonga 16 million so'm xarajat qilingan bo'lsa, uning 8 million so'mi davlat subsidiyasi orqali qoplab berildi. Bankdan olingan 320 million so'm kreditning 10 foizi esa Xo'jalikda 2019 yilda 20 gektar maydonda tomchilatib sug'orish texnologiyasi joriy etildi. Bir gektar maydonga 16 million so'm xarajat qilingan bo'lsa, uning 8 million so'mi davlat subsidiyasi orqali qoplab berildi. Bankdan olingan 320 million so'm kreditning 10 foizi esa Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi hisobidan qoplandi. Shuningdek, fermer xo'jaligi 5 yil muddatga yer solig'idan ozod qilindi.
— Suvni tejovchi texnologiyalar kutilganiga nisbatan ancha yuqori hosil olish imkoniyatini berdi, — deydi fermer xo'jaligi rahbari Shuhratjon Qayumov. — Avvallari ekinlarni sug'orishga 35-40 kun sarflangan bo'lsa, tomchilatib sug'orish yo'lga qo'yilganidan so'ng 4-5 kun kifoya bo'lmoqda. Eng asosiysi, vaqt, mablag', ishchi kuchi tejaladi, daromad miqdori sezilarli darajada oshadi. Bu yil 22 gektar g'alla maydonida yomg'irlatib sug'orish texnologiyalaridan foydalanamiz. Muhimi, fermerlar va erdan foydalanuvchilar o'rtasida olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida innovatsion loyihalarga qiziquvchi xo'jaliklar soni ortib bormoqda.
— Korxonamiz suv tejovchi texnologiyalar olib kelish va o'rnatish bilan shug'ullanadi, — deydi “Belkontitour” MCHJ rahbari Nosirjon Rahmatullaev. — Shu kunga qadar Rishton, Yozyovon, Quva tumanlarida paxtachilik va bog'dorchilik xo'jaliklarida 300 gektardan ortiq yerda tomchilatib va yomg'irlatib sug'orish jihozlari o'rnatildi. Bu yil esa suv yetib borishi qiyin bo'lgan 1500 gektar ekin maydonida qulay va tejamkor qurilmalarni ishga tushiramiz. Istiqbolli loyihalar yillar davomida suvsizlikdan qurib, qaqshab yotgan dasht erlarga yangi hayot nafasini olib kiradi, so'lim bog'-rog'lar bo'y ko'rsatishga imkoniyat beradi.
Suv sarfini tejash, yuqori hosildorlikka erishishda yerning tekisligi muhim ahamiyatga ega. Har bir hududda lazerli uskuna yordamida ekin maydonlarini tekislash hisobiga suv sarfini kamaytirish bo'yicha bittadan namunaviy loyihani amalga oshirish belgilangan.
— Zamonaviy texnologiyalarning bir necha turi bor, — deydi “Sirdaryo-So'x” irrigatsiyalar tizimlari havza boshqarmasi bo'lim boshlig'i Foziljon Rasulov. — Ana shulardan biri diskretli–pulsar sug'orish texnologiyasi. U quduqlar orqali yer ostidan tortib olinayotgan suvni va elektr energiyasini tejash imkoniyatini beradi. Bu jarayonda quduqdan chiqayotgan suv ariqqa tushirilmasdan polietilen quvurlar orqali to'g'ridan-to'g'ri ekin maydoniga olib boriladi. Qolaversa, muayyan hududda ekinlarni er ostidan sug'orish usuli ham sinab ko'rilyapti. Ekinlarga tomirdan kerakli miqdorda namlik berish ham zamonaviy texnologiyalar sirasiga kiradi.
Qo'shtepa tumanidagi “Fergana Global Textile” klasteri Markaziy Farg'ona cho'l hududidagi unumdorligi past erlarni tanlab olib, Isroilning “Netafin” korxonasi bilan tomchilatib sug'orish tizimini joriy etdi. Ayni kunda 213 gektar maydonda ana shunday innovatsion loyiha qo'llanilmoqda. Asosiy maqsad - shu kunga qadar 20 tsentnergacha hosil olingan maydonlardagi hosildorlikni 50 tsentnerga etkazish. Ahamiyatli yana bir jihati, Andijon qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutlarini bitirib kelgan yigit-qizlarga bu borada amaliy tajribaga ega mutaxassislar biriktirib qo'yildi.
Butlovchi qismlar mahalliylashtiriladi
Farg'ona shahridagi “Palma invest” mas'uliyati cheklangan jamiyati bu borada yangi loyiha ustida ish olib bormoqda. Ishlab chiqarish tarmog'ida bir kunda 16 dan 400 mm diametrgacha bo'lgan 4 tonnadan ortiq polietilen quvurlar, elim tasmalar tayyorlanadi.
— Mahsulotlarimizga bo'lgan talab kun sayin ortib bormoqda, — deydi ish boshqaruvchi Nodirbek Nishonov. — Har bir fermer, dehqon xo'jaligi talab va istaklarini hisobga olib mahsulot ishlab chiqaramiz. Texnologiyalarni ekin maydonlariga joylashtirishga yordam beramiz.
Shu kunga qadar tomchilatib sug'orish jihozlari uchun kerakli bo'lgan butlovchi qismlarning asosiy qismi chetdan olib kelingan. Bu ko'p vaqt va mablag' talab etadi. Yangi ishlab chiqarish tarmog'i ovoragarchiliklarga barham berdi, mahsulot tannarxini 15 foizgacha arzonlashtirdi.
Sirasini aytganda, tejamkor texnologiyalar vositasida sug'orish orqali suv, mineral o'g'it, ish haqi, agrotexnik xizmatlar uchun xarajatlar sezilarli darajada qisqaradi. Bu fermer xo'jaliklarining iqtisodiy jihatdan barqarorligini yaxshilash, daromad olish imkoniyatlarini kengaytirishga ham xizmat qiladi.
Rasuljon KAMOLOV,
jurnalist
Sherzod Qoraboyev olgan suratlar.