Ayrim isteʼmolchilar tomonidan ushbu “aqlli” gaz hisoblagichlar noreal qarzdorlik va penya uchun oʻchirib qoʻyilmoqda mazmunidagi murojaat hamda izohlar qoldirilmoqda.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan, “Hududgaztaʻminot” AJ quyidagilarni maʼlum qiladi:

2021-yilning yakuniga qadar respublika miqyosida barcha toifadagi tabiiy gaz isteʼmolchilari uchun 3 546 148 ta elektron hisoblagichlarni oʻrnatish hamda tizimni toʻliq ishga tushirish belgilangan.

Bugungi kunga qadar, respublika miqyosida jami 769 200 dan ortiq tabiiy gaz isteʼmolchilari xonadonlariga elektron gaz hisoblagichlari oʻrnatilib, “BillingGaz” tizimiga ulandi. Gaz hisoblagichlarning aksariyati “qizil” hududlar maqomi berilgan tuman va shaharlarda oʻrnatilmokda. Avval xabar berganimizdek, tabiiy gaz isteʼmoli va debitor qarzdorligi hamda yoʻqotish koʻrsatkichi yuqori boʻlgan respublikamizning 22 ta tuman va shaharlari “qizil” hududlarga kiritilgan.

Misol uchun, Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota va Qibray tumanlarida 135 709 ta zamonaviy gaz hisoblagichlar oʻrnatildi va 2020-yilning oktyabr oyidan boshlab ushbu hudularda ASKUG tizimi toʻliq joriy etildi. Oʻrnatish jarayonida 3 ta tumanda qoʻshimcha 10 465 ta aholi isteʼmolchilar aniqlandi.

2019-yil 4-choragida ushbu hududdagi isteʼmolchilarga 327,4 mln.kub.m gaz yetkazib berilgan boʻlib, shundan 161,3 mln.kub.m yoki 49 foizi miqdoridagi tabiiy gaz egasi topilmagan boʻlsada, yangi xisobdonlar urnatilgandan sung 2020-yilning mos davrida bunday holat kuzatilmadi.

Yangiyoʻl tumani va Yangiyoʻl shahridagi holatga toʻxtaladigan boʻlsak, hozirgi kunda jami 55 641 ta axli isteʼmolchisi mavjud bulib, shulardan 16 970 tasiga zamonaviy gaz hisobdon oʻrnatilgan. Isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorlik 2 mlrd 401 million soʻmdan ortiqni tashkil etmoqda.

Jumladan, Yangiyoʻl tumanidagi xonadonlarida issiqxonalar mavjud boʻlgan “Darxon” mahallasi misolida oladigan boʻlsak, mahallada 337 ta isteʼmolchi boʻlib, 2019-yilning dekabr oyida 68,6 mln. soʻmlik jami 180,5 ming kub.metr tabiiy gaz yetkazib berilib, undirilgan mablagʻ atigi 48,2 foizni tashkil etgan. 2020-yil mazkur mahallaga toʻlik zamonaviy hisobdonlar oʻrnatilib, natijada joriy yilning yanvar oyi holatiga koʻra, 110,9 mln. soʻmlik 288,3 ming kub metr (2019-yil dekabr oyiga nisbatan 4,2 barobar koʻp) tabiiy gaz yetkazib berilib, tushum koʻrsatgichi 215,3 foizni tashkil qilmoqda. Shu kabi misollarni “qizil” hududdagi boshqa mahallalar misolida yana keltirish mumkin.

Qizil hududga kirgan tuman (shahar)lardagi gaz taʼminotchisi va isteʼmolchilar orasidagi munosabatlarni mustahkamlash, tizimda shaffoflikni taʼminlash maqsadida, yangicha toʻlov intizomi joriy etilmoqda. Bunda gaz yetkazib beruvchi xizmatlarni sifatli va toʻliq hajmda taqdim etadi hamda xaridor, bizning holatda esa, isteʼmolchi xizmat uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda toʻlab boradi.

Shuning uchun, isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorligi boʻlgan isteʼmolchilarga tarmoqdan avtomatik tarzda oʻchirilishlaridan 3 kun avval, gaz hisoblagich oʻrnatilayotgan vaqtda imzolangan shartnomaga isteʼmolchi tomonidan taqdim etilgan telefon raqamiga ogohlantirish SMS xabarlar yuborilmoqda va tizim yangi joriy etilayotganini hisobga olgan holda, bu kabi SMSlar bir necha marta isteʼmolchilarga joʻnatilmoqda.

Ogohlantirishlariga qaramay, toʻlovlarni amalga oshirmagan isteʼmolchilar uchun gaz taʼminoti avtomatik tarzda toʻxtatilmoqda. Shu bilan birga, isteʼmolchilar orasida noreal qarzdorlik hisoblanishi oqibatida gaz taʼminotidan uzilish boʻyicha masalalar yuzaga kelmoqda.

Yuqoridagi holatlar boʻyicha isteʼmolchilarning barcha murojaatlari mutaxassislar tomonidan koʻrib chiqilmoqda. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bunday holatlar paydo boʻlishida asosan, avvallari gaz hisoblagichdagi koʻrsatgichlarning “BillingGaz” tizimiga notoʻgʻri kiritilganligi, xisobdonlar nosozligi va boshka sabablar tufayli yuzaga kelgan. Bundan tashqari, noreal qarzdorlik boʻyicha shikoyat qilayotganlar orasida avval oʻrnatilgan hamda ASKUG tizimini qoʻllab-quvvatlamaydigan maishiy gaz hisoblagichlardagi koʻrsatkichlarni “orqaga” qaytarganlar ham aniqlanmoqda.

Hozirda “Hududgaztaʻminot” AJ va tizimdagi barcha boʻlinmalar hamda tegishli xodimlar tomonidan yuqoridagi kabi har bitta holat, isteʼmolchilar taqdim etgan toʻlov kvitansiyalari asosida chuqur oʻrganilib, “BillingGaz” tizimidagi mavjud qaydlar bilan solishtirib chiqilmoqda. Noreal qarzdorlik tasdiqlangan holatda, kerakli hujjatlar asosida dalolatnoma rasmiylashtirilib, tizimga oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Shuni alohida qayd etish lozimki, mutaxassislar tomonidan “BillingGaz” tizimiga asossiz va oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishlar kiritish noqonuniy xatti-harakat hisoblanadi.

Eslatib oʻtamiz, 2020-yil 1-avgust sanasidan tabiiy gaz isteʼmolchilari “Hududgaztaʻminot” AJ tasarrufiga oʻtkazildi. Shu sanaga qadar amalga oshirilgan hisob-kitoblarga oʻzgartirishlar kiritish uchun avval mazkur xizmat uchun masʼul boʻlgan tashkilotlar bilan birgalikda zarur choralar koʻrilmoqda.

Murojaatlardagi penya hisoblanishi masalasiga toʻxtaladigan boʻlsak, shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda (har oyning 10 sanasigacha) yetkazib berilgan gaz qiymati oʻz vaqtida toʻlanmagan taqdirda isteʼmolchi yetkazib beruvchiga gaz yetkazib berish yuzasidan shartnomadagi fuqarolik-huquqiy javobgarlikka muvofiq penya toʻlaydi. Shartomaga kura, penya isteʼmolchi tamonidan yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun toʻlov oʻz vaqtida toʻlamagan taqdirda muddati oʻtgan har bir kun uchun 0,1 foiz miqdorida, lekin muddati oʻtgan toʻlov summasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda toʻlaydi.

“Hududgaztaʻminot” AJ tomonidan zamonaviy gaz hisoblagichlar oʻrnatilib, ularni ASKUG tizimiga ulash ishlari jadal davom etmoqda. Qoʻshimcha qulayliklar yaratish va gaz taʼminoti tashkilotlarida katta navbatlarning oldini olish maqsadida, tabiiy gaz boʻyicha hisob-kitobni yuritish “onlayn” tizimga oʻtkazilmoqda. Isteʼmolchilarda bahsli holatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, qimmatli vaqtni tuman yeki shahar gaz bulimlariga qatnab zoye ketkazmay, oʻz shaxsiy kabinetlari orqali tabiiy gaz isteʼmoli, amalga oshirilgan toʻlov va mavjud penyalar holatini “onlayn” tarzda nazorat qilib borishlari mumkin. Bundan tashqari, foydalanilgan tabiiy gaz uchun toʻlovlarni uydan chiqmasdan “Payme”, “Paynet”, “Slick”, “U-Pay” va “Oson” mobil ilovalaridan biri orqali tez va oson amalga oshirish mumkin.

Isteʼmol qilingan tabiiy gaz toʻlovlaridan “tejash” maqsadida, gaz hisoblagich koʻrsatgichlarini “orqaga” aylantirmaslikka, ularning ushbu xatti-harakatlari noqonuniyligi hamda bu kabi qonunbuzarliklarning salbiy oqibatlari toʻgʻrisida ogoh boʻlishlari lozimligi haqida “Hududgaztaʻminot” AJ yana bir bor eslatib oʻtdi.