Qarorga koʻra, 2021-yil 1-oktyabrgacha:

- Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasida 1 mlrd soʻmdan kam mablagʻ shakllangan tuman va shaharlar uchun qoʻshimcha 57,9 mlrd soʻm; 
- “Ochiq byudjet” axborot portali orqali kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq boʻlgan tuman va shaharlarga qoʻshimcha 59,5 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.

2022-yil 1-yanvardan tuman va shaharlar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yoʻllarni taʼmirlashga yoʻnaltiriladi.

Tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan har chorakda chorakdan keyingi oyning 25-sanasiga qadar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish boʻyicha maʼlumotlar rasmiy veb-sayt va “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirib boriladi.

Shuningdek, fuqarolarning tashabbusli byudjetlashtirish jarayoniga jalb etilishi darajasi boʻyicha hududlar reytingi joriy etiladi. 

Har bir mahalla va ovulda “Ochiq byudjet” axborot portalida taklif qoldirish va ovoz berish jarayoniga koʻmaklashuvchi “mobil” guruhlar hamda “tashabbuskorlar burchagi” tashkil etiladi.