«Mening niyatim – yoshlarimiz talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha dunyoda raqobatdosh boʻlsin, kerak boʻlsa, boshqalardan bir pogʻona ustun tursin. Ushbu maqsadga erishish yoʻlida kasbiy taʼlimning eng muhim boʻgʻini boʻlgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz», – dedi Prezidentimiz.
Buning uchun 2026-yildan boshlab har yili kamida 100 tadan texnikum toʻliq taʼmirlanib, texnologik va talab yuqori boʻlgan kasblarga mos holda jihozlab boriladi.
Germaniya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilgʻor taʼlim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi.
2026-yilda 7 ta viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari hududdagi boshqa texnikumlar uchun metodik va amaliyot bazasi sifatida faoliyat yuritsa, “Kasblar shaharchasi” maktab oʻquvchilarini qurilish, servis, qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yoʻnaltirishga xizmat qiladi.
Texnikum va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlik ham yangi bosqichga olib chiqiladi.
Xususan, “dual taʼlim” asosida oʻqitishni samarali tashkil qilgan korxonalarga 7-yil muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Tadbirkorlik reytingida qoʻshimcha 5 ball beriladi.
Korxonalar ishga olgan texnikum oʻquvchisi uchun 1 foizli ijtimoiy soliq imtiyozi yana uch yilga uzaytiriladi.
Shuningdek, 2026-yildan boshlab texnikumlarda “dual taʼlim” asosida taʼlim olayotgan 100 ming oʻquvchiga ilk bor stipendiya toʻlanadi. “Aʼlo” baholarga oʻqiyotgan, tanlagan kasbini puxta egallayotgan oʻquvchilarga esa oshirilgan miqdordagi stipendiyalar beriladi.