Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Nukus shahrida “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi” hamkorligida turli loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Step to Success in English - Language Teaching Workshop” mavzusida tashkil etilgan bir qator seminar-treninglar bunga yaqqol misoldir.
Tadbirlarga xalqaro darajadagi TESOL, CELTA sertifikatlarini qoʻlga kiritgan, Angliya, Germaniya, AQSH kabi davlatlarda tajriba orttirgan va nodavlat taʼlim muassasalarda faoliyat yuritayotgan tajribali trenerlar jalb etildi.
100dan ortiq ingliz tili oʻqituvchilari guruhlarga boʻlingan holda quyidagi mavzular boʻyicha amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etdi:
— “Active learning and effective writing in EFL classrooms”
— “Effective listening” - “Implementing integrated skills in EFL lessons”
— Ushbu loyihaning eʼtiborli jihati oʻqituvchilar maʼruzalar tinglamaydi, aksincha, oʻquvchi sifatida interfaol tarzda tashkil etilgan mashgʻulotlarda darslarni qiziqarli va foydali oʻtishga qaratilgan koʻplab usullarni oʻzlashtirishadi» — deydi loyiha treneri Tursungul Utiniyazova.
Shuningdek, marafon doirasida olis hududlarda joylashgan maktablarning 50 nafar chet tili oʻqituvchilari uchun BEPUL xalqaro IELTS test sinovlari tashkil etildi.
Barcha imtihon materiallari Sambridge Assessment tashkiloti tomonidan tayyorlandi va endilikda natijalar Prestesting dasturi doirasida xalqaro ekspertlar tomonidan baholanadi.
— Bu loyiha biz uchun juda foydali boʻldi, avvallari bunday testlarni pulga sotib olardik va mahalliy ustozlar tomonidan tekshirilardi. Biz haqiqiy imtihon muhitini his etdik» — deydi tadbir ishtirokchilaridan biri.
Loyiha davomida “Better you” mavzusida motivatsion va amaliy maslahatlar berish boʻyicha maxsus seminar ham tashkil etildi.
Ushbu tadbirda xalqaro tajribaga ega, Toshkent shahridagi eng nufuzli va sifatli taʼlim beruvchi muassasalardan biri “RIKS Education” oʻquv markazining katta oʻqituvchisi Ahmad Qodirov oʻzining mualliflik dasturi bilan ishtirok etdi.
Til oʻrganish jarayonida qiyinchiliklarni yengib oʻtish, testga mustaqil tayyorlanish, sifatli resurslardan foydalanish kabi koʻplab maslahatlar berildi. Faol ishtirokchilarga sovgʻalar taqdim etildi.
Tadbirda “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazmun va mohiyati, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasida joylashgan 17 ta chet tiliga ixtisoslashtirilgan maktablarning direktorlari uchun Agentlikning LLL (Language learning lab) loyihasi haqida toʻliq maʼlumot berildi.
Tadbirda 200 dan ortiq oʻqituvchilar, 100ga yaqin oʻquvchilar ishtirok etdi.
Azimjon HUSANOV,
Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligining
direktor oʻrinbosari