Davlatimiz rahbarining 2020-yil 1-mayda qabul qilingan “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, statistik koʻrsatkichlar va soʻrovnomalar natijalari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi joriy etilgan. Bunda iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, ishsizlikni kamaytirish, aholi turmush sifatini yaxshilash kabi jihatlarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Natijalar asosida reyting koʻrsatkichlarini aniqlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kesimida amalga oshiriladi.
2021-yil yakunlari boʻyicha tezkor maʼlumotlarga binoan, Navoiy, Andijon, Samarqand viloyatlari yuqori pogʻogʻonalarni egallagan. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berar ekan, 2020-yil yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan oʻtgan yilgi reyting bilan taqqoslaganda, hudud katta oʻsishga erishib, 7 pogʻonaga koʻtarilganligi eʼtirof etgan.
2021-yil yakunlari boʻyicha reytingda soʻngi oʻrinlarda Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari qayd etilgan.