Deputatlar koʻrib chiqqan qonun loyihasiga koʻra, hujjati boʻlmagan uylar “snos” ga tushganda, ularga ham kompensatsiya toʻlab berish taklif etilmoqda. Bunda daʼvogar mulkka 15 yil davomida oshkora va uzluksiz egalik qilgan hamda soliqlarni toʻlagan boʻlishi lozim. Loyiha qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Loyihaning 23-moddasi 5-qismida olib qoʻyilishi rejalashtirilgan hududdagi yer uchastkasida joylashgan, huquqni belgilovchi hujjatlari mavjud boʻlmagan turar joyga 15 yil davomida oʻziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxslarga, agar ushbu koʻchmas mulk obyekti uchun soliqlar toʻlab kelingani tasdiqlansa, ularga mazkur koʻchmas mulk obyektlarining qiymati kompensatsiya qilib berilishini nazarda tutuvchi norma bilan toʻldirildi.

Aholi punkti yerlari toifasiga kirmaydigan yerlarda, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda va muhofaza etiladigan hududlarda joylashgan yer uchastkalari bundan mustasno.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilinib, Senatga yuborildi, deb xabar bermoqda Ogoh.uz