— Hukumat hamda investorlar oʻrtasida ochiq va samarali muloqotning yoʻlga qoʻyilgani barqaror iqtisodiy taraqqiyotning asosiy kalitidir. Shu sababli bugungi zamon bilan hamnafas qadam tashlab, oʻz oldimizga aniq rejalarni qoʻyishga va saʼy-harakatlarimizni yanada uygʻunlashtirishga chaqiraman, — dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari kengash doirasida toʻrtta yoʻnalishda ishchi guruhlarni tashkil etish va ularni toʻliq amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.
Birinchidan, kapital bozorini rivojlantirish. Bu yoʻnalishda xorijiy investorlarning talablariga toʻla javob beradigan xalqaro moliya markazini rivojlantirish uchun ichki va tashqi kapitalni keng jalb etishga asosiy eʼtiborni qaratish lozimligi taʼkidlandi.
Ikkinchidan, masʼuliyatli biznes yuritish. Bu borada iqtisodiyot barqarorligi, shaffofligi va ochiqligini taʼminlashga qaratilgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tegishli tamoyillarini keng joriy etish dolzarb vazifadir.
Uchinchidan, muqobil investitsiyalarni ragʻbatlantirish. Bunda startap, innovatsion loyihalar, birgalikdagi sarmoyalarni koʻpaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Venchur investitsiyalar toʻgʻrisida”gi yangi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish katta ahamiyatga ega.
Toʻrtinchidan, investorlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish. Xorijiy investorlar bilan davlat organlari oʻrtasidagi barcha xizmatlarni amalga oshirish uchun mukammal elektron platformani ishlab chiqish va amaliyotga keng joriy etish vaqti kelgani taʼkidlandi. Bu investorlarni qiynayotgan kompleks muammolarni oʻz vaqtida va tizimli hal etishga imkon beradi.