Birinchi holat boʻyicha:

Amaldagi vaziyat: “Aziya Invest Favorit” MCHJ tomonidan 1 ming 106 nafar fuqaro bilan umumiy maydoni 61 ming 766 kv metr boʻlgan xonadonni sotish boʻyicha shartnomalar imzolangan va fuqarolar tomonidan 163,4 mlrd soʻm naqd pul toʻlangan.

Bugungi kunga qadar 1 ming 106 nafar fuqarodan 1 ming 60 nafari Bosh prokuraturaning tergov guruhi tomonidan jabrlanuvchi sifatida soʻroq qilinib, shartnoma va toʻlov kvitansiyalarining haqqoniyligi oʻrganilgan. Qolgan 46 nafar fuqaro hali tergovchilarga kelib uchrashmagan (soʻroq qilinmagan). 1 ming 106 nafar fuqarodan 321 tasi (29 %) shartnomada koʻrsatilgan summani 100 foizini, 202 nafar (18 %) 70 foizdan yuqori qismini, 298 nafar (27 %) fuqaro 50 foizdan – 70 foizgacha qismini, 228 nafar (21 %) fuqaro 30 foizdan – 50 foizgacha boʻlgan qismini, 51 nafar (5 foiz) fuqaro 30 foizgacha boʻlgan qismini toʻlagan. 6 nafar fuqaro umuman pul toʻlamagan.

Muammoni hal qilish yuzasidan takliflar:

I variant:

1. Loyiha ishlari – topshiriqqa muvofiq muammoni hal qilish uchun Bektemir tumani “Iyk ota” massividan 11,4 getkar boʻsh yer maydoni tanlandi va 1-bosqichda ushbu yer maydonining 4,4 gektariga umumiy maydoni 61 ming 766 kv metr boʻlgan 1 ming 104 xonadonli 16 ta 9 va 12 qavatli temir-beton quyma monolit tipdagi uylar qurish boʻyicha loyiha taklifi tayyorlandi.

2. Infratuzilma bilan taʼminlash – quriladigan 
uy-joylarning tannarxini arzonlashtirish maqsadida massivning muxandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi va obodonlashtirish ishlarini respublika byudjetidan amalga oshirish taklif etiladi.

Shuningdek, massiv hududida mahalliy byudjetdan ajratilayotgan 29 mlrd. soʻm mablagʻ hisobidan 990 oʻrinli umumtaʼlim maktabi joriy yilda foydlanishga topshiriladi.

Bundan tashqari ushub massivda bogʻcha ham quriladi.

3. Qurilish ishlari – mazkur hududda koʻp qavatli uylarni qurish uchun sohadagi yirik pudrat tashkilotlarining takliflar qabul qilindi.

Ular orasidan “Oʻzshahar qurilish invest” kompaniyasi, “Yangi zamon” MCHJ, “Gold step invest” MCHJlar tanlab olindi.

Koʻp qavatli uy-joylar qurilishini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, ekspertizadan oʻtkazish ishlari joriy yil 1-oktyabrga qadar yakunlanadi.

Qurilish ishlari loyiha ishlari bilan parallel ravishda olib borishga ruxsat berilsa joriy yil 10-avgustdan boshlab yuboriladi va uylar 2024-yil yakuniga qadar toʻliq foydalanishga topshiriladi.

Hukumat komissiyasiga jabrlangan fuqarolarga qurib beriladigan uy-joylarning 1 metr kvadrati narxi 6 million soʻmdan oshmasligi topshirildi.

4. Qurib bitkazilgan uy-joylarni jabrlangan fuqarolarga taqsimlash:

– avvalgi pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnomaga asosan 100 foiz pulini toʻlagan (320 nafar) fuqarolarga begʻaraz beriladi;

– shartnomaga asosan belgilangan mablagʻni bir qismini toʻlagan fuqarolarga ham uy beriladi, lekin shartnomadagi xonadon maydonining toʻlanmagan qismiga har bir kv metr maydon uchun qoʻshimcha tarzda toʻlov qilishadi;

– jabrlanuvchi fuqarolar tomonidan avvalgi pudrat tashkiloti bilan tuzilgan investitsiya shartnomasiga asosan sotib olingan xonadonning umumiy kvadrat metri oʻzgargan taqdirda, uning oshgan qismi boʻyicha har bir kvadrat metrga qurilish tannarxida qoʻshimcha toʻlov amalga oshiriladi.

Pulini qaytarib olish istagida boʻlgan fuqarolarga toʻlagan pul mablagʻlari tergov-sud jarayonlari yakunlangandan keyin pudrat tashkilotining davlat foydasiga tergov jarayonida xatlangan mol-mulklarni sotish evaziga tushgan mablagʻlar hisobidan qaytarib beriladi (tergov va sud jarayonlari muayyan vaqt olishi mumkin).

II variant:

1. Loyiha ishlari – “Iyk ota” massividan 11,6 getkar boʻsh yer maydonida 2 ta bosqichda umumiy maydoni 226 ming kv metr boʻlgan 3 ming 120 xonadonli 34 ta 9, 12 va 16 qavatli temir-beton quyma monolit tipdagi uylar qurish boʻyicha loyiha taklifi tayyorlandi.

2. Infratuzilma obektlari respublika byudjetidan qilib beriladi (113 mlrd soʻm).

3. Qurilish ishlari – “Oʻzshahar qurilish invest” IK, “Yangi zamon” MCHJ, “Gold step invest” MCHJ tomonidan quriladi.

4. Qurib bitkazilgan uy-joylarni jabrlangan fuqarolarga taqsimlash 1-variantdagi kabi amalga oshiriladi.

6. Nazorat tizimi – uy-joy loyihasi va qurilish ishlariga qurilish va kommunal xoʻjalik vazirining oʻrinbosari Adilov Davron Qobuljanovich hamda qurilish ishlarining sifatiga Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat inspeksiyasi rahbari Kozim Nosirovich Toʻlaganov masʼul boʻladi.

Qurilish ishlari yakuniga yetkazilgunga qadar Hukumat komissiyasi doimiy nazorat qiladi va muammoli masalalarni hal qilib boradi.