Amaldagi vaziyat: Toshkent shahar hokimligining 2018-yil 2-oktyabrdagi 1404-son qarori bilan Yashnobod tumani, Izzat koʻchasi, 58-uy manzilida joylashgan “Suvsoz” DUKga qarashli hududdan 5,2 gektar yer maydoni 1 ming 120 ta xonadonli 8 ta 7 qavatli uy-joylar qurish uchun “Aziya Invest Favorit” MCHJga ajratilgan.
Bugungi kunda pudrat tashkiloti ajratilgan 5,2 gektar yer maydonida 1 ming 513 ta xonadonli 8 ta 7 qavatli (mansarda bilan birgalikda) uy-joylar qurilishi olib borilib, 4 tasida (3,4,5,6-uylar) qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgan.
Qolgan 4 ta uyda (1,2,7,8-uylar) qurilishi tugallanmasdan qolgan. Hozirda pudrat tashkilotining boshqa mol-mulkini sotish orqali tushgan mablagʻlar hisobidan ushbu 4 ta uyda qurilish ishlari davom ettirilmoqda (oʻrtacha 90 foizga bajarilgan).
Yuzaga kelgan muammo:
– 1 ming 513 ta xonadondan 1 ming 409 tasi boʻyicha fuqarolar bilan investitsiya shartnomalari tuzilgan boʻlib, atigi 260 ta fuqaroga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib berilgan xolos. Qolgan 1 ming 162 ta xonadon muammoli boʻlib turibdi;
– jami 608 ta xonadon fuqarolarni xabardor qilmasdan pudrat tashkiloti rahbari X. Xatamov tomonidan oʻziga tegishli 17 ta tadbirkorlik subyektiga 8 ta bankdan turli maqsadlarda ajratilgan 211 mlrd soʻm kredit mablagʻlari uchun garov taʼminoti sifatida qoʻyib yuborilgan.
Shundan, 122 ta xonadon bank balansiga olingan, 112 ta xonadon bank balansiga olinib sotib yuborilgan, qolgan 374 ta xonadon bankda garovda turibdi;
– 133 ta xonadon 2 ta shaxs (yakka tadbirkorlar va fuqarolar) nomiga shartnoma berilib, sotib yuborilgan;
– 72 ta xonadon soliq organlarida taqiqda boʻlgani uchun kadastr rasmiylashtirilmagan;
– 459 ta xonadonda qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagan.