Mazkur dastur koronavirus pandemiyasining Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy taʼsirini bartaraf etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyatini tiklash hamda iqtisodiy islohotlarni yana-da chuqurlashtirish uchun sharoit yaratish maqsadida tasdiqlangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan boshqa vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda iqtisodiyot tarmoqlari hamda sohalarida tarkibiy oʻzgarishlarni tiklash va davom ettirish boʻyicha quyidagilarga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan:

2020-yilda iqtisodiyot asosiy sektorlarining rivojlanishini saqlashga va 2021-yildan boshlab barqaror iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichini 5,0-5,5 foiz darajasida taʼminlashga yoʻnaltirilgan makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish va bozor institutlarini isloh qilishni davom ettirish;

Birinchi navbatda, inqirozdan keyingi rivojlanish davrida banklarni transformatsiya qilish va bank xizmatlaridan foydalanish samaradorligini hamda ularning sifatini oshirishni taʼminlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan islohotlarni jadallashtirish;

Aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini birinchi marta amalga oshirayotgan shaxslarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha dasturiy chora-tadbirlarni kengaytirish orqali ichki talabni ragʻbatlantirish va kambagʻallikni qisqartirish;

Sanoat va raqobat siyosatini, jumladan, mahalliy ishlab chiqarish mahsulotlariga ichki talabni ragʻbatlantirish, tarmoqlapapo kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, sanoatning strategik tarmoqlari korxonalarida islohotlarni davom ettirish asosida takomillashtirish;

Investitsiya jarayonlarini, birinchi navbatda mahalliy investorlarning infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish va qoʻshilgan qiymatning ishlab chiqarish “zanjirlari”ni yaratish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishdagi ishtirokini ragʻbatlantirish uchun ichki manbalarni kengaytirish yoʻli bilan faollashtirish;

Eksport qiluvchi korxonalarni qoʻshimcha moliyaviy qoʻllab-quvvatlash orqali, shu jumladan savdoni moliyalashtirishning zamonaviy vositalaridan foydalanishni kengaytirish, mahalliy mahsulotlarni yangi eksport bozorlariga yetkazib berishni kengaytirishda savdo vositachilik tashkilotlarini ragʻbatlantirish hisobiga tashqi iqtisodiy faoliyatni ragʻbatlantirish va eksport qiluvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash;

Davlat xaridlari tizimida xusysiy tadbirkorlik sybyektlarining ishtirokini kengaytirish, hududlardagi kichik sanoat zonalarini ularga ishlab chiqarish va transport infraryzilmasi obyektlarini oʻtkazish uchun qoʻshimcha moliyaviy resurslarni ajratgan holda rivojlantirish asosida ishbilarmonlik va raqobat muhitining qulayligini oshirish, xusysshy tadbirkorlikni rivojlantirish;

Hududlarda aholiga kompleks xizmatlar koʻrsatadigan savdo tashkilotlari tarmogʻini rivojlantirish, mahalliy mobil aloqa operatorlarining davlat aktivlarini bosqichma-bosqich sotish va qishloq joylarda telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirishga xusysiy investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, 2021-yilda barcha ijtimoiy muassasalar, qishloq aholi punktlari va mahallalarni yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmogʻiga ulashni yakunlash hisobiga xizmatlar sohasi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiy oʻsishni tiklash va tizimli tarkibiy oʻzgarishlarni davom ettirish boʻyicha amaliy harakatlar rejasi;
  • Iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni tiklash va davom ettirish chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”.

Mutasaddi vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari rahbarlarining zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga har oyda maʼlumot kiritgan holda Harakatlar rejasi va “Yoʻl xaritasi”dagi tegishli tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish taʼminlanishi uchun masʼuliyat topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga:

  • iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari, shuningdek, hududlar kesimida “Yoʻl xaritasi” doirasidagi tadbirlarning amalga oshirilishi tizimli asosda tahlil qilinishini va ularning harakatlar rejasida belgilangan asosiy maqsad va vazifalarga erishishga taʼsirini baholashni taʼminlash;
  • zarur boʻlganda, “Yoʻl xaritasi”ga manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari bilan kelishgan holda, Harakatlar rejasini amalga oshirish samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;

Harakatlar rejasi va “Yoʻl xaritasi” doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirishga taʼsirini baholash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har oyda axborot kiritib borish vazifalari yuklatilgan.

2020-2021-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasida koronavirus pandemiyasi tarqalishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, shuningdek koronavirus infeksiyasi tarqalishi davrida aholi va iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan asosiy chora-tadbirlar, tiklanish bosqichlari va 2020-yil kutilayotgan natijalari batafsil tahlil qilingan.

Rejaning asosiy muammolari, maqsad va vazifalari, makroiqtisodiy siyosat va bozor institutlarini isloh qilish sohasidagi asosiy chora-tadbirlar tavsiflangan.

Bank sektoridagi asosiy chora-tadbirlar, ish bilan bandlikni oshirish, aholi daromadlari va qashshoqlikni kamaytirish orqali ichki talabni ragʻbatlantirish, shuningdek, ishbilarmonlik va raqobat muhitini yaxshilash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sanoat va mahalliylashtirish sohasidagi chora-tadbirlar, investitsiya muhitini yaxshilash, raqamlashtirishni rivojlantirish va eksportni kengaytirish alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha yoʻl xaritasi 163 punktdan iborat. Unda 2020-2021-yillarda iqtisodiyotning tarkibiy islohotlarini tiklash va davom ettirish boʻyicha chora-tadbirlar, amalga oshirish mexanizmlari, moliyalashtirish xarajatlari va manbalari, kutilayotgan natijalar va muddatlari batafsil bayon etilgan.

2021-yil 1-martgacha Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida qashshoqlikni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari, milliy iqtisodiyot salohiyati va qashshoqlikni kamaytirish dasturi asosida amalga oshirilgan vazifalar, shuningdek, xalqaro tajriba ijrosini monitoring qilish koʻrsatkichlarini oʻrganish rejalashtirilgan; kelajakdagi iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchlarini aniqlash; iqtisodiy oʻsishni prognoz qilish va yangi ish oʻrinlarini yaratish.

Amalga oshirish punktlaridan yana biri hududlarni kompleks va muvozanatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni baholash, tabiiy-xomashyo resurslaridan foydalanish samaradorligi, iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatni, shuningdek, hududlarni barqaror va jadal rivojlantirish uchun boshqa qiyosiy ustunliklarini Prezidentimizning shu yil 1-maydagi "Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq baholashning yagona tizimini joriy etish.

Shu munosabat bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Davlat statistika qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Jahon banki, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga birgalikda sakkizta ustuvor yoʻnalish boʻyicha statistik koʻrsatkichlarni baholash topshirildi:

  • iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik;
  • mehnat bozori samaradorligi;
  • ijtimoiy sohadagi xizmatlarning mavjudligi va sifati;
  • infratuzilmaning rivojlanishi va mavjudligi;
  • iqtisodiyotning raqobatdoshligi va diversifikatsiyasi;
  • ishbilarmonlik muhitining sifati va tadbirkorlikni rivojlantirish;
  • moliyaviy mustaqillik, bank-moliya sektorining rivojlanishi;
  • mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va maʼlumotlarning mavjudligi.

Amaliy harakatlar rejasining asosiy maqsad va vazifalari

Kelgusi davrning asosiy cheklovlari va tahdidlari quyidagilar etib belgilandi:

  1. Mahalliy mahsulotlar va xizmatlar ishlab chiqarilishining cheklanishi. Buning oldini olish uchun karantin davrida xoʻjalik faoliyatini vaqtincha toʻxtatib turish tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganlarga alohida eʼtibor berib, korxonalarning xoʻjalik faoliyatini tezroq tiklash zarur. Muammoni hal etish iqtisodiyotga moliyaviy mablagʻlarni, shu jumladan, investitsiya ssudalari boʻyicha qarzlarni uzaytirish va aylanma mablagʻlar sifatida “tez pullar”ni ajratishni talab qiladi.
  2. Aholi daromadlarining pasayishi, ishlab chiqarish zanjiridagi uzilishlar tufayli ichki talabning cheklanishi. Muammoning yechimi korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash, yangi ish oʻrinlari yaratish va tiklash, keyin esa aholi daromadlarining oʻsishi bilan bogʻliq hisoblanadi.
  3. Karantin choralarini liberallashtirish va koronavirus infeksiyasining tarqalish darajasi yuqori boʻlgan mamlakatlardan odamlarning koʻchib oʻtishiga yoʻl qoʻymaslik uchun tashqi chegaralarning yopilishi bilan koronavirus infeksiyasining aholi orasida tarqalishi xavfi. Muammoning yechimi maʼlum sanitariya-gigiyena meʼyorlari va cheklovlarining saqlanishida (ayniqsa, ommaviy tadbirlar paytida, mamlakat tashqarisidan kirganda va hokazo) va bemorlarga zarur tibbiy yordamni kengaytirishda namoyon boʻladi. Koronavirusning sayyorada tarqalishining davom etishini hisobga olib, yagona usul - bu oʻz vaqtida tashxis qoʻyish va samarali davolanishni oʻrganish hisoblanadi.
  4. Byudjet taqchilligining oshishi va tashqi davlat karzining oʻsishi, makroiqtisodiy barqarorlik xavflarining namoyon boʻlishi. Jahon ishlab chiqarishining keskin pasayishi va global iqtisodiy tiklanish istiqbollari toʻgʻrisida noaniqlikning yuqori darajasi koʻplab davlatlarni iqtisodiyotda aholini va yalpi talabni qoʻllab-quvvatlash uchun byudjet xarajatlarini (shu jumladan, tashqi qarz mablagʻlari hisobiga) koʻpaytirishga majbur qilmoqda. Tashqi qarzning oʻsishini oldini olish uchun asos yaratish, xususiy va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar uchun sharoitni yaxshilash qisqa hamda uzoq istiqbolda inqirozdan keyingi tiklanish iqtisodiyot barqaror rivojlanishining asosiy shartlari hisoblanadi. Bu, oʻz navbatida, iqtisodiyotni liberallashtirish (jumladan, energiya resurslari bozori) sohasida boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish, raqobat muhitini rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda davlat sektorining ulushini kamaytirishni talab qiladi va oʻpta muddatli istiqbolda xorijiy investitsiyalarning barqaror oʻsishiga yordam beradi.
  5. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida potensial investorlarning moliyaviy ahvoli yomonlashishi natijasida yuzaga keladigan investitsiyalarga, ayniqsa, tashqi sarmoyalarga cheklovlar. Hozirgi vaziyatda mahalliy investorlarga xorijiy investorlar bilan teng investitsiya sharoitlarini yaratib, mahalliy sarmoyadorlar uchun ragʻbatlantirish va investitsiya imkoniyatlarini kuchaytirishni talab qiladi.
  6. Jahon moliyaviy inqirozi sababli, tashqi talabning cheklanishi va oʻzbek mahsulotlarini import qiluvchi mamlakatlardagi inqiroz. Rossiya, MDH, mamlakatlari va Xitoydagi iqtisodiy pasayish Oʻzbekistondan asosiy mahsulotlar: tabiiy gaz, meva-sabzavot, toʻqimachilik, elektrotexnika, kimyoviy mahsulotlar, mineral oʻgʻitlar eksportining fizik hajmini kamayishi, shuningdek, asosiy eksport mahsulotlari: paxta va toʻqimachilik, tabiiy gaz, mis narxlarining pasayishi bilan bogʻliq. Muammo eksport geografiyasini kengaytirishni jadallashtirish, Yevropa va Osiyo bozorlariga chiqish, shuningdek, eksport qiluvchilarni ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni davom ettirish, jumladan, davlat byudjetidan transport harakatlarining bir qismini subsidiya qilish orqali bartaraf etiladi.
  7. Bandlik muammosi, jumladan, mehnat migratsiyasi imkoniyatlarining qisqarishi hamda kambagʻallikning oshishi Oʻzbekiston uchun katta tahdid hisoblanadi. Iqtisodiyotning oldida turgan hozirgi turli tahdid va muammoli vaziyatni inobatga olib, amaliy harakatlar rejasi hukumat, barcha vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining harakatlarini muvofiqlashtirish uchun:

1) Koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot va aholi uchun salbiy oqibatlarini bartaraf etish (tiklash nuqtalari);

2) Tizimli islohotlarni davom ettirish uchun sharoitlarni yaratish;

3) Iqtisodiyot rivojiga qoʻshimcha turtki beradigan yangi imkoniyatlar va zaxiralarni aniqlash (“oʻsish nuqtalari”).

Amaliy harakatlar rejasi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

Birinchi bosqich - 2020-yil oxiriga qadar - barqarorlashtirish va tiklangan oʻsish. Yuqorida aytib oʻtilgan va taklif qilingan chora-tadbirlarning toʻliq bajarilishi bilan 2020-yilga moʻljallangan koʻrsatkichlar quyidagicha baholanadi:

Yalpi ichki mahsulotning oʻsishi - 102,2 foiz (dastlabki prognoz 105,5 %), shu jumladan sanoat - 103,4 foiz (106,5 %), qishloq xoʻjaligi - 103,3 foiz (106,5%), investitsiyalar - 101,2 foiz (109,3 %); xizmatlar - 100,1 foiz (105,8 %), chakana savdo aylanmasi, umumiy ovqatlanish bilan birga - 103 foiz (105,6 %); eksport - 94,3 foiz (115,6 %).

Ushbu hisob-kitoblar Respublikada va dunyo miqyosida karantinni qayta joriy etish ehtimolini oʻz ichiga olmaydi.

Ikkinchi bosqich - 2021-yildan boshlab 5,0-5,5 foiz barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlaydigan, 2020-2021-yillar davomida koronavirus pandemiyasining oqibatlarini moslashtirish bilan tizimli islohotlarni davom ettirishga qaratilgan choralar.

Shu bilan birga, tashqi taʼsirning davomiyligi va pandemiyaning iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari va sektorlariga (turizm, transport, eksport) taʼsirini hisobga olgan holda, ularning inqirozgacha boʻlgan tendensiyalariga chiqish 2021-yildan oʻtishi mumkin.

Makroiqtisodiy siyosat va bozor institutlarini isloh qilish sohasidagi asosiy chora-tadbirlar

Mamlakat iqtisodiyotining tiklanishi va keyinchalik barqaror rivojlanishi makroiqtisodiy shart-sharoitlar, chora-tadbirlar va tartibga solish vositalarini yaratish bilan bevosita bogʻliqdir. Strategiyada belgilangan makroiqtisodiy siyosat va institutsional islohotlarni davom ettirish bilan birga, hozirgi vaqtning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, 2020-yilning qolgan davrida va 2021-yilda quyidagilarga asosiy eʼtibor berish talab qilinadi:

Tashqi qarzning oʻsishini cheklash, qarz mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini qatʼiy nazorat qilish. Bu esa moliyaviy xarajatlarni kamaytirish, xususiy investitsiyalarni har tomonlama targʻib qilish, shuningdek, keyingi yillarda tashqi qarzdorlikni ustav chegarasidan oʻtishining oldini olish uchun oʻpta muddatli reja va chora-tadbirlarni tayyorlash, byudjet xarajatlarini rejalashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirish, shuningdek, ulardan foydalanish ustidan qattiq nazorat qilish;

- Tashqi qarzlardan samarali foydalanish, ularni ustuvor ravishda, byudjet defitsiti, infratuzilma loyihalarini, iqtisodiy oʻsishga bevosita va ikkinchi darajali taʼsir koʻrsatadigan ijtimoiy obyektlarni moliyalashtirishga qaratish, aholi bandligini taʼminlash, shuningdek, kambagʻallikni qisqa va oʻrta muddatda qisqartirishga yoʻnaltirish;

- Texnik-iqtisodiy asoslash bosqichida loyiha tanlash mezonlarini takomillashtirish orqali davlat investitsiya xarajatlarini optimallashtirish, qiymati va amalga oshirish vaqti dolzarbligini yoʻqotgan investitsion loyihalarni rad qilish, shuningdek, ularning ishga tushirilganidan keyin investitsiya loyihalarini amalga oshirilishi va samaradorligini monitoring qilish, loyihalarni moliyalashtirishda xususiy investitsiya vositalaridan foydalanishni kengaytirish, shu jumladan, korporativ va infratuzilma obligatsiyalarini chiqarish orqali davlat-xususiy sherikchilikni va fond bozorini rivojlantirish;

- Soliq va bojxona imtiyozlarini optimallashtirish boʻyicha ishlarni yakunlash;

- Sanoat va raqobat siyosatini takomillashtirish. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va “oʻsish nuqtalariga” moliyalashtirishni jalb etish, eksport bozorlarida raqobatbardoshlikni oshirish, xalqaro qiymat zanjirlarida ichki korxonalar ishtirokida izchil oʻsishni ragʻbatlantirish uchun yangi rivojlanish drayverlarini aniqlash bilan oʻpta muddatli sanoat siyosati strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish, shu jumladan, davlat korxonasi islohot jarayonini yakunlash, monopoliyaga qarshi kurashni tartibga solish va raqobat muhitini yaratish chora-tadbirlari orqali, ishlab chiqarishni ilm-fan bilan birlashtirishning samarali tizimini yaratish (tadqiqot markazlari, loyihalash byurolari, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish birlashmalari va boshqalar);

Qishloq xoʻjaligi sohasini isloh qilishni davom ettirish. Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining xoʻjalik faoliyatiga maʼmuriy aralashuvni toʻliq cheklagan holda, narx shakllanishida bozor mexanizmlarini joriy etish, moliyaviy resurslarning harakati va yer aylanmasining garov mexanizmini takomillashtirish. Qishloq xoʻjaligida qiymat zanjirlarini yaratish mexanizmini ragʻbatlantirish;

Ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish orqali iqtisodiyotda mehnat unumdorligini oshirish orqali ish haqining hajmini oshirish, va mahalliy mahsulotlarning xalqaro raqobatbardoshligini oshirishdan iborat.

* Hujjat keyingi maqolada eʼlon qilinadigan boshqa oʻzgarishlarni oʻz ichiga oladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining

jamoatchilik bilan aloqalar xizmati