Oʻtgan yillarda olib borilgan islohotlar va tizimli chora-tadbirlar natijasida viloyat iqtisodiyotida tarkibiy transformatsiya yuz berdi. Natijada hudud agrar sohadan diversifikatsiyalangan sanoat, xizmatlar va zamonaviy agroklasterlarga ixtisoslashdi. Toʻqimachilik, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, elektrotexnika va turizm kabi yangi oʻsish drayverlari shakllandi.
Yalpi hududiy mahsulotda sanoat ulushi 9,1 foizdan 18,8 foizga oshdi, qishloq xoʻjaligining ulushi 50 foizdan 36 foizga kamaydi. Shuningdek, ishsizlik va kambagʻallik tegishlicha 4,9 va 5,8 foizga kamaydi, eksport 1,8 barobar, xizmat koʻrsatish 1,6, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 1,9 barobar koʻpaydi.
25 ta yirik hamda 533 ta oʻrta va kichik investitsiya loyihalari ishga tushirildi, 1,4 milliard dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. Eksportchi korxonalar soni 160 taga yetib, eksport hajmi 285 million dollarni tashkil qildi.
Yigʻilishda viloyatda kambagʻallik va ishsizlikni yanada qisqartirish, sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligida keskin oʻsishga erishish boʻyicha rejalar koʻrib chiqildi.
Xususan, 2026-2027-yillarda yalpi hududiy mahsulotning oʻsish surʼatlarini 8,5 foizga yetkazish, sanoatda ishlab chiqarish hajmini 8 foizga oshirish, 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va yillik eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Eʼtiborlisi, oʻtgan yillarda investitsiyalar asosan xomashyo qazib olish yoki oddiy yigʻuv ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan boʻlsa, endilikda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega sanoat loyihalariga yoʻnaltiriladi.
Bundan tashqari, joriy yilda viloyatda ishsizlik darajasini 3 foizga, kambagʻallikni 2,8 foizga tushirish, 182 ta mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbari bu maqsadlarga viloyatdagi mahallalarni chuqur ixtisoslashtirmasdan erishib boʻlmasligini qayd etdi.
Shu munosabat bilan viloyatda kelgusi ikki yilda yangi model rivojlantiriladi. Hududdagi 304 ta mahallaning solishtirma ustunliklari tahlil qilinib, ularning bogʻdorchilik, chorvachilik, sabzavot va polizchilik, sanoat, servis hamda turizm yoʻnalishlariga ixtisoslashuvini chuqurlashtirish dasturi ishlab chiqildi.
Dastur doirasida 5 ming gektar eski bogʻ va tokzorlarda sertifikatlangan koʻchatlar ekish, 4,6 ming gektar sanoatlashgan plantatsiyalar barpo etish, 10 ming gektar aholi tomorqasi va ijara yer maydonlarida hosildorligi yuqori va eksportbop mahsulotlar yetishtirish, 101 ming bosh chorva mollarining naslini yangilash, 5 ta sanoat mikromarkazlari, 6 ta yirik turizm majmualarini tashkil etish, har bir tuman markazida istirohat bogʻlarini barpo qilish va gavjum koʻchalar tashkil etish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Yigʻilishda “drayver” loyihalar infratuzilmasini mustahkamlash uchun joriy yilda 200 milliard soʻm ajratilishi belgilandi. Sanoatni rivojlantirish maqsadida 2026-2027-yillarda umumiy qiymati 2,7 milliard dollarlik yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bunda viloyatdagi qoʻrgʻoshin-rux, volfram, oltin va boshqa noruda konlardan samarali foydalanish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Zomin tumanida qishloq xoʻjaligi ilmiy-sanoat parki loyihasining taqdimotida makkajoʻxorini qayta ishlab, yuqori fruktozali sirop va allyuloza ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish rejalashtirilgani aytildi.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida naslli chorva mollarni xarid qilish, tuyachilikni rivojlantirish, “Jayilma” kanalini rekonstruksiya qilish choralari koʻriladi.
Davlatimiz rahbari viloyatni rivojlantirishda togʻli va choʻl hududlarning salohiyatini alohida yondashuvlar asosida roʻyobga chiqarish zarurligini taʼkidladi. Jumladan, joriy yilda 25 ming gektar lalmi va yaylov yerlarini foydalanishga kiritish va yaylovlardan samarali foydalanish boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Yigʻilishda Jizzax viloyatining turizm salohiyati ham tahlil qilindi. Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi, shuningdek, Baxmal, Forish, Zafarobod, Sharof Rashidov va Gʻallaorol tumanlarining imkoniyatlari toʻliq ishga solinmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat ushbu tumanlarda turizm majmualarini tashkil etish, Arnasoy aeroportini kengaytirish, xalqaro avtomobil yoʻllar boʻyida savdo-servis majmualarini qurish rejalari koʻrib chiqildi.
Joriy yilda mahallalarda ijtimoiy obyektlar, yoʻllar, ichimlik suvi, kanalizatsiya va elektr tarmoqlari qurilishi uchun 30 million dollar, kelgusi yilda esa yana 10 million dollar mablagʻ ajratiladi. Buning hisobiga 14 mahalladagi ijtimoiy soha obyektlari, olis 28 ta mahallani bogʻlovchi 105 kilometr yoʻllar, 9 ta mahalla aholisi uchun 50 kilometr ichimlik suvi, elektr tarmoqlari, 13 ta mahallada 65 kilometr oqova suv tarmoqlari quriladi va taʼmirlanadi.
Shaharsozlik yoʻnalishida Baxmal, Zafarobod va Gʻallaorol tumanlarini fazoviy rejalashtirish va bosh rejalarini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani yagona aglomeratsiya hududi sifatida rivojlantiriladi. Bu boʻyicha ishlab chiqiladigan bosh rejada shahar ichidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida 10 kilometrlik aylanma yoʻl qurish, shahar va tumanni bogʻlaydigan yagona jamoat transport tizimini yoʻlga qoʻyish, yagona maʼmuriy bino qurish orqali tashkilotlarni bir joyga koʻchirish nazarda tutiladi.
Yigʻilish yakunida mutasaddilarga viloyatni yanada rivojlantirish doirasidagi har bir loyihani aholi bandligi hamda turmush darajasini oshirish bilan bogʻlab bajarish boʻyicha topshiriqlar berildi.