Avstraliya tajribasi ommalashmoqda

Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, ijtimoiy tarmoqlarda kuniga uch soatdan ko'proq vaqt o'tkazish depressiya va xavotir hissini ikki baravar oshiradi. Bu bolalarda diqqatni jamlash, uyqu sifatining buzilishi va o'ziga bo'lgan ishonchning pasayishi kabi muammolarga olib keladi. Shuningdek, bunday platformalar o'qish, jismoniy faollik va real hayotdagi muloqotlardan chalg'itadi.

Ayrim davlatlar bolalar va o'smirlarni ruhiy salomatlikning jiddiy xavflaridan, ruhiy tushkunlik, xavotir, kiberbulling va zararli kontentdan himoya qilish uchun yosh cheklovlarini joriy etish bilan bog'liq choralarni ko'rmoqda. Asosiy maqsad – ekranga qaramlikni cheklash, zo'ravonlik, behayolikni targ'ib qiladigan kontentlarga kirishni oldini olishdan iborat.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining yoshini cheklovchi, 16 yoshga to'lmagan shaxslarning ularga kirishini taqiqlovchi birinchi qonun Avstraliyada qabul qilindi. Mazkur qonun o'tgan yilning 10-dekabrida kuchga kirdi. U mamlakatning amaldagi internet xavfsizligini tartibga soluvchi qonunchiligiga o'zgartirishlar kiritdi, bu yosh avstraliyaliklarni rivojlanishning muhim bosqichlarida yanada ishonchli himoya qilishni ta'minlaydi. 

Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze mamlakat hukumati texnologiya kompaniyalari va ijtimoiy tarmoq ma'muriyatlaridan 16 yoshgacha bo'lgan foydalanuvchilar akkaunt va sahifalar yarata olmasligini ta'minlash uchun oqilona choralar ko'rishni talab qildi. “Hukumat yangi qonunni buzganlik uchun qattiq jazo choralarini qo'llaydi, raqamli platformalar esa 49,5 million Avstraliya dollarigacha [32 million dollardan ortiq] jarimaga tortiladi”, dedi u va yangi qoidalar Snapchat, TikTok, Instagram va X (oldingi Twitter) ijtimoiy tarmoqlari tatdiq etilishini ta'kidladi. Bolalar Google Classroom va YouTube, shuningdek, xabar almashish vositalari va onlayn o'yinlardan foydalanishlari mumkin bo'ladi.

Fransiyada ham bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini taqiqlash bo'yicha tashbbus ilgari surildi. Fransiya Milliy Kengashi (parlamentning quyi palatasi) 15 yoshgacha bo'lgan o'smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlovchi qonun loyihasini ma'qulladi.

Ushbu qonun loyihasi muallifi Fransiyaning Uyg'onish partiyasidan deputat Laura Millerdir. Ushbu qonun loyihasi ijtimoiy tarmoqlarning tobora ortib borayotgan ta'siri fonida “fransuz yoshlarining ruhiy salomatligini himoya qilish” maqsadida qabul qilindi.

Parlament a'zolari tomonidan tasdiqlangan qonun loyihasi yoshlarning faqatgina ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni nazarda tutmaydi, u Fransiyadagi o'rta maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlashni ham o'z ichiga oladi.

Ispaniya 16 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlash choralarini ko'rib chiqmoqda. Endi platformalar yoshni tekshirish tizimlarini joriy etishi shart bo'ladi. Bu haqda Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches ma'lum qildi va xavfsiz raqamli muhitni ta'minlashga qaratilgan bir qator choralar ko'rilishini aytdi.

Mamlakat hukumati ijtimoiy tarmoqlarda nafrat tuyg'usini uyg'otadigan gaplar, pornografik kontent va dezinformatsiyaning tarqalishi haqida bir necha bor shikoyat qildi, bu yoshlarga salbiy ta'sir ko'rsatishini ta'kidlab, bu borada chora ko'rishga qaror qildi.

“Farzandlarimiz hech qachon yolg'iz qolishlari uchun mo'ljallanmagan makonda bo'lib qolishyapti... Biz endi bunga toqat qilmaymiz”, dedi Pedro Sanches Dubayda bo'lib o'tgan Jahon hukumati sammitida nutq so'zlab. U boshqa Yevropa davlatlarini ham shunga o'xshash choralarni ko'rishga chaqirdi.

Ispaniya Bosh vaziri ijtimoiy tarmoq rahbarlarini noqonuniy kontent va nafratni qo'zg'atuvchi gaplar uchun javobgarlikka tortish, shuningdek, algoritmlarni manipulyatsiya qilish va noqonuniy kontentni tarqatishni jinoyat deb hisoblashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi taqdim etilishini e'lon qildi.

Chexiyada ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkin. Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish Fransiya misolida 15 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun bunday platformalarni taqiqlashni qo'llab-quvvatladi. U bu bayonotni Facebookda e'lon qilingan videomurojaatda bildirdi.

“Men shuni tarafdoriman, chunki, tanish mutaxassislar aytganidek, bu juda zararli va biz farzandlarimizni himoya qilishimiz kerak”, dedi u.

Keyinroq Bosh vazir o'rinbosari Karel Gavlichek hukumat mutaxassislar bilan taqiqlash imkoniyatini muhokama qilayotganini va shu yil bunday taklifni taqdim etish niyatida ekanligini qo'shimcha qildi.

“Vaqtni behuda sarflashning hojati yo'q. Ijtimoiy tarmoqlar bolalar hayotini barbod qilmoqda, u haqiqatan ham vaboga aylana boshlayapti”, dedi Gavlichek CNN Prima News telekanalidagi chiqishida.

JSST yondashuvi

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchesning yoshlarni ijtimoiy tarmoqlarning “zaharli olami”dan himoya qilish g'oyasini qo'llab-quvvatladi va yosh chegaralarini joriy etishga chaqirdi.

“Platformalar bolalar xavfsizligi va sog'lig'ini himoya qiladigan tarzda ishlab chiqilishi va boshqarilishi kerak”, deb yozdi JSST Bosh direktori X ijtimoiy tarmog'ida. Uning qo'shimcha qilishicha, buning uchun, boshqa narsalar qatori, “real yosh chegaralarini joriy etish” kerak.

Gebreyesus Ispaniya Bosh vaziri fikriga qo'shilib, “ijtimoiy tarmoqlarni tartibga solish va javobgarlik juda muhim” deb qo'shimcha qildi. JSST Bosh direktorining so'zlariga ko'ra, dalillar bolalarga yetkazilgan zarar nafaqat ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bilan, balki ularning qanday yaratilgani bilan ham bog'liqligini isbotlaydi. Shu munosabat bilan u ijtimoiy tarmoqlarning “zararli va o'ziga qaram qiluvchi tuzilishi”ga qarshi kurashishga va ularni “mustaqil nazoratga olishga” chaqirdi.

Taqiq – yechimmi?

Bir qator davlatlar bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash choralarni ko'rib chiqayotgan bir paytda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg'armasi (UNICEF) yosh cheklovlari bolalarning onlayn xavfsizligini ta'minlash uchun yetarli emasligi haqida ogohlantirmoqda.

“Biz raqamli muhitda bolalarni himoya qilishga qaratilgan global majburiyatning ortib borayotganini qo'llab-quvvatlaymiz, biroq bunday taqiqlar yangi xavflarni keltirib chiqarishi va aks ta'sir ko'rsatishi mumkin”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Ko'pgina bolalar, ayniqsa tashqi dunyodan uzilib qolgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar aloqa o'rnatish, o'rganish va o'zini yuzaga chiqarishni osonlashtiradigan vositadir, deb hisoblaydi jamg'arma. Bundan tashqari, ularning ko'pchiligi taqiqni chetlab o'tish yo'llarini izlab topishadi, xoh VPN orqali bo'lsin, xoh kamroq tartibga solingan platformalar orqali bo'lsin, ular ijtimoiy tarmoqlarga kirishga harakat qilishadi, bu ularning himoyasini yanada qiyinlashtiradi.

UNICEF jamg'armasiga ko'ra, “Yoshga oid cheklovlar bolalarni zarardan himoya qiladigan, ularning maxfiylik huquqini hurmat qiladigan va ularni nazorat qilinmaydigan, kamroq xavfsiz raqamli makonlarga surib chiqarmaydigan keng qamrovli strategiyaning bir qismi bo'lishi kerak”.

Jamg'arma hukumatlar, tartibga soluvchilar va texnologiya kompaniyalarini bolalar huquqlarini hurmat qiladigan xavfsiz va inklyuziv raqamli makon yaratish uchun bolalar va ularning oilalari bilan bamaslahat ishlashga chaqirdi.

Bolalar jamg'armasi mamlakatlarga ota-onalarning raqamli savodxonligini oshirishda yordam berishni tavsiya qilmoqda. Boisi, “bugungi kunda ota-onaldardan imkonsiz narsalar: ular ishlab chiqmagan platformalarni va ular tushunmaydigan algoritmlarni nazorat qilish so'ralmoqda.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Folker Tyurk ham bu haqda shunday deydi: “Biz jamiyatlar uchun bolalarni onlayn rejimda himoya qilishda muvozanatni topish qanchalik qiyinligini bilamiz. Ijtimoiy media platformalari ishga tushirilganda, hech kim ularning inson huquqlariga potentsial ta'sirini baholamagandi”.

“Qaysi usullar ish berayotganini va qaysilari ish bermayotganini kuzatib borish muhim”, deb qo'shimcha qildi Folker Tyurk. “Biroq, inson huquqlari nuqtai nazaridan, javob aniq: bolaning manfaatlari barcha qarorlarning markazida bo'lishi kerak”.

Ha, bolalarni ijtimoiy tarmoqlarning zararli ta'siridan himoya qilish bugungi kunda dunyo jamoatchiligi e'tiboridagi dolzarb masalalardan biriga aylandi. Ba'zi davlatlar qat'iy yosh cheklovlarini joriy qilish yo'lini ma'qul qo'rayotgan bo'lsa, ba'zi xalqaro tashkilotlar bu muammoni keng yondashuv asosida hal etish zarurligini ta'kidlamoqda. Ya'ni bu borada eng muhim jihat – bola manfaatlariga ustuvorlik berish, ijtimoiy tarmoqlar mas'uliyatini oshirish hamda ota-onalarning raqamli savodxonligini kuchaytirishdan iborat bo'lishi kerak. Ularning nazdida faqat shu yo'l bilangina xavfsiz, adolatli raqamli muhitni shakllantirish mumkin.

Shahzod G'afforov,

“Yuz.uz” sharhlovchisi