2025-yil 8-dekabr kuni soat 08:30 larda Markaziy bankka fuqarolardan Humans ilovasi orqali mablagʻlar yechib olingani haqida murojaatlar kelib tushdi, deya xabar beradi bank axborot xizmati.
Shu munosabat bilan Markaziy bank oʻz vakolati doirasida “Octagram” AJ (Paylov savdo belgisi) bilan bogʻlanib, xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlash hamda ehtimoliy texnik zaiflikni bartaraf etish maqsadida P2P amaliyotlarni toʻxtatish boʻyicha koʻrsatma bergan.
Maʼlumotga koʻra, 9-dekabr holatida Humans mobil ilovasi orqali “Octagram” AJ (Paylov savdo belgisi) orqali amalga oshiriladigan barcha toʻlov xizmatlari vaqtincha toʻxtatilgan.
Markaziy bank fuqarolarga murojaat qilib, Uzcard va Humo kartalari orqali amalga oshiriladigan toʻlov va pul oʻtkazmalari odatiy tartibda ishlayotganini maʼlum qildi.
Shuningdek, kartalardan boshqa bank va toʻlov tashkilotlari ilovalarida foydalanish imkoniyati ham toʻliq saqlanib qolgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar oʻrtasidagi amaliyotlar toʻliq oʻrganilmoqda.
Tekshiruv natijalari boʻyicha qoʻshimcha rasmiy axborot taqdim etilishi aytildi.
Fuqarolar ushbu holat boʻyicha belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari mumkin.








