Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida poytaxtimizning Yangihayot tumanida 300 tup manzarali hamda 200 tup tok koʻchati ekildi.

Markaz xabariga koʻra, xususan, Humo mahallasida uzumzor koʻchalarini tashkil etish maqsadida tokning mazasi til yorar “Qora kishmish”, “Toifi”, “Rizamat ota” navlari, mevali daraxtlardan olmaning “Jeremi”, “Krimson”, “Besh yulduz”, gilosning eksporbop, qush tegmas “Napolion”, nokning erta pishar, oʻrta pishar, kech pishar navlari, shuningdek, manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. 41-maktabgacha taʼlim muassasasida ham xayrli tashabbus doirasida manzarali koʻchatlardan iborat moʻjazgina yashil olam barpo etildi.

Shuningdek, mahallani koʻkalamzorlashtirish maqsadida koʻchalar boʻylab toq terak, mirza terak, shotut, balx tuti, yovvoyi tut koʻchatlari ekildi, ehtiyoji bor aholiga tok koʻchatlari yetkazib berildi.

Hashar haqiqiy maʼnoda bayromona tus oldi. Tadbirda markazning 25 nafardan ortiq ishchi-xodimlari bilan bir qatorda, qator mahalla faollari, koʻchatchilik sohasi mutaxassislari faol ishtirok etdi. Kimdir mehnati, yana biri sahovati, yoshi ulugʻ nuroniylarimiz esa oltinga teng duo-yu, ezgu tilaklari bilan qatnashdi, Tadbir soʻnggida ehson dasturxoni yozilib, osh tortildi. 

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Mirobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda tumandagi boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi bor mehnat faxriylari holidan xabar olinib, oziq-ovqat hamda kerakli anjomlar topshirildi. Shu bilan birga, mehnat faxriylari istiqomat qilayotgan koʻp qavatli uylar hovlilariga 20 tupga yaqin mevali koʻchatlar ekildi.