Yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, roʻzgʻorini butlayotgan, oilasiga koʻmakdosh boʻlayotgan ishbilarmon yigit-qizlar kun sayin koʻpaymoqda. jumladan, jizzax viloyatida shu yilning oʻtgan 9 oyida 3 ming 305 nafar yosh tadbirkorlikka oʻqitish kurslarini tamomlab, maxsus sertifikatga ega boʻldi.

— Yoshlarni tadbirkorlikka oʻqitish kurslarini tashkil etish davom etmoqda, — deydi “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasining viloyat filiali rahbari Otabek Shavkatov. — Oʻtgan davr mobaynida 447 nafar yigit-qizning 15 milliard 381 million soʻmlik biznes loyihasi tijorat banklari tomonidan moliyalashtirildi. Yana 370 ga yaqin yoshlarning loyihasi oʻrganilmoqda.

Hunarmandlik hududdagi yoshlar bandligini taʼminlashning oʻziga xos yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. “Hunarmand” uyushmasi Jizzax viloyati boshqarmasi mutaxassisi Margʻuba Nurmanovaning aytishicha, hududda 1 ming 118 nafar hunarmand faoliyat yuritadi. Ulardan 448 nafari 30 yoshgacha boʻlgan yoshlardir.

Ajdodlardan meros hunarlarni oʻrgatish orqali ham yigit-qizlarning ish bilan bandligi taʼminlanyapti. Jumladan, ayni paytda viloyatdagi 172 nafar hunarmand “Ustoz-shogird” maktablarini tashkil etib, 527 nafar shogirdni kamolga yetkazmoqda.

Boshqarma tomonidan “Mahallamizning faxriy hunarmand ayoli” loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tuzilib, har bir mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz ayollarga faol usta hunarmandlar mahorat darsi oʻtib bermokda. Rejaga muvofiq, Jizzax shahri va Forish tumanidan ikki yosh hunarmand — Surayyo Soyaqulova va Dilnoza Oʻktamova “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 25 nafar xotin-qizga zardoʻzlik va milliy hunarmandlik yoʻnalishi boʻyicha mahorat darslari oʻtdi.

— Jizzax shahridagi monomarkazda band boʻlmagan xotin-qizlarga hunarmandlik sirlarini oʻrgatyapmiz, — deydi milliy liboslar tikish yoʻnalishi boʻyicha hunarmand Gavhar Ostonaqulova. — Safimizda yosh hunarmand qizlar ham boʻlib, oʻz hunari siridan ayollarni xabardor qilmoqda.

“Yoshlar daftari”dan daromadgacha boʻlgan yoʻl

Dilrabo Ravshanbekova Yangiobod tumanidagi Balandchaqir qishloq fuqarolar yigʻinida istiqomat qiladi. Oilada toʻngʻich farzand. 20 yoshli qiz ikki ukasiga oʻrnak boʻlib, oʻzi mustaqil tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Mana, uch oydirki, mahallasida yangi tikuv sexi ochib, tengdoshlarini ish bilan taʼminlayapti.

Tikuvchi faoliyatini 2010-yildan boshladi. Avval tajribali hunarmandga shogird tushdi. Soʻng oʻrganganlarini amaliyotda mustahkamladi. Uch yilda tikish-bichishga qoʻli kelishib, buyurtma asosida liboslar, pardalar tikdi. Yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor Dilraboni ham ruhlantirdi. Tengdoshlari hayotidagi oʻzgarishlar uning Yoshlar ishlari agentligiga murojaat qilishiga turtki berdi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgach, bundan unumli foydalanishga harakat qildi. Tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun agentlikka, tuman hokimligiga kredit soʻrab murojaat qildi.

Murojaati ijobiy hal boʻldi, unga 28 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. U shu pulga tikuv mashinalari sotib olib, oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Bugunga kelib, shogirdlari bilan buyurtma asosida chopon, nimcha, koʻylak, zamonaviy uslubda pardalar tikyapti. Oʻzi bilan birga, yana uch nafar qizni ish bilan taʼminlab, ularga tikuvchilik kasbini oʻrgatib kelayotir.

— Insonning oʻzida qiziqish, xohish boʻlsa, bir oyda 3 million soʻmgacha daromad qilsa boʻladi, — deydi Dilrabo Ravshanbekova. — Uyda oʻtirib pul topish mumkin, koʻchaga chiqish ham shart emas. Niyatim — kelgusida shu kichik sexni katta korxonaga aylantirish. Mahallamizdagi koʻproq ayol-qizni ish bilan taʼminlashni reja qilganman. “Yoshlar daftari”ga kirishimdan avval bitta oddiy tikuv mashinasida ish boshlagan boʻlsam, bugungi kunda kredit yordamida ishlayotgan tikuv mashinalarimiz soni toʻrttaga yetdi. Tabiiyki, ish unumdorligi, samaradorligi ortdi. Topayotgan daromadimizdan koʻnglimiz toʻq. “Yoshlar daftari”ga kiritilib, undan to daromad olishgacha boʻlgan kichik yoʻlni bosib oʻtdim. Oʻzim uchun katta tajriba orttirdim. Kelgusida Toshkent viloyatida ham xuddi shunday sex ochishni rejalashtirganman.

Imkoniyatlardan ruhlanib...

Madinabonu Aliboyeva Forish tumanidagi ilgʻor yoshlardan. 21 yoshli qiz allaqachon oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyib ulgurgan. U bolaligidan onasining yonida yurib, tikuvchilikka mehr qoʻydi. Dastlab, bichilgan tayyor andozalarni tikib yurgan qiz endi oʻzi mustaqil zamonaviy va turli bichimdagi liboslarni tika boshladi.

Ona-bola tadbirkorlikni uyda — bundan 8-9 yil ilgari boshlagan. Keyinchalik libos tiktirishga talab oshgach, faoliyatni kengaytirish maqsadida tikuvchilik sexi tashkil qildi.

— 11 yoshimda onam tikishni oʻrgataman deganida, yoʻq, qiziqmayman, qoʻlimdan kelmaydi, deb koʻnmagandim, — deydi Madinabonu. — Baʼzi kunlari buyurtmalari bitmay qolganda onam tungi soat oʻn bir-oʻn ikkida ham uxlamasdan kiyim tikar edi. Bunday paytlarda qarab turolmasdim, qoʻlimdan kelgancha yordamlashardim. Yonida turib, koʻmaklashib tikishni oʻrganib ketdim. Toʻgʻrisi, bu ishni boshlashdan oldin rosa oʻyladik, qayerdan mablagʻ olamiz, qanday boshlaymiz, yaxshi boʻladimi-yoʻqmi, deb. Uyimizda faqat akam ishlardi. Roʻzgʻorga oz boʻlsayam foydamiz tegsin, degan maqsadda shu ishni boshlagan edik, shukr, kam boʻlmadik.

Madinabonu hozir “Osmonsoy” mahalla fuqarolar yigʻini markazidagi “Umida aya” tikuv sexida onasi rahbarligida ishlayotir. Bugunga qadar bu yerdan 20 ga yaqin ayol-qiz hunar oʻrganib chiqdi. Daromadi ham yomon emas. Hunarmand qiz tikuvchilikdan tashqari, oʻz tadbirkorligini ham boshladi. Bir yildirki, sex qoshida mahalla xotin-qizlari uchun goʻzallik salonini yurityapti.

— Yurtimizda biz yoshlarga juda katta imkoniyatlar berilyapti. Faqat bundan toʻgʻri foydalana olsak, bas. Tadbirkorlikka qiziqishi yuqori, ammo biror sabab bilan ishini boshlay olmay turgan yoshlarga ham koʻmak berilyapti. 16 yoshimda sartaroshlikka qiziqa boshladim. Viloyatimizdagi oʻquv markazida ayollar sartaroshligi boʻyicha oʻqidim. Oʻsha payti ham qoʻlimdan ancha-muncha ish kelar, lekin zarur uskunalarim yoʻqligi uchun qiynalardim. Tumanimizda oʻtkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida men kabi qoʻlidan ish keladigan, lekin tadbirkorlikni boshlashga qiynalayotgan yoshlarga, xotin-qizlarga yordam qoʻli choʻzildi. Bizga goʻzallik saloni uchun kerakli hamma uskunalar, jihozlar olib berildi. Oʻshanda nahotki, endi men ham oʻz ishimni boshlay olaman, deb xursand boʻlganman! Endi mahallamizdagi ayol-qizlarning orasta, goʻzal boʻlib yurishida koʻmagim tegayotganidan nihoyatda mamnunman. Shu oʻrinda erishayotgan bu yutuqlarimizning hammasi mamlakatimizda yoshlar va xotin-qizlarga qaratilgan eʼtiborning samarasi deb oʻylayman. Tumanimizda uyda ishsiz oʻtirgan yoshlar, tengdoshlarimiz ish bilan taʼminlanyapti. Bizning mahallamizda ham toʻqimachilik sexi ochildi. Yoshlar ana shu yerda ishlab, oila byudjetiga oʻz hissalarini qoʻshayotganidan mamnun.