Xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish ularning oila va jamiyatda mustahkam oʻringa ega boʻlishi, qolaversa, oʻz qobiliyati, imkoniyati va orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarishida asosiy omil hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar opa-singillarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida hunarmandchilik klasteri tashkil etildi.

Bu yerda dastlab tajribali hunarmand ustalar ishsiz xotin-qizlarga kasb koʻnikmalarini oʻrgatdi. Loyihaning birinchi bosqichida ayollar tol hamda boshqa egiluvchan daraxt novdalaridan ichki va tashqi bozorda xaridorgir boʻlgan mahsulotlar toʻqishga oʻrgatildi. Keyingi bosqichlarda hudud sharoiti va imkoniyatidan kelib chiqib boshqa hunar turlari ham oʻrgatilishi rejalashtirilgan.

Albatta, qoraqalpogʻistonlik xotin-qizlar uchun aynan shunday kasb koʻnikmalari bejiz tanlanmadi. Boisi, hudud iqlimi arzon xomashyo moʻl-koʻlligini taʼminlaydi. Qolaversa, tabiiy xomashyodan toʻqilgan buyumlar, ayniqsa mebel jihozlari har qanday interyer va ekstererga mos kelishi bilan xaridorgir sanaladi. Ular mustahkam va egiluvchan novdalardan yasaladi, shu bois, yengil va chidamli boʻladi. Bunday buyumlar Qoraqalpogʻiston va unga yaqin hududlarning keskin kontinental iqlimiga mos harorat oʻzgarishlariga chidamliligi bilan ham ajralib turadi. Jumladan, quyoshda ham rangini yaxshi saqlay oladi, 300 kilogrammgacha ogʻirlikni koʻtaradi.

Shu oʻrinda, oddiy matematik hisob-kitobni keltiraylik. Tabiiy xomashyodan oʻrtacha hajmdagi savat yoki kichikroq mebel jihozini toʻqishga 40 daqiqa atrofida vaqt ketadi. Uning “birinchi qoʻl” narxi 60 mingdan 100 ming soʻmgacha. Agar ayol uyidagi ikki nafar oila aʼzosiga, hattoki oʻsmir farzandlariga bu hunarni oʻrgatsa, kun davomida yoki oʻqish va roʻzgʻordagi ishdan boʻsh vaqtlarida ular 3 tadan shunday buyum tayyorlashi mumkin. Endi shundan kelib chiqqan holda oila daromadini hisoblayvering. Shu jihatdan hunarmandchilik klasteri mahalliy aholiga ancha keng imkoniyatlar taqdim etmoqda.

Loyiha doirasida maʼlum muddat hunar oʻrgangan qoraqalpogʻistonlik bir guruh xotin-qizlar usta-hunarmand boʻlib, “Hunarmand” uyushmasiga aʼzolik guvohnomasi olishdi. Hozirda alohida korxona tashkil qilib ish boshladi va endilikda boshqa ishsiz xotin-qizlarga hunar sirlarini oʻrgatmoqda. Bu jarayon “ustoz-shogird” anʼanasi asosida tizimli amalga oshiriladi. Natijada, loyihaning birinchi bosqichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha jami 1400 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi taʼminlanishiga erishiladi.

Loyiha avvalida 35 xotin-qiz oʻqitilgan boʻlsa, shundan 21 nafari xunarmad boʻlib, ularning har biriga 10 nafardan, jami 210 shogird biriktirildi. Bunga Taxiatosh, Kegeyli, Amudaryo, Xoʻjayli, Nukus tumani hamda Nukus shahridan xotin-qizlar jalb qilindi. Shuningdek, loyiha doirasida Kegeyli tumanida hunarmandchilik mahsulotlari xomashyosini yetishtirish maqsadida 10 gektar yerda tol plantatsiyasi tashkil etildi. Bu daraxtlardan klaster ishchilarining xomashyoga boʻlgan doimiy talabini qondirish uchun foydalaniladi.

Aytish joizki, tol plantatsiyasini tashkil etishda Kegeyli tuman hokimiyati bevosita tashabbuskor boʻlib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda tashkiliy ishlar amalga oshirildi.

Hunarmandchilik klasterini tashkil etishda klaster ustav kapitalining 50 foizi teng ulushlarda Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi hamda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiyalar ajratilgan holda, qolgan qismi klaster egasi mablagʻlari hisobidan shakllantiriladi. Pirovardida, nafaqat xotin-qizlar bandligi taʼminlanadi, balki plantatsiyada ekilgan tollar havoni kislorod bilan toʻyintirib, hudud tabiatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Ushbu hunarmandchilik klasterlari tajriba tariqasida tashkil etilmoqda. Afzal jihati shundaki, klaster hunarmand ayollarni xomashyo bilan taʼminlaydi, ularning qoʻl mehnati bilan yaralgan mahsulotlarini bozor bahosida sotib oladi. Soʻngra ushbu buyumlar ichki va tashqi bozorga chiqariladi. Natijada, xotin-qizlarning kerakli ashyo olish uchun yoki tayyorlagan mahsulotlarini sotish uchun sarson boʻlishiga zarurat qolmaydi. Ular uydan chiqmay, ortiqcha ovoragarchiliksiz barqaror daromadga ega boʻladi. Hozirda oʻzini oqlagan bu loyihani boshqa hududlarda ham, mahalliy imkoniyatlardan kelib chiqib, amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, Surxondaryo viloyatida bu yoʻnalishda ishlar boshlab yuborildi.

Shu oʻrinda bir mulohaza. Aytish kerakki, ayollar ona va uy bekasi sifatida oila farovonligiga qanchalik faol ulush qoʻshsa, jamiyat rivojiga ham shunchalik katta taʼsir koʻrsatishi mumkin. Xususan, xotin-qizlar mamlakatimiz iqtisodiyotida band aholining deyarli yarmini tashkil etishini nazarda tutsak, ularning salohiyatidan yanada koʻproq foydalanish, qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish davlatimiz bir necha barobar tezroq rivojlanishiga, oilalar ravnaqiga xizmat qiladi.

Hunarmandchilik klasterlari esa bu borada opa-singillarimiz uchun oʻziga xos yangicha imkoniyat boʻladi. Ishonchimiz komilki, bu yangi tizim orqali opa-singillarimiz uyda oʻtirib ham daromad olish, oila byudjetiga munosib hissa qoʻshish, jamiyatda yanada faol boʻlish imkoniga ega.

Nodira SHOTURSUNOVA,

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender

tenglik masalalari qoʻmitasi bosh maslahatchisi.