Huquqiy axborotni yetkazishda innovatsion yondashuvlar joriy etiladi

    Dolzarb 10 Sentabr 2025 885

    Prezidentning “Huquqiy axborotni proaktiv shaklda yetkazish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni (PF–160-son, 08.09.2025-y.) qabul qilindi.

    Farmonga koʻra, quyidagilar sohani takomillashtirishning asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:

    • huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishda sunʼiy intellektdan foydalanish orqali innovatsion yondashuvlarni joriy etish;
    • aholining huquqiy axborotga boʻlgan haqiqiy talab va ehtiyojlarini oʻrgangan holda huquqiy maʼlumotlarni manzilli va maqsadli yetkazish.

    Farmonga koʻra, Lex.uz asosida “proaktiv qonunchilik” tamoyili bilan huquqiy axborotni “aqlli targʻibot” shaklida yetkazishning quyidagi tizimi joriy etiladi:

    Lex.uz Soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali va YAIDXP (my.gov.uz) bilan integratsiya qilinadi;

    tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning roziligiga asosan, soliq.uz tizimidagi shaxsiy kabinetiga ular faoliyatiga oid yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar yuboriladi;

    YAIDXP (my.gov.uz) foydalanuvchilarning shaxsiy kabinetiga ularning roziligiga asosan kundalik hayotda qoʻllash uchun zarur boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning havolalari yuboriladi.

    Tizim orqali hujjat yetkazish namunasi: masalan kimdir haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirdi, tizim shu zahoti unga MJTKning yoʻl harakatiga oid huquqbuzarliklar va boshqa yoʻl harakatiga oid eng muhim qonunchilik haqidagi maʼlumotlar havolasini my.gov.uz orqali yuboradi, kelgusidagi ushbu sohadagi oʻzgartirishlar ham shu shaklda yetkaziladi. Xuddi shunday, turizm bilan shugʻullanadigan tadbirkor IFUT kodi orqali aniqlanib, unga turizm boʻyicha qonunchilik, unga kiradigan oʻzgartirishlar havolasi uning roziligiga asosan soliq.uz orqali yuboriladi.