Servitut huquqi nima?

    Koʻchmas mulk (yer uchastkasi, boshqa koʻchmas mulk) egasi qoʻshni yer uchastkasining egasidan, zarur hollarda esa — boshqa yer uchastkasining egasidan ham oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini berishni talab qilishga haqlidir.

    Yer uchastkasida servitut belgilanishi yer uchastkasi egasining ushbu uchastkaga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqlaridan mahrum etmaydi.

    Servitut belgilashni talab qilayotgan shaxs bilan oʻzga yer uchastkasining egasi oʻrtasidagi bitimga muvofiq servitut belgilanadi va u koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Servitutni belgilash xususida kelisha olinmasa yoki uning shartlarida murosaga kelinmasa, bahs servitut belgilashni talab qilayotgan shaxsning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan hal etiladi. Jamoat ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan hollarda servitut qonunga muvofiq tegishli davlat organi tomonidan belgilanishi mumkin (ommaviy servitut).

    Yer egasining muayyan hollarda qoʻshni yer egasiga tegishli yerdan foydalanishini talab qilish huquqi servitut huquqi deb nomlanadi. Servitut quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin:

    • oʻzganing yer uchastkasi orqali piyoda yoki transportda oʻtish;
    • oʻzganing yer uchastkasida drenaj ishlari oʻtkazish;
    • oʻzganing yer uchastkasidan elektr uzatish, aloqa liniyalari va truboprovodlar, irrigatsiya, muhandislik va boshqa liniyalar hamda tarmoqlar oʻtkazish va ulardan foydalanish;
    • oʻzganing yer uchastkasidan ekinzorlarni va qishloq xoʻjaligi hayvonlarini sugʻorish uchun suv olish;
    • qishloq xoʻjaligi hayvonlarini oʻzganing yer uchastkasi orqali haydab oʻtish;
    • oʻzganing yer uchastkasida ihota daraxtlari ekish va tabiatni muhofaza qilishga taalluqli boshqa obyektlar barpo etish.

    Servitut boshqa maqsadlarda ham belgilanishi mumkin.

    Servitut uni talab qilgan shaxs va yer egasi oʻrtasidagi bitimga asosan belgilanadi. Agar ikki taraf kelisha olmasa, ushbu masala sudda koʻrib chiqiladi. Servitut toʻgʻrisidagi kelishuv davlat roʻyxatiga olinishi lozim va yer uchastkasi boshqa shaxsga oʻtgan vaqtda ham saqlanib qoladi. Servitut toʻgʻrisidagi kelishuv uni belgilashga sabab boʻlgan yuqoridagi asoslar barham topganda bekor qilinishi mumkin.