Bu borada ilgari surilayotgan tashabbuslar zamirida inson kapitaliga sarmoya kiritish, intellektual salohiyatni yuksaltirish va ilm-fanni iqtisodiy oʻsishning asosiy drayveriga aylantirishdek ulkan maqsadlar mujassam.

Prezidentimizning “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni esa ushbu jarayonlarga yanada kuchli surʼat baxsh etadi. Mazkur hujjat sohadagi islohotlarni izchil davom ettirib, oliy taʼlim va ilm-fanni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Besh tayanch tamoyil

Islohotlar markazida “5 T” tamoyili — taʼlim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish ustuvor oʻrin tutadi. Bu yondashuv oliy taʼlim tizimiga mutlaqo yangi mazmun bagʻishlaydi. Endilikda universitetlar bilim beruvchi muassasa boʻlish bilan birga yosh avlodning dunyoqarashi, masʼuliyati va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladigan muhit sifatida shakllanadi.

Taʼlim zamonaviy bilim va koʻnikmalarni berishni anglatsa, tarbiya  yoshlarda vatanparvarlik, fuqarolik masʼuliyati va qadriyatlarga sadoqatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Tadqiqot esa universitetlarning ilmiy salohiyatini oshirish, yangi bilim va yechimlar yaratishga yoʻnaltirilgan. Bunda xalqaro taʼlim va ilmiy dasturlarda faol ishtirok etish, ilgʻor xorijiy tajribani joriy qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng muhim yangiliklardan biri — tijoratlashtirish tamoyili. U ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, innovatsiyalarni iqtisodiyotga olib kirish va ulardan qiymat yaratishni nazarda tutadi. Ayniqsa, hududlardagi dolzarb muammolarga yechim boʻladigan amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni tijoratlashtirishga alohida ­eʼtibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, tayyorlanayotgan kadrlarning mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishi, bitiruvchilar bandligini taʼminlash masalasi ustuvor vazifaga aylanmoqda. Tizimli takomillashtirish esa ushbu jarayonlarning barchasini uzviy va samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Bu yondashuv oliy taʼlimni faqat bilim berish tizimi doirasidan chiqarib, uni mamlakat taraqqiyotining muhim drayveriga aylantiradi. Endi universitetlarda yaratilgan ilmiy gʻoyalar laboratoriyalarda qolib ketmaydi, balki ishlab chiqarishga, biznesga va jamiyat hayotiga kirib boradi.

Eng muhimi, universitetlar endilikda ilmiy gʻoyalar shakllanadigan, startaplar paydo boʻladigan, innovatsiyalar tijoratlashtiriladigan va iqtisodiyotga real hissa qoʻshadigan zamonaviy intellektual markazlarga aylanmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, yoshlarning tashabbusini qoʻllab-quvvatlash, ularni ilmiy izlanish va yangilik yaratishga undash, eng asosiysi, bilimga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirishga zamin yaratadi.

 

“U-10”: Milliy tadqiqot universitetlari

Yangi tizimning eng muhim va strategik yangiliklaridan biri “U-10” loyihasi doirasida milliy tadqiqot universitetlarini shakllantirishdir. Bu tashabbus orqali mamlakatimizda ilmiy salohiyatni birlashtirish, taʼlim va tadqiqotni uygʻunlashtirish hamda universitetlarni global ilmiy makonning faol ishtirokchisiga aylantirish maqsad qilingan.

“U-10” doirasida ilmiy tadqiqot faoliyati ustuvor boʻlgan, yuqori intellektual muhitga ega, innovatsiya yaratishga qodir zamonaviy universitetlar tanlab olinadi. Ular faoliyatining asosini ilmiy klasterlar tashkil etadi. Yaʼni bir universitet atrofida mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy tashkilotlar, sanoat korxonalari va biznes subyektlarini birlashtirgan yagona ekotizim vujudga keladi.

Bunday yondashuv ilmiy gʻoyalarni tezkor ravishda amaliyotga joriy etish, ishlab chiqarish bilan ilm-fan oʻrtasida uzviy bogʻliqlikni taʼminlash imkonini beradi. Eng muhimi, tadqiqot natijalari laboratoriya doirasida qolib ketmay, iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etiladi.

“U-10” universitetlari nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik qiladi. Bu esa qoʻshma taʼlim dasturlari, ikki diplomli tizimlar, xalqaro ilmiy loyihalar va akademik almashinuvlarni kengaytirishga yoʻl ochadi. Natijada milliy universitetlarimiz xalqaro reytinglarda munosib oʻrin egallash, eng ilgʻor taʼlim va tadqiqot standartlarini joriy etishga erishadi.

Mazkur universitetlar davlat tomonidan kuchli moliyaviy qoʻllab-quvvatlanadi. Ilmiy klasterlar doirasida amalga oshiriladigan loyihalarga yirik hajmda mablagʻ ajratilishi, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilishi, iqtidorli olimlar va yosh tadqiqotchilarni jalb qilish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

“U-10” nafaqat universitetlarni rivojlantirish loyihasi, balki butun bir ilm-fan va innovatsiya ekotizimini shakllantirish modeli hisoblanadi. Ushbu tizim orqali Oʻzbekistonda kuchli ilmiy maktablar paydo boʻladi, yangi avlod tadqiqotchilari shakllanadi.

Shu tariqa “U-10” loyihasi mamlakatimizni Markaziy Osiyoda taʼlim va ilm-fan markaziga aylantirish yoʻlidagi eng muhim qadamlardan biri boʻladi.

Endi faqat reja bajarish emas...

2027-yildan boshlab oliy taʼlim muassasalarini moliyalashtirish tizimida mutlaqo yangi yondashuv joriy etiladi. Bu universitetlar faoliyatini samaradorlik, sifat va aniq natijalarga bogʻlashga qaratilgan tizimli islohotdir.

Oliy taʼlim muassasalari milliy ­reyting asosida baholanadi. Ushbu reytingda universitetlarning oʻquv jarayoni, ilmiy salohiyati, xalqaro faolligi, raqamlashtirish darajasi, shuningdek, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi oʻrni kabi muhim koʻrsatkichlar inobatga olinadi. Yaʼni taʼlim muassasasi qanchalik sifatli bilim bersa, qanchalik ilmiy yangilik yaratsa va uning bitiruvchilari hayotda oʻz oʻrnini topsa, shunchalik yuqori baholanadi.

Shunga mos ravishda moliyalashtirish ham differensial tarzda amalga oshiriladi. Yuqori natija koʻrsatgan, samarali faoliyat yuritgan universitetlar koʻproq moliyaviy ragʻbatga ega boʻladi. Bu esa resurslarni adolatli taqsimlash, ularni eng samarali ishlayotgan muassasalarga yoʻnaltirish imkonini beradi.

Yana bir jihat — bir nafar talabani oʻqitish xarajatlari ham aniq mezonlar asosida hisoblanishi. Bunda professor-oʻqituvchilar yuklamasi, taʼlim yoʻnalishining murakkabligi, moddiy-texnik bazasi, universitetning ilmiy yoʻnaltirilgani va hududiy xususiyatlari kabi omillar inobatga olinadi. Bu esa har bir yoʻnalish va har bir muassasaning oʻziga xos jihatlarini hisobga olgan holda moliyalashtirishni taʼminlaydi.

Eng muhimi, ushbu tizim universitetlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantiradi. Endi har bir oliy taʼlim muassasasi faqat reja bajarish emas, balki aniq natija — sifatli taʼlim, kuchli ilmiy faoliyat va bitiruvchilarning bandligini taʼminlash uchun harakat qiladi. Natijada oliy taʼlim tizimida “samaradorlik — asosiy mezon” tamoyili qaror topadi.

Ilm-fan: sifat va samaradorlikka oʻtish

Bugungi islohotlar doirasida ilm-fan sohasiga munosabat mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish tizimi tubdan qayta koʻrib chiqilib, uning asosiga sifat, samaradorlik va amaliy natija tamoyillari qoʻyilmoqda.

Endilikda davlat tomonidan ajratiladigan mablagʻlar aniq ustuvor yoʻnalishlarga qaratiladi. Bu esa ilmiy tadqiqotlarning mamlakat taraqqiyoti bilan uzviy bogʻliq boʻlishini taʼminlaydi. Ilmiy loyihalar tanlovi esa faqat ichki baholash bilan cheklanib qolmay, xalqaro ekspertiza asosida amalga oshiriladi. Nufuzli xorijiy tashkilotlar va yetakchi universitetlar ishtirokidagi baholash tizimi tadqiqotlar sifati va xolisligini kafolatlaydi.

Eng muhim oʻzgarishlardan biri ­amaliy natijaga yoʻnaltirilganlikdir. Endi ilmiy ishlanmalardan aniq iqtisodiy va ijtimoiy samara berish talab etiladi. Yaratilgan ilmiy gʻoyalar ishlab chiqarishga joriy etilishi, yangi texnologiyalar, mahsulot va xizmatlarga aylanishi ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Shuningdek, ajratilayotgan mablagʻlarning kamida yarmi mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan ustuvor sohalarga yoʻnaltirilishi belgilanmoqda. Bu esa energiya, qishloq xoʻjaligi, sanoat, axborot texnologiyalari kabi tarmoqlarda ilmiy yechimlarni jadal joriy etishga xizmat qiladi.

Moliyalashtirish tizimining ochiq va natijaga bogʻliqligi taʼminlanmoqda. Loyihalar belgilangan samaradorlik koʻrsatkichlariga erishgan taqdirda moliyalashtirish davom ettiriladi. Bu esa har bir ilmiy jamoani masʼuliyat bilan ishlash, aniq natijaga erishishga undaydi. Umuman olganda, ushbu yondashuv ilm-fanni iqtisodiy oʻsishning muhim omiliga aylantirishga zamin yaratadi.

Jahon talablariga mos

Islohotlar doirasida mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini xalqaro maydonga olib chiqish, Oʻzbekistonni mintaqadagi nufuzli taʼlim markaziga aylantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda. Bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar yurtimizning ochiqlik siyosati, intellektual salohiyati va taʼlim sifatining oʻsib borayotganini dunyoga namoyon etyapti.

Shu maqsadda “Study in Uzbekistan” platformasini yanada takomillashtirish va rivojlantirish koʻzda tutilgan. Mazkur platforma xorijlik abituriyentlar uchun mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalariga kirish jarayonlarini soddalashtiradi, ularga qulay va shaffof qabul imkoniyatlarini yaratadi. Eng muhimi, universitetlarga xorijlik talabalarni mustaqil qabul qilish vakolati berilishi ularning xalqaro raqobatbardoshligini oshiradi, taʼlim dasturlarini jahon talablariga mos ravishda takomillashtirishga turtki beradi.

Har yili 500 nafargacha iqtidorli xorijlik talaba uchun grantlar ajratilishi koʻzda tutilmoqda. Bu mamlakatimiz taʼlim muassasalariga xorijlik fuqarolar orasidan iqtidorli yoshlarni yanada faol jalb qilish, turli madaniyat va tajribalar almashinuvini kuchaytirish, akademik muhitni yanada boyitish imkonini beradi. Bunday muhit, oʻz navbatida, talabalarimizning dunyoqarashini kengaytiradi, ularni global fikrlaydigan mutaxassislar sifatida shakllantiradi.

Mazkur islohotlar orqali Oʻzbekiston taʼlim eksportini izchil amalga oshiradi, xalqaro taʼlim bozorida oʻrnini mustahkamlaydi. Kelayotgan har bir xorijlik talaba bilim olish asnosida yurtimiz madaniyati, salohiyati va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishadi.

Shu tariqa Oʻzbekiston bosqichma-bosqich mintaqadagi taʼlim xabiga aylanib boradi. Bu esa nafaqat taʼlim sohasida, balki mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirishda ham muhim omil boʻladi.

Raqamlashtirish va zamonaviy infratuzilma

Farmonda raqamlashtirish masalasiga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi zamonda raqamli texnologiyalar taʼlim sifatini oshirish, boshqaruvni samarali tashkil etish va inson omili taʼsirini kamaytirishda muhim oʻrin tutadi. Shu bois, oliy taʼlim tizimida zamonaviy raqamli infratuzilmani shakllantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Jumladan, “Karyera” platformasi ishga tushirilishi bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashda mutlaqo yangi yondashuvni joriy etadi. Ushbu platforma orqali talabalarning bilim va koʻnikmalari, qiziqishlari hamda mehnat bozori ehtiyojlari oʻrtasida samarali bogʻliqlik taʼminlanadi. Bu esa bitiruvchilarning oʻz mutaxassisligi boʻyicha ish topish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

“Talabaning raqamli pasporti” joriy etilishi har bir talaba haqidagi barcha maʼlumotlar — oʻqish koʻrsatkichlari, faolligi, yutuqlari va koʻnikmalarini yagona tizimda jamlash imkonini beradi. Bu maʼlumotlar taʼlim sifatini tahlil qilish, individual yondashuvni kuchaytirish va talabalarni ragʻbatlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, barcha elektron xizmatlarni birlashtiruvchi yagona taʼlim portalini yaratish rejalashtirilgan. Ushbu platforma orqali talabalar, professor-oʻqituvchilar va taʼlim muassasalari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar soddalashadi, xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatiladi. Bu esa vaqt va resurslarni ­tejash, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim yoʻnalish — ­sunʼiy intellekt asosida baholash tizimlarini joriy etishdir. Bu orqali bilimlarni baholash jarayonida xolislik, aniqlik va shaffoflik taʼminlanadi, inson omili bilan bogʻliq subyektivliklar bartaraf etiladi. Ayni paytda masofaviy taʼlimni yanada takomillashtirish, uning sifatini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

Talaba — eʼtibor markazida

Amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim va ustuvor jihati inson ­omiliga, yaʼni talabaga qaratilayotgan eʼtiborning keskin ortishidadir. Yangi yondashuvda talabaga faqat taʼlim jarayoni ishtirokchisi emas, balki butun tizimning markaziy figurasi sifatida qaralmoqda.

Endilikda taʼlim jarayoni talabaning mustaqil fikrlashini, tahlil qilish qobiliyatini va amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi. Baholash tizimi ham aynan shu mezonlarga asoslanadi, yaʼni yodlash emas, balki tushunish, fikr yuritish va yechim topish qobiliyati ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu esa yoshlarni tayyor bilim isteʼmolchisidan mustaqil fikrlovchi, tashabbuskor shaxsga aylantirishga imkon beradi.

Taʼlim va amaliyot uygʻunligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oliy taʼlim muassasalari ishlab chiqarish, biznes va tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritib, talabalarning oʻqish jarayonidayoq amaliyot oʻtashi, real ish muhitini his qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bu bitiruvchilarning mehnat bozoriga tayyor holda kirib kelishini taʼminlaydi.

Ijtimoiy himoya va imkoniyatlarni kengaytirish ham islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biridir. Talabalar uchun qulay taʼlim muhiti yaratish, ularni qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, ijtimoiy ehtiyojmand yoshlarga keng imkoniyatlar berish orqali taʼlimda tenglik va adolatga erishiladi.

Shuningdek, bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishi taʼlim sifatiga berilgan asosiy baho mezoniga aylanmoqda. Endi universitet faoliyati faqat diplom berish bilan emas, balki uning bitiruvchilari qay darajada hayotda oʻz oʻrnini topayotgani bilan baholanadi. Bu esa oliy taʼlim tizimini yanada masʼuliyatli, natijaga yoʻnaltirilgan va hayot bilan uzviy bogʻlangan tizimga aylantiradi. Eng muhimi, bunday yondashuv orqali bilimli, raqobatbardosh va zamon talablariga javob beradigan yangi avlod shakllanadi.

Bugun boshlangan islohotlar mohiyatiga koʻra faqat bir sohadagi oʻzgarishlar emas, balki mamlakatimiz taraqqiyotining uzoq muddatli yoʻnalishini belgilab beruvchi muhim strategik qadamdir. Chunki oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimi har qanday davlatning intellektual salohiyati, iqtisodiy qudrati va kelajak taraqqiyotini belgilaydigan asosiy ustunlardan biridir.

Amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida yangi Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimi mazmunan va mohiyatan yangi qiyofaga kirmoqda. U raqobatbardoshligi bilan ajralib turadigan, innovatsiyalarni yaratish va joriy etishga qodir, xalqaro maydonda munosib oʻrin egallay oladigan tizimga aylanib bormoqda. Universitetlar faqat bilim beruvchi muassasa emas, balki ilmiy va iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qiluvchi zamonaviy intellektual markaz koʻrinishini olmoqda.

Asosiysi, bu islohotlar orqali inson kapitaliga eʼtibor mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Yoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratilib, ularning bilim olishi, izlanishi va oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun mustahkam zamin yaratilyapti. Ana shu jarayonlar natijasida bilimli, tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan va global raqobatga tayyor yangi avlod shakllanadi.

Aynan shunday avlod mamlakatimizning ertangi kuni, uning barqaror taraqqiyoti va xalqaro maydondagi muvaffaqiyatining eng ishonchli kafolatidir.

Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri