Tadbirni Fargʻona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov ochib berdi va “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarining jamiyat hayotidagi oʻrni, aholini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni bilan yaqindan tanishtirishdagi faolligi, har bir yoʻnalishda hozirjavobligi haqida toʻxtalib oʻtdi.
Uchrashuvda Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi raisi Muhammadjon Obidov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Dilshoda Ergasheva, “Fargʻona viloyati teleradiokanali” davlat muassasasi rahbari Ibrohimjon Halimbekov hamda soha vakillari, universitet professor-oʻqituvchilari ham soʻz olib, ushbu gazetalar faoliyati, oʻziga xos uslubi toʻgʻrisida soʻz yuritdilar.
Samimiy muloqotda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2020-yilda davr talabi asosida tashkil etilgani, uning asosiy maqsad va vazifalari yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi.
Gazetalar bosh muharriri Salimjon Doniyorov ommaviy axborot vositalari va oʻquvchilar oʻrtasidagi bevosita muloqot nashrlar faoliyatini yanada takomillashtirishi, ularning taʼsir doirasi va nufuzini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Shu bilan birga, bugungi axborot makonida onlayn muloqotlar orqali auditoriya bilan hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishiga eʼtibor qaratdi.
– Fargʻonada ziyoga, gazetaga boʻlgan tashnalikni koʻrdim. Shu bilan birga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda bevosita ishtirok etish, u haqida oʻz fikrini bildirishga intilish, ayniqsa, yoshlarda kuchli ekani bizga ruh bagʻishladi, – deydi “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salimjon Doniyorov. – Axborot vositalari jamoasi bevosita oʻquvchilari bilan uchrashuvi uning rivojlanishi va yuksalishiga xizmat qilishini Fargʻonada yana bir bor koʻrdik. Shu bilan birgalikda yangi texnologiyalardan unumli foydalangan holda onlayn muloqotlarni ham kengaytirishimiz zarur ekan. Shunda qaysidir maqola yoki videokontentga nisbatan oʻquvchi, foydalanuvchi oʻz fikri, taklif va munosabatini bildirishi mumkin boʻladi.
Uchrashuvda gazetaning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati, kontent tayyorlash boʻyicha maʼlumotlar berildi.
Ijodiy uchrashuv doirasida Salimjon Doniyorovning soʻnggi oʻn yil ichida mamlakatimizdagi keng koʻlamli islohotlar natijalari haqida soʻz yurituvchi “Yangi Oʻzbekiston orzusi” nomli kitobi taqdimoti ham oʻtkazildi.
Tadbir ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga muallifdan atroflicha javoblar oldilar.