Bugungi kunda “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jamoatchilik bilan muloqotlarga, ijtimoiy tarmoqlardagi sohaga tegishli maqolalar hamda murojaatlarga munosabati yuzasidan alohida ijro va nazorat tizimi yaratilgan.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati va uning tasarrufiga kiruvchi “Suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning mutasaddilari tomonidan jamoatchilikka keng tushuntirish ishlari berilib, koʻtarilgan muammolar hal etilmoqda.

Bugungi kunda hududiy suv taʼminoti korxonalarida jami 527 ta avariya tiklash brigadasi mavjud boʻlib, ushbu brigadalarda 2219 nafar tarmoq ustalari va chilangar xodimlar faoliyat koʻrsatib kelmoqda. 2020-yil davomida ichimlik suvi tarmoqlarida sodir boʻlgan jami 140,4 mingta avariya va nosozliklar bartaraf etildi. Sodir boʻlgan avariya va nosozlik holatlari oʻtgan yillarga nisbatan 16,8 mingta yoki 12 foizga kamaygan.

Respublikada jami 70,4 ming km.dan ziyod ichimlik suvi quvurlari mavjud boʻlib, shundan 26,9 ming km. (38%) qismi taʼmirtalab holatga kelgan. Buning sababi – ichimlik suvi tarmoqlarining asosiy qismi oʻtgan asrning 80-90-yillarida qurilgan. Shuningdek, 9,3 mingta ichimlik suvi tozalash inshootlaridan 3,5 mingtasi (38%); 7,6 ming km. oqova suv quvurlari va kollektorlaridan 1,7 ming km. (22 %); 58 ta oqova suv tozalash inshootidan 49 tasi (84%) taʼmirtalab holga kelib qolgan.

Ushbu holatlarni yaxshilash maqsadida 2020-yilda suv inshootlari, magistral suv tarmoqlari, mahalla va koʻcha boshlariga 1187 ta zamonaviy suv hisoblagichi oʻrnatildi. 120 ta suv hisoblagichi billing bazasiga ulanib, onlayn monitoring yoʻlga qoʻyildi. 380 dona yangi energotejamkor nasos oʻrnatilib, 1251 ta nasos uskunasi taʼmirlandi. Natijada har oyda 2,6 mln. kVt yoki 1,2 mlrd. soʻm elektr energiyasi tejaldi.

2,2 mingta maxsus texnika vositasining 549 tasi joriy va mukammal taʼmirlandi, 660 ta GPS qurilmasi oʻrnatildi. Shuningdek, MCHJlarning oʻz mablagʻlari hisobidan 63 ta, Samarqand viloyati hokimligi mablagʻlari hisobidan 24 ta yangi maxsus texnika vositalari xarid qilindi. Natijada tarmoqlarda sodir boʻlgan avariyalarning bartaraf etilish vaqti 7-8 soatdan 2-2,5 soatga qisqartirildi.

981 km. ichimlik suvi quvurlari, 38 ta ichimlik suvi tarqatish inshooti, 54 ta suv qudugʻi, 7 ta suv rezervuari, 41 ta suv minorasi, 39 km. oqova suv quvurlari, 1 ta oqova suv tozalash inshooti va 7 ta oqova suv nasos stansiyasi qurilib topshirildi.

Shuningdek, olis qishloqlarning aholisiga suv taʼminoti masʼuliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan mahalliy hokimliklar bilan birgalikda tasdiqlangan jadval asosida jami 1721 ta maxsus texnika (shundan 1443 tasi tadbirkorlar) orqali ichimlik suvini yetkazib berish yoʻlga qoʻyilgan va bu ishlar “Oʻzsuvtaʼminot” AJning doimiy nazoratida.

Mazkur ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, barcha dasturlarning moliyaviy manbalari hisobidan 1,8 ming km. ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari tortiladi, 118 ta obyekt quriladi.

Xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit mablagʻlari hisobidan ichimlik suvi taʼminoti boʻyicha 283 km. magistral hamda 539 km. tarmoqlar, 26 ta suv inshooti, 4 ta suv rezervuari va 3 ta suv minorasi quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

Oqova suv tizimlari boʻyicha 13 ta oqova suv tozalash inshooti, 186 km. kollektorlar hamda 79 km oqova suv tarmoqlari, 15 ta oqova suv nasos stansiyasi quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

Respublika byudjeti hisobidan 88 dona va MCHJlarning oʻz mablagʻlari hisobidan 60 dona maxsus texnika xarid qilinadi.

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ Axborot xizmati