Bugun ushbu vazifalarni soʻzsiz bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosiga kirishilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida boʻlib oʻtgan yigʻilishda bu boradagi ishlar muhokama qilindi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, vazirlik markaziy apparati vakillari, bir qator sohaviy xizmatlar rahbarlari, taʼlim muassasalari mutasaddilari, shuningdek, akademiya shaxsiy tarkibi aʼzolari ishtirok etdi.
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov vazirlik akademiyasi boshligʻi lavozimiga tayinlangan polkovnik Rustam Hotamovni jamoaga tanishtirdi.
Ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish, soha uchun yetuk malakali kadrlar tayyorlash maqsadida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Vazirlik akademiyasi bu borada respublikamizning yetakchi oliy taʼlim muassasasi sanaladi. Soʻnggi yillarda mazkur oʻquv dargohida kadrlarni tayyorlash, kasbiy tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Biroq mamlakatimizda kechayotgan shiddatli yangilanishlar jarayonida taʼlim samaradorligini tubdan takomillashtirish, yosh kadrlarning kasbiy va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini mustahkamlash ham dolzarb vazifaga aylanayotgani hech kimga sir emas.
– Har birimiz islohotlarga mos qadam tashlashimiz lozim, – dedi P.Bobojonov. – Yoshlarimizning bilim olishi uchun zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish barobarida, oʻqitishning ilgʻor metodlarini hayotga tatbiq etishimiz lozim. Afsuski, oramizda eski andozalar bilan dars oʻtadigan, davr ruhidan bir qadam ortda qolayotgan pedagoglarimiz ham yoʻq emas. Tahlillarga koʻra, taʼlim dargohini bitirgan ayrim yosh mutaxassislar qisqa muddat ichida shaxsiy xohishiga koʻra oʻz xizmat vazifasidan boʻshab ketish, rahbarlik lavozimlariga tayinlangan mutaxassislar esa bir yil oʻtmasdan zaif tomonlarini namoyish qilmoqda. Bu kabi muammolarga kasbiy bilim va fazilatlarning yetishmasligi asosiy omil boʻlmoqda.
Yigʻilishda kadrlar tayyorlashda kechiktirib boʻlmas vazifalarga urgʻu qaratildi. Taʼlim sifatini mutlaqo yangi tizimda yoʻlga qoʻyish, bu borada xalqaro tajribaning samarali mexanizmlarini tatbiq etish, nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash, tinglovchi-kursantlarning kasbiy fazilatlarini tizimli ravishda yuksaltirib borish, akademiyaning ilmiy salohiyatini oshirish, vazirlik taʼlim muassasalari oʻrtasidagi uzluksiz taʼlim sifatini oshirish borasida aniq tavsiyalar berildi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi zimmasiga tizim xodimlarining malakasini oshirish, ularni kasbiy tayyorlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishida ilmiy-metodik yordam koʻrsatish boʻyicha aniq topshiriqlar yuklandi. Bu borada “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, professor-oʻqituvchilar tomonidan joylarda ichki ishlar xodimlari uchun oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilib, kriminogen vaziyati ogʻir hududlarning ahvoli oʻrganiladi. Jinoyatchilikning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlari ilmiy asoslantirilgan holda tahlil qilinib, aniq taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqiladi.
– Taʼlimda nazariya va amaliyot oʻzaro bir-birini toʻldirishi kerak. Kursantlarga bilim berish, amaliy koʻnikmalarini shakllantirish bilan cheklanib qolmasdan, mutaxassislik kafedralari qoshida jinoyatchilikni prognozlash tizimini yoʻlga qoʻyishni ham davr taqozo etmoqda, – dedi P.Bobojonov.
Yigʻilishda Prezident Administratsiyasi hamda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasidan vakillar soʻzga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amaldagi ijrosini taʼminlash masalalariga toʻxtaldi.