Ichki ishlar organlari xodimlari aholining ishonchli himoyachisi bo'lishi kerak

    Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining joriy yil 20-yanvar sanasida “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo'naltirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 10-sonli Qarori ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisi sifatida fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan hamjihatlikda, o'zaro ishonch ruhida faoliyat yuritishini ta'minlash maqsadida qabul qilindi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi Kodeksi ham tasdiqlandi. Har bir IIO xodimi ishga qabul qilingan kundan, egallab turgan lavozimi hamda bajaradigan ishi xususiyatidan qat'i nazar, ushbu kodeksga birday va so'zsiz rioya etishga majburdir.

    Bundan tashqari, yangi qaror bilan IIB ma'naviy-ma'rifiy ishlar va kadrlar bilan ta'minlash departamenti to'g'risidagi Nizom, Ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyatini oshirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarning Yo'l xaritasi tasdiqlangan.

    Fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, kamtar va bosiq bo'lish, ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qat'i nazar, hech bir shaxs, guruh yoki tashkilot kamsitilishi yoki afzal ko'rilishiga yo'l qo'ymaslik juda muhimligi belgilangan.

    Qolaversa, Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan va 21-yanvardan kuchga kirgan yuqoridagi dasturilamal hujjatda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini to'liq, xolisona va o'z vaqtida ko'rib chiqilishi alohida qayd etilgan. Chunonchi, ayni ko'rsatma Yurtboshimizning «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak!» degan ezgu da'vati bilan chambarchas bog'liq.

    Dilshodbek NAZAROV,
    Namangan shahar bo'yicha IIOFMB kadrlar bilan ta'minlash guruhi katta inspektori, mayor
    Bekzod ELMURODOV,
    shu guruh inspektori, leytenant