Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi

    25-oktyabr Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirok etib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tizim xodimlari va faxriylariga bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

    Tabrikda ularning xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi katta xizmatlari minnatdorlik bilan eʼtirof etildi.

    Ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, ularni el-yurt manfaatlari yoʻlida xizmat qiladigan xalqchil va professional tizimga aylantirish boʻyicha qilingan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar qayd qilindi.

    Davlatimiz rahbarining qutlovida ichki ishlar tizimidagi oʻzgarishlarning amaliy natijasini xalqimiz oʻz kundalik hayotida doimo sezishi, his etishi shartligi taʼkidlanib, tizim xodimlariga ezgu tilaklar bildirilgan.