Hujjat Prezidentning “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 26-martdagi PF-6196-son Farmoniga muvofiq qabul qilingan.
Maʼlumot uchun! Prezidentning 26.03.2021-yildagi PF-6196-son Farmoni bilan “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshligʻi”, “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi tezkor xodim” nominatsiyalari boʻyicha har yili respublika tanlovini oʻtkazish tartibi belgilangan. Eng yaxshi xodimlarni eʼlon qilish 25-oktyabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kunini nishonlash chogʻida eʼlon qilinadi.
Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
tegishli nominatsiyalar boʻyicha ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni adolatlilik, xolislik, oshkoralik va kollegiallik prinsiplari asosida aniqlash;
tanlovning hududiy saralash va respublika final bosqichlarini oʻtkazish hamda gʻolib va sovrindorlarni aniqlash tartibi;
sinov natijalari asosida tashkiliy qoʻmitaning qarori bilan tegishli nominatsiyalar boʻyicha gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash tartibi hamda ularga beriladigan imtiyozlar.
Tanlovda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, tergov va tezkor-qidiruv faoliyati sohalarida kamida bir yil ish tajribasiga ega ichki ishlar organlarining xodimlari ishtirok etishi mumkin.
“Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshligʻi” nominatsiyasi boʻyicha hududiy ichki ishlar organi rahbarlik lavozimlarida kamida 2 yil amaliy ish tajribasiga ega ichki ishlar organlarining xodimlari ishtirok etishi mumkin.
Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari bir oylik pul taʼminotining 50%i miqdorida, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallagan xodimlar - tegishlicha bir oylik pul taʼminotining 20% va 10%i miqdorida bir yil davomida moddiy ragʻbatlantiriladi.
Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash boʻyicha respublika tanlovining tashkiliy qoʻmitasi tarkibi tasdiqlandi.
Tashkiliy qoʻmitaga tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarga vazirliklar va idoralar, boshqa davlat tashkilotlari vakillarini, OAV hamda keng jamoatchilikni jalb etish, xodimlarning tanlovga boʻlgan qiziqishini kuchaytirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish huquqi berildi.
IIVning Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti tashkiliy qoʻmitaning ishchi organi hisoblanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 25.08.2021-yildan kuchga kirdi.