Yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli strategik islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi sharoitda jinoyatlarni sodir etishga shart-sharoit yaratayotgan har qanday illatga nisbatan murosasiz kurashish barchamizning muqaddas burchimiz, kundalik tashvishimizga aylanishi lozim.
Jahonning turli mamlakatlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻnalishidagi tadqiqotlar natijalari yangicha rivojlanish bosqichlari jinoyatlarning yangi koʻrinishlari shakllanishiga turtki boʻlayotganini koʻrsatmoqda. Xususan, raqamlashtirishning yuqori surʼatlarda rivojlanishi taʼsirida jinoyatlar shakllari va uni sodir etish usullari zamonaviylashib, axborot texnologiyalari shaxsga va uning mulkiga tajovuz qilishga qaratilgan huquqbuzarliklar, shuningdek, kiberjinoyatchilikning sodir etilishida asosiy omil boʻlayotir.
Shu sababli hozirgi vaqtda butun dunyoda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidagi eng dolzarb muammolardan biri sifatida qaralmoqda. Kiberjinoyatlarning turlari va ushbu jinoyatni sodir etayotgan shaxslar soni ortib borayotgani yangi tahdidlar yuzaga kelishi bilan izohlanmoqda.
Tahlillar va statistik maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilda kiberjinoyatlar ortidan keladigan yillik global zarar 11,4 trillion dollarga teng boʻlgan,
2026-yilda 120 foiz oʻsib, 25,8 trillion dollarga yetishi bashorat qilinmoqda. Ayrim manbalarda taʼkidlanishicha, 2026-yilga kelib kiberjinoyatlar global transmilliy jinoyatlarning umumiy sonidan koʻra 5 baravar koʻproq sodir etilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, 2030-yilga borib dunyoda kiberjinoyatlarga qarshi kurashuvchi tuzilmalar davlat va xususiy serverlar, bulutli maʼlumot markazlari, shaxsiy kompyuter va qurilmalarda saqlanadigan jami 2 ming zettabaytlik (ikki trillion terabayt) maʼlumotlarning xavfsizligini taʼminlashi lozim boʻladi. Chunki kiberjinoyatchilikning avj olishi oqibatida istalgan korxona-tashkilotning maʼlumotlar bazalari kiberhujumga uchrashi ehtimolini rad etib boʻlmaydi. Shu sababli bu borada mustahkam himoya choralarini koʻrish talab etiladi.
Oʻz navbatida, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda ushbu turdagi jinoyatlarning latentligini inobatga olish kerak boʻladi. Mutaxassislar fikricha, kiberjinoyatlarning latentligi AQSHda 80 foiz, Buyuk Britaniyada 85 foiz, Germaniyada 75 foiz, Rossiyada 90 foizdan yuqori koʻrsatkichni tashkil qiladi. Bu esa kiberjinoyatlarning sodir etilishi boʻyicha real holatlar statistikasi bundan ham yuqori koʻrsatkichlarni tashkil etishi mumkinligini koʻrsatmoqda.
Globallashuv va raqamlashtirish muhitida raqamli texnologiyalar vositasida sodir etilayotgan jinoyatlar yildan yilga koʻpayib, anʼanaviy jinoyatlarning kiberjinoyatlarga transformatsiyasi yurtimizda ham kengayib borayotgani kuzatilmoqda.
Xususan, mamlakatimizda soʻnggi besh yillikda kiberjinoyatlar 68 baravar, birgina oʻtgan yilda esa 2023-yildagiga nisbatan 9,1 baravar oshgan. Ushbu davrda kibermakondagi huquqbuzarliklar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar soni 34 baravar koʻpaygan.
Mazkur jinoyatlar natijasida fuqarolarning 1 trillion 909 milliard soʻmdan ortiq mablagʻi talon-taroj qilingan.
2019-yilda axborot texnologiyalari orqali 18 turdagi 863 ta jinoyat sodir etilgan boʻlsa, 2024-yilda 62 turdagi 58 ming 800 ta jinoyat qayd etilgani hamda kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi sezilarli ravishda ortishi kuzatilgani ularning oldini olish zaruratini yanada dolzarblashtirmoqda.
2023-yilda kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi 6,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilda 44,4 foizga yetib, deyarli har ikkita jinoyatning biri axborot texnologiyalari orqali sodir etildi. Bu holat ularning oldini olish tizimini muntazam, yilma-yil takomillashtirib borishni taqozo etmoqda.
Kiberjinoyatlarning asosiy qismini (98 foizi) bank kartalari bilan bogʻliq jinoyatlar (kiberoʻgʻrilik va kiberfiribgarlik) tashkil etmoqda.
Kiberjinoyatlar asosan quyidagi usullarda sodir etilmoqda:
— 60 foizi zararli havolalar va dasturlar yuborish orqali bank kartasi yoki mobil qurilma boshqaruvini qoʻlga kiritish yoʻli bilan;
— 16 foizi turli aldovlar bilan bank kartasi hamda mobil ilovalardagi akkauntlar boshqaruvini tasdiqlovchi SMS kodni qoʻlga kiritish yoʻli bilan;
— 4 foizi shaxs nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish orqali;
— 11 foizi onlayn savdo platformalaridagi firibgarliklar orqali;
— 9 foizi turli usuldagi firibgarlik sxemalari orqali fuqarolarning pul mablagʻlarini jalb qilish tarzida sodir etilmoqda.
Yuqorida keltirilgan tahlillar va statistik maʼlumotlar asosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng tarqalishi va real vaqt rejimida cheksiz axborot almashinuvi imkoniyatlari ortib borishi sharoitida kiberjinoyatlar murakkab transmilliy muammoga aylanib borayotganini koʻrish mumkin. Bu esa kibermakonda xavfsiz muhitni yaratish uchun innovatsion yondashuvlar asosida kiberjinoyatlarga qarshi kurashish usullarini ishlab chiqishni taqozo etmoqda.
Bugungi kunda jahonda ilmiy tadqiqotlar doirasida kiberjinoyatlar oldini olish va kibermakonda xavfsiz muhitni yaratish uchun turli yondashuv va uslublar taklif etilmoqda.
Xususan, kiberjinoyatlarni tergov qilish faoliyati bilan shugʻullanuvchi Group-IB kompaniyasi prezidenti Ilya Sachkovning taʼkidlashicha, agar foydalanuvchi kiberxavfsizlik qoidalarini bilsa, u kibermakonda doimo xavfsiz boʻladi. Group-IB kompaniyasi tomonidan oʻn yil davomida kiberfiribgarlar shaxsiy maʼlumotlarni oʻzlashtirmasligini nazarda tutuvchi maxsus eslatmalar ishlab chiqildi. Ammo bu eslatmalarning jamiyatda juda sekin tarqalishi tufayli bu usul oʻz samarasini bermagan.
Ushbu yoʻnalishdagi yetakchi tadqiqotchi U. Dizard axborot jamiyatining raqamli transformatsiyasi sharoitida qator muammoli masalalarni hal qilish uchun yangi texnologiyalar taqdim etayotgan imkoniyatlar doimo hisobga olinishi va ularga qarshi kurashishi kerak boʻlgan potensial xavflarni oʻz ichiga olishi lozimligini taklif qilgan. Uning fikricha, mazkur masala boʻyicha rivojlanish strategiyasi muayyan darajada texnik va iqtisodiy qarorlar qabul qilinishi bilan belgilanishi kerak.
Qator olimlar qonun hujjatlarida belgilangan jazo choralarini kuchaytirish orqali kiberjinoyatlarning oldini olish mumkinligini taʼkidlagan boʻlsa, boshqalari kiberjinoyatlarning oldini olish muammolari taʼlim jarayoni subyektlarining raqamli savodxonligi bilan bogʻliqligini asoslab bergan. Ular oʻz ilmiy xulosalarida kiberjinoyatlarning oldini olishda raqamli taʼlim muhiti imkoniyatlaridan samarali foydalanishni, fan dasturlariga “Kiberxavfsizlik asoslari” oʻquv fanini barcha oʻquvchilar uchun majburiy fan sifatida kiritishni taklif qilgan.
Kiberjinoyatlarning oldini olish muammolarining dolzarb masalalari yuzasidan yetuk olimlar tomonidan ilmiy tadqiqotlar qilinib, bu boʻyicha innovatsion yondashuvlarga oid mulohazalar bildirilgan.
Bu boʻyicha nafaqat ilmiy markazlar va tadqiqot muassasalari, balki ayrim rivojlangan davlatlarda ham yetarlicha strategik usullar ishlab chiqilgani kuzatilgan.
Xususan, raqamli texnologiyalarni joriy etish va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha ilgʻor tajribaga ega Singapur, AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar tomonidan uzoq yillik strategik masalalar qoʻyilib, kiberjinoyatlarning oldini olish muammolarining ayrim masalalari yechilgan.
Mazkur yoʻnalish xalqaro tashkilotlar, xususan, NATO tomonidan ham global muammo sifatida qayd etilgan. Ushbu muammoning ahamiyati blokning soʻnggi yillarda qabul qilingan barcha boshqaruv hujjatlarida oʻz ifodasini topgan. Bundan tashqari, bolalar kiberjinoyatlar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish maqsadida YUNISEF tomonidan ham bir necha yirik loyiha amalga oshirilgan.
Yuqoridagi tahlillar natijasidan koʻrinadiki, kiberjinoyatlarning yangi turlari va shakllari yuzaga kelayotgani sababli ularga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 30-apreldagi qarori yurtimizda axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish, kiberjinoyatlar sodir etilishiga sabab boʻlayotgan muammolarni tizimli choralar orqali hal qilish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida yagona ishlash amaliyotini yoʻlga qoʻyish, bu borada barcha masʼul davlat organlari va muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda manzilli hamkorligini tashkil etish boʻyicha vakolatli organni belgilash hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasidagi samarali chora-tadbirlarning navbatdagi muhim huquqiy asosi boʻlib xizmat qiladi.
“Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi mazkur qarorga asosan, kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olish yoʻnalishida quyidagi choralarni koʻrish belgilandi:
Birinchidan, banklar tomonidan shubhali moliyaviy amaliyotlar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tezkor xabar berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda Markaziy bankda shubhali oʻtkazmalarni aniqlash mexanizmi ishlab chiqiladi va maʼlumotlar elektron maʼlumotlar almashinuvi tizimi orqali Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi. Natijada fuqarolar firibgarlik sxemalariga investitsiya kiritish va aldanib qolish holatlarining barvaqt oldi olinadi, firibgarlik jinoyatlari, jumladan, “moliyaviy piramida” orqali oʻzlashtirilgan pullarning 80 foizini oʻz egalariga qaytarish imkoniyati paydo boʻladi.
Ikkinchidan, eng koʻp kiberjinoyat qayd etilgan banklar va toʻlov tashkilotlari roʻyxatini ommaga eʼlon qilish amaliyoti joriy etiladi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan jinoyatlarning tahlili asosida avtomatik va shaffof shakllanadigan reyting tizimi ishlab chiqiladi hamda har oy yakuni boʻyicha natijalar internetdagi rasmiy saytlarda va ommaviy axborot vositalarida keng jamoatchilikka eʼlon qilib boriladi. Bu banklar va toʻlov tashkilotlari oʻz xavfsizlik tizimini mustahkamlash boʻyicha jiddiy choralar koʻrishiga turtki beradi, fuqarolarda himoya tizimi mustahkam boʻlgan banklar va toʻlov ilovalarini aniqlash va tanlash imkoniyati paydo boʻladi.
Uchinchidan, soxta qoʻngʻiroqlarni cheklash (telekom antifrod) tizimi toʻliq joriy qilinadi. Bugungi kunda mobil qurilmalardan foydalanuvchi fuqarolarning deyarli 95 foiziga nisbatan soxta qoʻngʻiroqlar orqali aldovlar bilan shaxsga doir maʼlumotlarini oʻgʻirlashga urinishlar sodir etilmoqda. Natijada soxta qoʻngʻiroqlar orqali sodir etiladigan firibgarlikning toʻliq oldini olish imkoniyati paydo boʻladi.
Toʻrtinchidan, har yili “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” kompleks targʻibot tadbirlari oʻtkaziladi. Kiberjinoyatlar tahlillari ularning 95 foizida jabrlanuvchilarning oʻzi jinoyatga sharoit yaratib berganini koʻrsatmoqda. Kibersavodxonligi yetarli emasligi sababli fuqarolarning oʻzi shaxsiy maʼlumotlarini firibgarlarga taqdim etmoqda yoki ijtimoiy tarmoqlardan zararli dasturlarni yuklab olmoqda.
Shunga koʻra, har yilning noyabr oyida kibertargʻibot oyligi oʻtkazish, targʻibot olib borishda barcha manfaatdor vazirlik va idoralar, nodavlat va jamoatchilik muassasalari masʼuliyatini oshirish uchun yillik dasturni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlash tartibini joriy etish belgilangan.
Beshinchidan, aholining ogohligini oshirib borish boʻyicha barcha davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarida doimiy targʻibot-tashviqot olib boriladi. Kiberjinoyatlarning shakl va usullari tezlikda yangilanib, qisqa muddatda koʻplab fuqarolarning jabrlanib qolayotgani kuzatilmoqda.
Bu, oʻz navbatida, yangi turdagi kibertahdidlardan aholining barcha qatlamini ogohlantirish orqali salbiy oqibatlarning barvaqt oldini olish mumkinligini koʻrsatmoqda.
Shunga koʻra, faol va taʼsirchan tashviqot olib borish boʻyicha barcha OAV va internet nashrlari masʼuliyati va tashabbuskorligini oshirish, har bir shaxsda boshqalarni yangi tahdiddan ogohlantirish, “ijtimoiy foydali ish” sifatida yondashuvni shakllantirish, barchaning shaxsiy faolligini uygʻotish talab etiladi.
Oltinchidan, targʻibotda internet tarmoqlaridan maqsadli foydalanish hamda tashviqot tadbirlarini yoshlar oʻrtasida umummilliy harakat sifatida tashkil etish.
Bugun yoshlar asosiy vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazishi hamda milliy qadriyatlarimizga yot gʻoyalar targʻiboti keng tarqalishi kuzatilmoqda. Internetda maqsadli (target) reklamalar asosida targʻibot olib borish xarajat talab etsa-da, taʼsirchan hisoblanishi isbotlanmoqda.
Yettinchidan, “Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqish. Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha HMQO, banklar, manfaatdor idoralar va jamoatchilik muassasalarining oʻzaro hamkorligini tashkil etish va sohadagi faoliyatini manzilli yoʻnaltirish tartibi joriy etilmagan. Mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat mavjud emas, muhim masalalar belgilab berilmagan. Yangi qonun qabul qilinishi bilan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha masʼul va koʻmaklashuvchi muassasalar, ularning vazifa hamda vakolatlari belgilanadi, kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olish maqsadida kompleks choralar koʻrib borish tizimi yaratiladi va bu Oʻzbekistonning xalqaro reytingdagi imiji oshishiga xizmat qiladi.
Aziz TOSHPOʻLATOV,
ichki ishlar vaziri,
general-mayor