Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, AQSH va boshqa davlatlardagi elchixonalarimizda ichki ishlar vakili lavozimi joriy qilindi. Ushbu vakillar xorijdagi hamkasblari bilan ishlab, bunday zoʻravonliklarga nisbatan qonun ustuvorligini taʼminlaydi, yurtdoshlarimizni yot gʻoyalar taʼsiriga tushishining oldini oladi.

Mutasaddilarga transchegaraviy va virtual maydonda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha yaxlit tizimni yoʻlga qoʻyish topshirildi. Ichki ishlar vazirligida uyushgan jinoyatchilik boʻyicha alohida xizmat tashkil qilinadi.

Oʻtgan yili poytaxtda ushlangan uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida 259 nafar “ogʻir” toifadagi yoshlar va sportchilar boʻlgani oʻta tashvishli hol ekani qayd etildi.

Sportchilarning aksariyati koʻcha bezorisiga aylanib ketayotgani, joylarda pul uchun yashirin janglar tashkil qilish holatlari koʻpaygani qayd etildi.

Mutasaddilarga bu yoʻnalishda nazoratni taʼminlash vazifasi qoʻyildi. Jangovar sport turlari bilan shugʻullanayotgan yoshlarni kasbga oʻqitib, salohiyatiga mos ish bilan band qilish tizimini yaratish topshirildi.