Mazkur qaror bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2021-2025-yillarga moʻljallangan valyuta intervensiyalari strategiyasi” tasdiqlandi. Strategiyada Markaziy bankning valyuta intervensiyalari tamoyillari, shakllari hamda intervensiyalarni amalga oshirishning maqsad va vazifalari qayd etildi.

Qarorga muvofiq, 2021-yilning 15-fevralidan boshlab, ichki valyuta bozorida amalga oshiriladigan valyuta oldi-sotdi savdolari boʻyicha quyidagilar joriy etiladi:

Oʻzbekiston respublika valyuta birjasida savdo sessiyalari amaldagi “fiksing” usulidan “koll auksion” va ikki tomonlama uzluksiz auksion “metching” savdo usullariga oʻtkazilishi;

valyuta birjasida valyuta oldi-sotdisi boʻyicha savdo sessiyalarining soat 10:00 dan 15:00 gacha “Onlayn platforma” orqali amalga oshirilishi;

valyuta birjasida valyuta oldi-sotdisi boʻyicha hisob-kitoblarning hozirda mavjud T+0 (bugungi ish kuni) shaklidan T+1 (keyingi ish kuni) shakliga oʻtkazilishi;

tijorat banklarining valyuta birjasi savdolarida mijozlar nomidan ishtirok etish amaliyotidan voz kechgan holda xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan valyuta operatsiyalarini toʻgʻridan-toʻgʻri valyuta pozitsiyasi orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, qarorga muvofiq, Markaziy bankning valyuta operatsiyalari boʻyicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida bojxona va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash uchun chet el valyutalarining soʻmga nisbatan rasmiy kurslari kunlik belgilanadi va har bank ish kuni soat 16:00 da Markaziy bankning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilib boriladi.

Shu bilan birga, qarorda valyuta bozorini rivojlantirishning keyingi bosqichlarida valyuta operatsiyalari boʻyicha savdo ishtirokchilarining umumeʼtirof etilgan eng namunali amaliyotlarni oʻz ichiga olgan “Etika kodeksi”ning qabul qilinishi hamda tijorat banklarining “market-meykerlar” sifatida ishtirokini yoʻlga qoʻyish maqsadida ularga beriladigan imtiyoz va majburiyatlarni oʻzida aks ettiruvchi “Market-meykerlik faoliyati toʻgʻrisida”gi meʼyoriy hujjat ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan.

Amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar ichki valyuta bozorining infratuzilmasini takomillashtirish, valyuta kursining shakllanishida tijorat banklarining rolini yana-da oshirish hamda tadbirkorlarning mablagʻlarini zarur boʻlgan valyutalarga tezkor ravishda almashtirish imkoniyatlarini yaratadi.