Mahsulotning afzalligi shundaki, u bozorda taklif etilayotgan 20 ta quvurli quyosh suv isitgichlaridan farqli boʻlib, 24 ta quvur bilan jihozlangan. Bu esa qisqa vaqt ichida 200 litr suvni isitish imkonini beradi. Mahsulot narx borasida ham arzonligi bilan ajralib turadi. Mutaxassislarning bildirishicha, savdoda mavjud boʻlgan shu turdagi qurilma 15 yillik kafolatga ega boʻlsa, mahalliy mahsulot 20 yil davomida ishonchli xizmat qiladi.

Birinchi bosqichda, 15 ta quyosh suv isitgichlari “Toshkent IEM” AJda oʻrnatildi. “Sirdaryo IES” AJda 12 ta va “Tolimarjon IES” AJda yana 10 donasini oʻrnatish ishlari olib borilyapti. Ayni paytda, tizimdagi barcha korxonalarni jami 150 ga yaqin ushbu uskunalar bilan taʼminlash rejalashtirilgan.

Kelgusida loyiha doirasida mahalliy byudjet tashkilotlari va aholi uchun ham quyosh suv isitgichlarini ishlab chiqarish belgilangan. Ayni kunlarda mazkur isitgichlarni bozor narxidan 5-10 foiz arzon qiymatda, aholining keng qatlami uchun moʻljallangan turini tayyorlash hamda kredit yoki ssuda koʻrinishida sotish tartibini joriy etish ustida ish olib borilyapti, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼlumotiga tayanib.

Eslatib oʻtamiz, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan tizimda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish maqsadida “Fargʻona IEM” AJ 1 800-2 000 kVt, “Sirdaryo IES” AJ 1 200-1 500 kVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalarini oʻrnatish boʻyicha tender eʼlon qilgan edi.