Bu haqda Qoraqalpogʻiston Respublikasi madaniyat vaziri Qalbay Turdiyev maʼlum qildi.
II Xalqaro baxshichilik festivalining ochilish marosimi Nukus shahrida boshlanib, yakuniy qismi Moʻynoqda boʻlib oʻtadi. Vazirning taʼkidlashicha, baxshichilik festivali oʻtayotgan bir vaqtda Amudaryo tumani hududida joylashgan Chilpiq qalʼasi atrofida Bolalar folklori hamda Taxtakoʻpir tumanida “Qarateren irgʻaqlari” nomli yoshlar festivali ham tashkil etiladi.
Baxshichilik festivalining oʻtkazilishiga doir masalalarni oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Jamol Nosirov va boshqa mutasaddilar Qoraqalpogʻistonda boʻlib, tadbir oʻtkaziladigan joylarni oʻrgangan. Hozirgi rejaga koʻra, Nukus shahridagi “Otchopar” maydonida barcha viloyatlarning pavilyonlari tashkil etiladi. Hududlarning milliy urf-anʼanalari, baxshichilik sanʼati shu yerda qad rostlagan sahnalarda namoyish etiladi.
Moʻynoqda yakuniy qismga bagʻishlangan galakonsert oʻtkazilishi hamda tuman markazida oʻtovlar qurilib, olov atrofida baxshi-jirovlar ijrosida konsertlar uyushtirilishi moʻljallangan. Xorijdan kelgan sayyohlar va mehmonlar Moʻynoqda bir kun qolib tumanning sayyohlik maskanlariga tashrif buyurishi mumkin.