Tadbirda universitet rektori Alisher Umarov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Chilonzor tumani boʻlim boshligʻi Bahodir Poʻlatov, prorektorlar, dekanlar va guruh murabbiylari ishtirok etdi.
Yigʻilishda ijara xonadonda yashaydigan talabalar va ijaraga beruvchi fuqarolar oʻrtasidagi munosabatni oʻrganish hamda tartibga solish, ijara uchun berilgan uy-joylarning holati toʻgʻrisida maʼlumot yigʻish, talabalarning darsdan keyin nima ish bilan mashgʻul boʻlishi, boʻsh vaqtini qanday oʻtkazishi kabi jiddiy masalalar koʻrib chiqildi, tegishliligi boʻyicha masʼullarga vazifalar yuklatildi. Ayniqsa, talabalarning xususiy uy-joylarda yashash sharoitini bevosita oʻrganishga eʼtiborni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Talabalar isteʼmol qiladigan oziq-ovqatlarning xavfsizligini taʼminlash va turli kasalliklarning oldini olish boʻyicha tushuncha berildi.
Bugungi kunda ayrim oliy taʼlim muassasalari talabalari tomonidan ijaraga olinayotgan xonadonlarning texnik xavfsizlik talablariga javob bermasligi, talabalarda bu boʻyicha bilimlarning yetarli emasligi natijasida turli noxush hodisalar roʻy bermoqda. Muhokamada ijarada turadigan talabalar va ijara beruvchi fuqarolar oʻrtasida munosabatni shaffoflashtirish, ijara uchun berilgan uy-joylarning holati, ota-onalar va talabalar uchun ijara uchun beriladigan uy-joylar toʻgʻrisida yagona axborot tizimini yaratish kabi masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi.
Belgilangan vazifalarni samarali tashkil etish va ijarada yashovchi talabalar bilan ishlash boʻyicha taqdimotlar namoyish etildi. Zarur tavsiyalar berildi. Jumladan, ijarada yashovchi talabalar bilan ishlash mexanizmini yaratish, unda ijarada yashashga ehtiyojmand talabalar va ijaraga beriladigan xonadonlarni aniqlash, talabalarni ijara xonadonlarga joylashtirish orqali tizimli ishlarni bajarish maqsadga muvofiqligini taʼkidlandi. Ijarada turadigan talabalar bilan guruh murabbiylari, profilaktika inspektorlari va mahalla masʼullari hamkorligida olib boriladigan profilaktik tadbirlar qamrovi va sifatini oshirish zarurligi uqtirildi.