Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Respublika bolalar kutubxonasi hamda Xalq taʼlim vazirligi hamkorligida oʻtkazilgan kitobxonlik koʻrik-tanlovi gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Aytish joizki, yoshlarni kitobxonlikka jalb qilish maqsadida Yozuvchilar uyushmasi, Xalq taʼlimi vazirligi va Respublika bolalar kutubxonasi oʻrtasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ijodiy muloqotlar, kitobxonlik bayramlari, kitob koʻrgazmalari shular jumlasidan.
Bu jarayonda hamkorlikda tashkillashtirilayotgan “Kitob taqdimoti”, “Adabiyot kunlari”, “Kitobim-oftobim”, “Eng yaxshi kitobxon oʻquvchi”, “Kitobxonlik festivali”, “Kitobxonlik haftaligi” kabi loyihalar mutolaa madaniyatini oshirishda ahamiyatlidir. Uchrashuvlarda ustoz ijodkorlarning mahorat saboqlari, suhbatlari oʻquvchilarga katta maktab vazifasini oʻtamoqda.
Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan yozgi taʼtil vaqtida oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida “Yil hikoyasi”, “Yilning eng isteʼdodli yosh shoiri”, “Eng isteʼdodli yosh kitobxon”, “Mustaqillik madhi – bolalar ijodida” kabi mavzularda 10ta koʻrik-tanlov tashkil etildi.
Mazkur tanlovlarga 100 ming nafarga yaqin oʻquvchi qamrab olindi. Yoshlarning ijodiy ishlari yozuvchilar, shoirlar tomonidan saralab olindi va gʻoliblar aniqlandi. Tantanali tadbirda ushbu tanlovlar gʻolib va sovrindorlari taqdirlandi.