Ijro intizomi – islohotlar samaradorligi asosi

    Bugun Oʻzbekistondagi keng qamrovli islohotlar mamlakat taraqqiyoti, jamiyat farovonligi va fuqarolar hayotini yaxshilashga qaratilgan. Islohotlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishi esa, avvalo, ijro intizomiga bogʻliqdir.

    Shu jihatdan qaralganda, ijro intizomi islohotlarning muvaffaqiyatiga asos boʻlib xizmat qiladi.

    Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorida ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

    Ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha yagona va uzluksiz “texnologik zanjir”ni tashkil qilish borasidagi ustuvor yoʻnalishlar etib:

    — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar loyihalarini har tomonlama puxta hamda yuksak professional darajada tayyorlash;

    — boshqaruv tizimi, zamonaviy Oʻzbekistonni rivojlantirishning yangi bosqichini, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, shuningdek, respublika hududlarini maqsadli hamda ustuvor vazifalarga muvofiq takomillashtirish;

    — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini samarali va rejali tashkil qilish, ularning bajarilish holatini maqsadli oʻrganish, aniqlangan kamchiliklar boʻyicha tezkor choralar koʻrish;

    — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlardagi nazorat bandlarida aniq mexanizmlar, muddatlar va masʼullar belgilanishi boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni (nazorat rejalarini) oʻz vaqtida ishlab chiqish;

    — ijro intizomiga masʼul boʻlinmalarning ijro intizomini mustahkamlashdagi rolini oshirish;

    — tashkiliy, ijro va nazorat faoliyati yagona tizimining natijadorligi uchun davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish belgilangan.

    Demak, har qanday hujjat ijrosini taʼminlashda ularda belgilangan amaliy mexanizmlar, shakllar va usullardan samarali foydalanish zarur.

    Shundan kelib chiqib, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligida ijro intizomini mustahkamlash maqsadida ish yuritishning ichki jarayonlari avtomatlashtirilib, elektron hujjat aylanishi tizimi toʻliq joriy etilgan. Soha faoliyatiga ­taalluqli hujjatlar ijrosini tashkil qilish boʻyicha aniq maqsadga ­yoʻnaltirilgan qarorlar qabul qilish, ularni tegishli xodimlarga muddatida va toʻliq yetkazish hamda nazorat kartotekalarini yuritish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan:

    birinchidan, qonunchilik hujjatlari vazirlikka kelib tushishi bilan darhol rahbarning uni ijroga qaratish yuzasidan topshirigʻi tayyorlanadi va imzolanib, tegishliligi boʻyicha masʼul ijrochilarga yetkaziladi;

    ikkinchidan, qonunchilik hujjatlaridagi topshiriqlarga aniq mexanizmlar, muddatlar va masʼullar belgilanishi boʻyicha nazorat rejalari ishlab chiqiladi hamda ularni har bir xodimning shaxsiy ish rejasida aks ettirilishi taʼminlanadi;

    uchinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini barvaqt va samarali tashkil etish choralari koʻrilib,

    “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida oʻz vaqtida hisobot berilishiga alohida eʼtibor qaratiladi;

    toʻrtinchidan, ijro intizomini mus­tahkamlash va topshiriqlarning oʻz vaqtida hamda sifatli taʼminlash maqsadida haftaning har dushanba kuni vazir huzurida, chorshanba va juma kunlari vazir oʻrinbosarlari boshchiligida muhokama qilinadi va zaruriy choralar koʻrib boriladi.

    Har payshanba kuni vazir boshchiligida tizim tashkilotlari va hududiy boshqarmalar bilan oʻtkaziladigan videoselektor muhokamalarida ham ijro intizomi masalasi koʻrib chiqiladi;

    beshinchidan, qoʻyilgan vazifalarning mohiyati va ahamiyatini vazirlik, tizim tashkilotlari masʼullari oʻrtasida tushuntirish maqsadida “iqtisodiy oʻqish”lar tashkil etib boriladi.

    Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ijro intizomini mustahkamlash, mazkur yoʻnalishdagi muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish hamda topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan amaliy seminarlar oʻtkaziladi;

    oltinchidan, qonunchilik hujjatlaridagi topshiriqlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli ijro etilishi nazoratga olinib, vazirlik hayʼati yigʻilishlarida muhokama qilinib, moʻljallangan maqsadlarga erishilishi hamda ijro intizomi holati xodimlarning KPI tizimida aks ettirilib boriladi;

    yettinchidan, vazirlikda belgilangan topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida har oyda (kunbay) kalendar grafik va vazir oʻrinbosarlari kesimida “yoʻl xaritalar” ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.

    Mazkur amaliy chora-tadbirlar samara koʻrsatmoqda. Jumladan, vazirlikka belgilab berilgan vazifalar doirasida 2024-yilda shaffof mexanizmlar asosida elektron auksion platformasi orqali tadbirkorlarga taklif etilgan kon va yer uchastkalari hisobidan davlat byudjetiga deyarli 240 milliard soʻm tushum taʼminlangan. Joriy yilda bu koʻrsatkich 2 barobar oshishi kutilmoqda.

    2024-yil 31-oktyabrda yangi tahrirdagi “Yer qaʼri toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Qonun ijrosini taʼminlash, qonun bilan tadbirkor va investorlarga yaratilayotgan qulayliklar, shart-­sharoitlarni, asosiy tushunchalarni jamoatchilikka yetkazish borasida qator ishlar qilinmoqda. Shuningdek, qonundan kelib chiqib, bir qator qonunosti hujjatlar, hukumat qarorlariga tegishli oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    2025-yilda yirik sanoat loyihalaridan biri — yiliga 1 million tonna quvvatga ega, issiq holda prokatlangan list oʻramlar ishlab chiqaradigan quyuv prokatlash majmuasini foydalanishga topshirish choralari koʻrilmoqda.

    Joriy yil yakuniga qadar 467 ta topshiriq ijrosi taʼminlanishi talab etilib, ishlab chiqarish koʻrsatkichlari 110 foiz, mahsulot eksporti 107 foiz bajarilishi rejalashtirildi. Bundan tashqari, umumiy qiymati 2,6 milliard AQSH dollarni tashkil etuvchi investitsiya oʻzlashtirish belgilangan, shundan 1 milliard dollari geologiya-qidiruv yoʻnalishidagi yangi loyihalarga tegishlidir.

    2024-yil davomida Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligiga Oʻzbekiston Prezidenti hujjatlarida (“Ijro.gov.uz” tizimida) jami 627 ta (shundan 447 ta topshiriqda vazirlik asosiy ijrochi), hukumat hujjatlarida 521 ta topshiriq belgilangan boʻlib, ularning ijrosi oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlanib, nazoratdan yechilgan.

    2025-yil yanvar iyun oylari davomida Prezidentning (“Ijro.gov.uz” tizimida) 86 ta hujjatidagi jami 287 ta (shundan, yanvar — 57 ta, fevral — 22 ta, mart — 40 ta, aprel — 42 ta, may — 29 ta, iyun — 97 ta) topshiriq nazoratga olindi. Ularning oʻz muddatida sifatli ijrosini taʼminlash maqsadida temir intizom ­bilan ishlanishi natijasida barchasining ijrosi toʻliq taʼminlandi va nazoratdan yechildi.

    Vazirlik tizimida ijro intizomi bevosita xodimlarning KPI tizimiga bogʻlangan, topshiriqlarning ijro muddatini buzgan masʼullarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash hamda lavozimdan ozod qilish kabi keskin choralar ham koʻrib borilmoqda.

    Xususan, 2024-yil va 2025-yilning oʻtgan davri mobaynida 9 xodimga hayfsan, 5 xodimga qatʼiy ogohlantirish hamda 4 xodimga intizomiy jazo chorasi sifatida jarimalar qoʻllanildi.

    Prezidentimizning 2024-yil 13-martdagi “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari faoliyati samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) baholab borish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

    Vazirlik faoliyatining 2025-yil uchun eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlandi. Qarorda togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri, uning oʻrinbosarlariga 2025-yil I chorak uchun 41 ta, II chorak uchun 44 ta, III va IV choraklar uchun 49 ta faoliyatning eng muhim samaradorlik koʻrsatkichi belgilab berildi.

    Joriy yil I choragi yakunlari boʻyicha barcha koʻrsatkichlar yuz foiz bajarildi. Hozir II chorak yakunlari boʻyicha belgilangan koʻrsatkichlarni toʻliq bajarish choralari koʻrilmoqda.

    Davlatimiz rahbari raisligida 2025-yil 16-iyun kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ijro intizomini mus­tahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi, “Xalq nazorati” elektron portali ishga tushirilishi belgilab berildi.

    Ushbu koʻrsatma va ustuvor vazifalardan toʻgʻri xulosa qilinib, vazirlikda yaratilgan ijro intizomi tizimi qayta koʻrib chiqildi va uni yanada mustahkamlash choralari koʻrildi.

    Haftaning uch kuni davomida topshiriqlar ijrosi samaradorligini hududlarda maqsadli oʻrganish, aholi va tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar bilan joyida tanishish hamda sohadagi davlat xizmatlarini qulay ravishda koʻrsatish kabi vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi.

    Ijro intizomini mustahkamlash maqsadida vazirlik va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarda muntazam ravishda “iqtisodiy oʻqish”lar tashkil qilinmoqda. Bundan asosiy maqsad — hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda ustuvor vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash.

    Joriy yilning oʻtgan davrida mutasaddi vazirlik va idoralar ishtirokida kambagʻallikni qisqartirish va bandlik masalalari, eksport prognoz koʻrsatkichlari ijrosi va yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratishni davom ettirish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar boʻyicha “iqtisodiy oʻqish”lar oʻtkazildi.

    Islohotlar faqatgina qaror qabul qilish bilan cheklanmaydi. Ular tatbiq etilmasa, odamlar hayotida sezilarli oʻzgarish boʻlmaydi. Shuning uchun har bir sohada faoliyat yuritayotgan rahbar va xodim ijro intizomiga jiddiy eʼtibor qaratishi, yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishi zarur.

    Prezidentimiz taʼkidlaganidek, har qanday qarorning qiymati uning amalda qay darajada ijro etilishida namoyon boʻladi. Bu esa ijro intizomining ahamiyatini yana bir bor yaqqol koʻrsatadi.

    Xulosa qilib aytganda, geologiya va togʻ-kon sanoati iqtisodiyotning asosiy drayveri boʻlgani kabi ijro intizomi ham islohotlarning “yuragi”, yaʼni uning harakatga keltiruvchi kuchidir. Ijro intizomi bor joyda aniqlik, masʼuliyat, samaradorlik va natija boʻladi. Bu mamlakat taraqqiyoti hamda xalq farovonligining asosiy kafolati hisoblanadi.

    Bobur ISLOMOV,

    togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri

    («Yangi Oʻzbekiston« gazetasi. 2025-yil 1-iyul, 133-son)