Natijada iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirishni taʼminlash, hududlarni, ayniqsa, mahallalarni barqaror rivojlantirish boʻyicha keng imkoniyat yaratildi. Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalardagi tarixiy oʻzgarishlar hamda islohotlar zamirida “Odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak” degan gʻoya mujassam.
Ushbu maqsadlarni samarali amalga oshirish uchun davlat boshqaruvi tizimiga “mahallabay”, “xonadonbay” va “mijozbay” ishlash kabi yangi tamoyillar kiritildi. Shuningdek, “mahalla yettiligi” instituti joriy qilindi. Bundan asosiy maqsad aholi va tadbirkorlik subyektlarining muammolarini hal qilish, aholi uchun davlat organlari vakillari bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilish imkoniyatini yaratishdir.
Mustahkam ijro intizomining ahamiyati
Prezidentimizning 2021-yildagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni tumanda ijro intizomini yanada mustahkamlash imkonini bermoqda.
Farmon bilan ijro intizomini mustahkamlash hamda yagona va uzluksiz “texnologik zanjir”ni tashkil qilish boʻyicha rahbarlar shaxsan eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Tumanimizda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha har bir rahbar xodim oʻziga quyidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilab olgan:
birinchi, topshiriqlar ijrosi va murojaatlar oʻrganib chiqilishini amalda shaxsan nazorat qilish, topshiriqni oʻrinbosarga shunchaki yoʻnaltirmay, mavjud masalani oʻrgangan holda uning optimal yechimlari bilan yetkazish;
ikkinchi, topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning mutlaqo yangicha tizimi, yaʼni “texnologik zanjir” asosida huquqiy jarayonlarni har bir harakat boʻyicha soatbay tartibga solish;
uchinchi, mahallani rivojlantirish dasturini ishlab chiqishda mahalladagi real holatni “mahalla yettiligi” bilan birgalikda tanqidiy tahlil qilish va foydalanilmagan imkoniyatlarga eʼtibor qaratish;
toʻrtinchi, topshiriqlarning aniq ijro mexanizmlari, moliyaviy manbalari, muddatlari va masʼullari belgilanishini taʼminlash orqali samaradorlikni oshirish;
beshinchi, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning mohiyatini masʼullarga hamda keng jamoatchilikka tushuntirib borish.
Prezidentimiz xalqimizni rozi qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratish barcha rahbarlarning ustuvor vazifasi boʻlishi kerakligini taʼkidlaydi.
Shundan kelib chiqib, lavozimidan qatʼi nazar, har bir rahbar qogʻoz bilan emas, balki yuzaga kelgan muammo yoki vazifa bilan ishlashi, har bir rivojlantirish dasturini joyiga chiqqan holda oʻrganishi, aholi va tadbirkorlik subyektlarining fikrlarini tinglashi hamda mavjud resurs va imkoniyatlarni tahlil qilishi lozim.
Mazkur tizim boʻyicha ish yuritish uslubi toʻgʻriligi Zangiota tumanini rivojlantirish va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqishimiz jarayonida yana bir bor tasdigʻini topdi.
Bunda mahallalarda aholi va tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda aytilgan muammolar hamda joydagi ishlarning real holati inobatga olindi.
Bunday ishlash uslubi, avvalo, ishlab chiqilayotgan hujjatlarning sifatini va kelgusida ularni amalga oshirish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi hamda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi farovonligi yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Eng muhimi, Prezidentimiz farmon, qaror yoki biror dasturni tasdiqlashdan oldin doim hokimliklar fikri va takliflarini soʻraydi. Shaxsan yigʻilish oʻtkazib, ijroni tashkil qilish mexanizmlarini tushuntiradi. Shuningdek, hujjat ijrosini taʼminlashda muhim boʻlgan moliyaviy manbalarni aniq belgilab beradi.
Kadrlar saviyasi — topshiriqlar ijrosi natijadorligi va aholi farovonligi garovi
Ijro intizomini mustahkamlashda hokimlikdagi har bir xodimning masʼuliyatini oshirish, qatʼiy tartib-intizom oʻrnatish, kasbiy gʻurur, mehnatsevarlik va tashabbuskorlik hissini uygʻotish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli hokimlikda masʼul ijrochilar tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning sifatli bajarilishini nazorat qilish boʻyicha quyidagi mezonlar belgilab olingan:
birinchi — aniqlik, yaʼni har bir vazifani muvaffaqiyatli va eng maqbul yoʻl bilan ijro qilish boʻyicha aniq mexanizmlar belgilangani;
ikkinchi — tezkorlik, yaʼni belgilangan muddatni kutmay, topshiriqni tezkorlik bilan bajarganlik;
uchinchi — haqqoniylik, yaʼni topshiriq ijrosi boʻyicha tayyorlangan maʼlumotlarning amalda bajarilgan ishlar bilan oʻzaro muvofiqligi;
toʻrtinchi — toʻliqlik, yaʼni topshiriq ijrosini taʼminlash natijasida koʻzlangan maqsadga toʻliq erishilganlik;
beshinchi — masʼuliyat, yaʼni yuklatilgan vazifalar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash borasida masʼul ijrochilar tomonidan oʻz vakolati doirasida choralar koʻrilgani.
Shuningdek, hokimlikda ijrochi xodimlarning shaxsiy masʼuliyati va tashabbuskorligini oshirish, yuklatilgan vazifani oʻz vaqtida va sifatli bajargan xodimlarni ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu tizim orqali ijrochi xodimlar ragʻbatlantirilmoqda.
Tumandagi davlat tashkilotlari xodimlari hamda “mahalla yettiligi”ning bilim va malakasini muntazam oshirib borish maqsadida qabul qilingan farmon va qarorlar hamda yigʻilish bayonlarida belgilab berilgan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan iqtisodiy oʻquvlar tashkil qilinmoqda.
Murojaatlar — hokimlik nazoratida
Tuman hokimligida tadbirkorlar va fuqarolar murojaatlari muntazam qabul qilinib, toifalarga ajratilgan holda tegishli ijrochilarga tezkor yetkaziladi. Hokimlikda murojaatlar ijrosi boʻyicha masʼul xodim tomonidan har bir murojaat kelib tushganidan yechimini topishigacha boʻlgan jarayonni nazorat qilish tizimi joriy etilgan.
Hokim, sektor rahbarlari va hokim oʻrinbosarlari mahallaga chiqqan holda qabullar tashkil qilishi va mutasaddilar bilan birga muammolarni joyida hal etishi tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolar yuborayotgan murojaatlar, jamoatchilik tomonidan muhokama etilayotgan munozarali masalalar tuman hokimligida tezkorlik bilan koʻrib chiqiladi.
Buning uchun hokimlik axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarni muntazam kuzatib boradi va tumanga tegishli maʼlumot paydo boʻlishi bilan darhol muammoni hal qilish yoki tegishli javob tayyorlash uchun ijrochiga yetkazadi. Joriy qilingan ushbu tizim boʻyicha har bir murojaat shaxsan hokimning nazoratida.
Samarali ijroning natijasi — iqtisodiy barqarorlik
Iqtisodiy barqarorlik, aholi bandligini taʼminlash va turmush farovonligi oshirish, mehnat migratsiyasi va kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
Bu borada Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Tadbirkorlikni jadal va yanada keng rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratish — eng muhim vazifadir”.
Tumanimizda bugun 4622 ta yuridik shaxs maqomiga ega tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Bu borada yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda 2024-yilning oʻzida 782 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil qilindi.
Davlatimiz rahbari 2024-yil 9-oktyabrda Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi taqdimoti bilan tanishish paytida Zangiota tumanini poytaxt bilan yaxlit aglomeratsiya asosida rivojlantirish boʻyicha topshiriq berdi.
Ushbu topshiriqni tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilab olgan rejalarimizni qayta koʻrib chiqib, marrani yanada baland olishimiz zarur deb tushundik.
Tumanimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 904 ta.
2024-yilda 138 ta yangi sanoat korxonasi roʻyxatdan oʻtdi. Yirik korxonalar soni 9 taga (2023-yilda 6 ta), xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar 58 taga (2023-yilda 54 ta) yetdi.
Natijada aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi bir yilda 1,6 barobar koʻpayib, 35 million soʻmni tashkil qildi.
Misol uchun, Katta chinor mahallasida “Mir glass” MCHJ qiymati 5 million dollar boʻlgan 100 ta ish oʻrinli oynaga ishlov berish loyihasini, Bogʻzor mahallasida “Seven Group” xorijiy korxonasi qiymati 3,5 million dollar boʻlgan 50 ta ish oʻrinli maishiy texnika ishlab chiqarish loyihasini, Chinor mahallasida “Trendmeat” MCHJ qiymati 20 milliard soʻm boʻlgan 50 ta ish oʻrinli goʻshtni qayta ishlash loyihasini ishga tushirdi.
Joriy yil 7-fevral kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda Prezidentimiz xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalarni belgilab berdi. Bugun tumanimizda xizmatlar sohasida 2882 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ular 2024-yilda 4226 milliard soʻmlik xizmat koʻrsatgan (oʻsish — 16 foiz).
Iqtisodiyotda xizmatlar sohasining ulushini koʻpaytirish va bu jabhada aholi bandligini taʼminlash asosiy vazifalarimizdan. Shu maqsadda 2024-yilda tumanimizda qator savdo majmualari, mehmonxonalar, xususiy klinika, maktab va bogʻchalar barpo etildi.
Misol uchun, Nurafshon mahallasida “Alhfa-plaza trade” MCHJ 12 qavatli bino barpo etib, 600 oʻrinli savdo doʻkonlari, 200 oʻrinli mehmonxona va restoran faoliyatini boshladi. Eshonguzar mahallasida “Expekted Homes” MCHJ tomonidan 5 qavatli binoda 400 oʻrinli savdo doʻkonlari, bolalar oʻyingohi hamda 7 qavatli avtoturargoh qurildi.
Bu kabi yirik savdo komplekslari Istiqlolning 5 yilligi va Iqbol mahallalarida ham barpo etildi. Ular joriy yilda faoliyat yurita boshlaydi.
Ijtimoiy sohada xizmat koʻrsatish ham alohida eʼtiborda. Bogʻzor mahallasida 360 oʻrinli xususiy maktab foydalanishga topshirildi. Shuningdek, tumanda jami 550 oʻringa ega boʻlgan 3 ta xususiy va 10 ta oilaviy bogʻcha tashkil qilindi hamda 175 qatnovga ega boʻlgan 3 ta xususiy klinika faoliyat yurita boshladi. Joriy yilda Oʻrta ovul mahallasida 500 oʻrinli zamonaviy dam olish maskani barpo etiladi.
Qurilish sohasi Zangiota tumani iqtisodiyotining asosiy drayver yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Oʻtgan yili tumanda 1,5 trillion soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Bu oʻrinda koʻp qavatli uy-joylar qurilishi muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Misol uchun, Eshonguzar mahallasida jami 2600 ta xonadonli 19 ta koʻp qavatli uy-joy qurilishi loyihalashtirilib, bugun 1912 xonadonli 11 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi. Ushbu uy-joylarning birinchi qavatida bolajonlar uchun xususiy bogʻcha va aholiga xizmat koʻrsatish shoxobchalari ochildi. 2025-yilda 268 xonadonli 6 ta uy foydalanishga topshiriladi.
Bundan tashqari, Navqiron mahallasida jami 1502 xonadonli 21 ta koʻp qavatli uy-joy qurilishi boshlangan. Shu kunga qadar 15 ta uy qurilib foydalanishga topshirildi. Natijada
1089 ta oila uy-joyli boʻldi. 2025-yilda esa 413 xonadonli 6 ta uy egalariga topshiriladi.
Ushbu majmuada aholi ehtiyoji uchun zarur xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Odamlar dam olishi uchun sharoit yaratildi. Turli sport maydonchalari barpo etildi. zamonaviy bogʻchalar qad rostlamoqda.
Bu kabi uy-joy massivlari haqida yana qator misollar keltirish mumkin. Xususan, Bogʻzor mahallasida jami 1215 xonadonli 19 ta, Nayman mahallasida 5500 xonadonli 89 ta, Ahmad Yassaviy mahallasida 650 xonadonli 11 ta koʻp qavatli uy-joy qurish boʻyicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, qurilish ishlari boshlandi.
Albatta, ushbu massivlarda aholiga qulaylik yaratish uchun xizmat koʻrsatish obyektlari, dam olish maskanlari, sport maydonchalari, bogʻcha va maktablar ham barpo etiladi.
Tumanga investitsiya jalb qilish boʻyicha marrani baland olganmiz. Oʻtgan yili aprelda Xitoyga safarimiz davomida kelishuvlarga erishdik. 2024-yilda 104,3 million dollar miqdoridagi xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi (2023-yilga nisbatan 3 barobar koʻp). Jumladan, Xitoydan 59,9 million dollar, Turkiyadan 22,3 million dollar, Rossiyadan 10 million dollar, boshqa manbalar hisobidan 12,1 million dollar jalb qilindi.
Misol uchun, “Expekted Homes” MCHJ turar joy binolari va savdo majmualari qurish loyihasiga Xitoydan 19,9 million dollar, “Quyosh nuri barchaga” MCHJ savdo kompleksi tashkil qilish loyihasiga Turkiyadan 4,6 million AQSH dollari, “Foamline Vostok” MCHJ porolon ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasiga Rossiyadan 5 million dollar qiymatida investitsiya yoʻnaltirilgan.
2024-yilda 22 ta yangi korxona eksportga jalb qilinib, eksport qiymati 89 million AQSH dollarni tashkil qildi (2023-yilga nisbatan 1,5 barobar koʻp). Eksportning asosiy qismi Qozogʻiston (20,2 million dollar), Turkiya (16,5 million dollar), Rossiya (16,4 million dollar), Xitoy (13,1 million dollar) hissasiga toʻgʻri keldi.
Misol uchun, “Techno cable group” MCHJ 11,9 million dollarlik kabel, “Foamline Vostok” MCHJ 10,5 million dollarlik porolon eksport qildi.
Kambagʻallikdan farovonlik sari
Aholi farovon yashashi va kambagʻallikni qisqartirish uchun odamlarni daromad keltiruvchi ish bilan band qilish — muhim vazifa. Bu jarayonda tadbirkorlarning oʻrni katta.
Hozir barcha imkoniyat yaratilgan. Faqat vatanparvarlik, fidoyilik va temir intizom bilan ishlasak, Zangiota tumanini ishsizlikdan va kambagʻallikdan xoli hududga aylantira olamiz.
Qayd etilganidek, tumanimizda oʻtgan yilning oʻzida yuridik shaxs maqomiga ega 782 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil qilindi. Bundan tashqari, 1417 ta yangi yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini boshladi va bugun tumanda ular soni 6 mingdan oshdi.
2025-yilda 35 ming kishining bandligini taʼminlashni reja qilib olganmiz. Bu reja mahalla va sektor kesimida taqsimlanib, xalq deputatlari tuman kengashida muhokama qilingan va tasdiqlangan.
Prezidentimizning 2024-yil 23-sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturida “Kambagʻal oilalar uchun yettita imkoniyat va masʼuliyat”, yaʼni bandlik va yuqori daromad topish, taʼlim olish va kasb-hunar oʻrganish, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, yashash sharoitini yaxshilash, davlat organlari xodimlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilish tamoyillari belgilandi.
Dasturga asosan, hududimizda 2025-yilda 1250 ta oilani kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilib, kambagʻallik darajasi 3,8 foizga tushiriladi.
Tumanimiz aholisining ellik foizdan ortigʻi yoshlardan iborat. Ular har tomonlama barkamol boʻlib voyaga yetishi uchun barcha sharoitni yaratib berish bizning asosiy vazifamiz. Shu bois, maktablarda oʻquvchilar bekam-koʻst taʼlim olishi uchun bor imkoniyatlarni ishga solib, 2024-yilda 6 ta maktabga yangi zamonaviy kompyuter jamlanmalari olib berildi. 7 ta maktab musiqa asboblari, 10 ta maktab badiiy adabiyotlar, 30 ta maktab sport inventarlari bilan taʼminlandi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan oʻtkazilgan aksiya doirasida ota-onalar maktablarga 20 mingdan ziyod kitob hadya qildi.
Tumanimiz poytaxt bilan chegaradosh. Shu bois, iqtisodiy oʻsish bilan birga aholi soni ham oshib bormoqda. Aholi ehtiyoji va tumanni rivojlantirish yoʻnalishlarini hisobga olgan holda yoʻl infratuzilmasini yaxshilash va jamoat transportidan foydalanishni kengaytirish hamda tuman iqtisodiyotining yana bir drayveri boʻlgan logistika markazlari va saqlash xizmatlari faoliyatini yanada faollashtirish boʻyicha oʻzimizga qoʻshimcha rejalar belgilab olganmiz.
Biz — hokimlik jamoasi ijro etuvchi organ sifatida topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi muhimligini his etgan holda samarali ijro intizomini joriy qilish borasida muntazam ishlaymiz. Buning uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratilgan.
Erkin RUSTAMOV,
Zangiota tumani hokimi







