Sportda eng muhimi — tizim, tartib, temir intizom va natija

    Ijro intizomi davlat organlari va tashkilotlari ish samaradorligini taʼminlovchi muhim hamda asosiy faoliyat koʻrsatkichlaridan biridir.

    Shu bois, barcha sohalardagi kabi sportda ham islohotlar samarali kechishi, birinchi navbatda, vazirlikning barcha boʻgʻinlarida ijro intizomi zarur darajada tashkil etilishi

    bilan bogʻliq. Hozir har jabhada, har sohada tub yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Bunda har birimizdan oʻz vazifamizga vijdonan yondashish, Prezidentimiz ilgari surayotgan tamoyillarni, topshiriqlarni soʻzsiz bajarish talab etiladi.

    Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni va 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilinishi har qanday davlat organlari va tashkilotlari ish samaradorligini taʼminlashda hamda qatʼiy intizom oʻrnatishda muhim ahamiyat kasb etdi.

    Mazkur hujjatlar topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish va tahlil qilishning taʼsirchan tizimini yaratish, tarmoq va hududiy rivojlanish dasturlarida belgilangan vazifalarni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha Vazirlar Mahkamasi, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadiga qaratilgan.

    Bugungi kunda yuqoridagi hujjat ijrosini taʼminlash hamda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha vazirlikda qator ishlar qilinmoqda. Xususan, qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish maqsadida “Ijro.gov.uz” elektron tizimidagi topshiriqlarni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama etish yuzasidan har hafta muhokamalar oʻtkazilib kelinmoqda.

    Jumladan, ijro intizomi masalasini har haftaning juma kuni vazir oʻrinbosarlari huzurida, dushanba kunlari vazir huzurida tizimli ravishda muhokama qilib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

    Ijro intizomini yanada mustahkamlash va 2024-yildagi ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha topshiriqlarning kunbay tahlili tasdiqlangan kalendar grafiklar asosida olib borilmoqda.

    Mamlakatimizda soʻnggi yillarda qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarning asosiy funksiyasi davlat boshqaruvini tartibga solish, qabul qilinayotgan hujjat-larning soʻzsiz va oʻz muddatida ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda. Qonun hujjatlari ijrosi oʻz vaqtida taʼminlanmasligi taraqqiyoti-miz ravnaqiga, xalqimizning ertangi kunga boʻlgan ishonchiga putur yetkazadi, albatta.

    Shunday ekan, bugun barcha vazirlik, idoralar va hokimliklar uchun ijro intizomini taʼminlash gʻoyat muhim maqsad va vazifa sanaladi.

    Avvalo, davlatimiz rahbari tomonidan imzolanayotgan farmonlar, qabul qilinayotgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda mamlakat taraqqiyoti, xalq manfaati va fuqarolar farovonligini taʼminlash maqsadi koʻzda tutilganini alohida eʼtirof etish joiz.

    Soʻnggi yillarda sport yoʻnalishida ham keng koʻlamli islohotlar kechmoqda. Sohada Prezident va hukumat qarori hamda topshiriqlarida belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha nazoratni kuchaytirish, masʼuliyat va javobgarlik hissini, ayniqsa, rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirishga asosiy eʼtibor qaratilmoqda.

    Xususan, soʻnggi uch yil davomida Prezidentning sport sohasiga oid 76 ta farmoni, qarori va hukumat qarorlari qabul qilinib, sohani rivojlantirish boʻyicha bir necha yoʻnalishlarda tegishli ishlar qilinmoqda. Sport taʼlimi tizimini takomillashtirish, ommaviy sport, sport infratuzilmasi, olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish hamda sohani raqamlashtirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi.

    Shundan kelib chiqib, vazirlik markaziy apparatida topshiriqlarni bajarish boʻyicha KPI tizimi ishlab chiqilgan boʻlib, unda xodimlar oʻzlariga yuklatilgan vazifalarning natijadorligi asosida ragʻbatlantirib boriladi. Ushbu tizim hozirgi kunda yanada takomillashtirilib, hududiy tuzilmalar va tizim tashkilotlariga joriy qilish boʻyicha tashkiliy ishlar bajarilmoqda.

    Soʻnggi yillarda davlat va jamiyat boshqaruvidagi samarali islohotlar, zamonaviy boshqaruv uslublari keng koʻlamda tatbiq etilishi, nazorat va ijroni yuritish shakllari takomillashgani kabi qator ishlar, davlat boshqaruvi tizimidagi turli boʻgʻin rahbarlari shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha koʻrilgan qatʼiy chora-tadbirlar yoshlar va sport sohasidagi muhim vazifalarni bajarish imkonini berayotgani yaqqol koʻzga tashlanmoqda.

    Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni puxta ishlab chiqish hamda qabul qilishning taʼsirchan amaliyotini shakllantirish, ularni aniq ijrochilar, keng jamoatchilik, shuningdek, aholiga tezkor yetkazish, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirish, joriy, oʻrta muddatli va istiqboldagi vazifalarni samarali amalga oshirish boʻyicha shoshilinch, tezkor choralar koʻrish boʻyicha amaliy harakatlar yuqorida qayd etilgan hujjatda aniq belgilab berilgan.

    Qoʻyilgan vazifalar oʻz vaqtida bajarilishining samarali usuli zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishdir. Elektron muhitda hujjatlar almashinuvini yanada faollashtirish ortiqcha qogʻoz, vaqt va boshqa moliyaviy isrofgarchiliklarning oldini olish barobarida belgilangan vazifalarning ijrochiga oʻz vaqtida yetib borishini hamda xalqning muammosi oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlaydi.

    Bugungi kunda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi amalda nazorat qilinishi tashkil etilgan boʻlib, bunda vazirlik hamda uning tizim tashkilotlarida ishlarning real holatini tanqidiy oʻrganish, shuningdek, elektron maʼlumotlar bazasi asosida “Ijro. gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida oʻz vaqtida hisobot berilishiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

    Vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Prezidentning hujjatlari va topshiriqlarini oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq ijro etilishi yuzasidan “texnologik zanjir” asosida Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi bilan birgalikda tizimli ishlar qilinmoqda.

    Qonun hujjatlari va yuqori turuvchi or-ganlar topshirigʻi ijrosining oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha javobgarlik vazirlik-ning barcha boʻgʻinlari rahbarlariga yukla-tildi.

    Shu bilan birga, soha mutaxassislariga ijro intizomining ahamiyati va zarurati haqida bilimi, hujjatlar bilan ishlash boʻyicha malakasini oshirishga qaratilgan amaliy mashgʻulotlar muntazam oʻtkazib borilmoqda.

    Sport vazirligi masʼul boʻlgan hujjatlar va topshiriqlar tahlil qilinganda, 2024-yilning yanvar oktyabr oylari davomida “Ijro.gov.uz” elektron tizimida nazoratga olingan jami 866 ta topshiriqning ijrosi oʻz vaqtida taʼminlangani koʻrinadi.

    Shuningdek, 2024-yil noyabr dekabr oylarida muddati keladigan topshiriqlar jami 415 tani tashkil etib, shundan bugungi kunda 95 tasi bajarilgan, 320 tasining ijrosini joriy yil 20-dekabrga qadar bajarish choralari koʻrilmoqda.

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar Sport vazirligi tizimida qanchalik samara berayotgani haqida toʻxtalib oʻtsak.

    Soʻnggi 2-yilda sport infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan hamda olis va chekka hududlardagi mahallalarda namunaviy tip-dagi mingga yaqin sport maydonchasi barpo etildi, joriy yilda 400 tasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
    2024-yil yakuniga qadar ommaviy sportdagi yoshlar qamrovini 10 millionga yetkazish uchun umumtaʼlim maktablarining 3,5 million, oliy va professional taʼlim tizimida qariyb 1,5 million oʻquvchi va talaba bilan ishlanmoqda.

    Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyati yangidan yoʻlga qoʻyilib, sportchilarni individual tayyorlash hamda ilk bor paralimpiya yoʻnalishida sportchilarni tayyorlash tizimi yaratildi.

    Milliy terma jamoalar aʼzolari 2022-yildagi 7502 nafardan 9146 nafarga (5629 nafar asosiy va 3517 nafar zaxira) yetkazildi.

    Olimpiya sport turlari boʻyicha xal qaro hamda kompleks musobaqalarda sportchilarimiz tomonidan 986 ta, shundan 274 ta oltin, 298 ta kumush va 414 ta bron-za medal qoʻlga kiritildi.

    Bundan tashqari, Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasini muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

    Mazkur Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston oʻz tarixida eng koʻp tarkib bilan, yaʼni 19 ta sport turi boʻyicha 90 sportchi bilan ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston sport delegatsiyasi 5 ta sport turidan (boks, dzyudo, taekvondo, erkin ku-rash, ogʻir atletika) jami 13 ta medal, shundan 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bron-za bilan umumjamoa hisobida 13-oʻrinni egalladi.
    Paralimpiya oʻyinlarida delegatsiyamiz 6 ta sport turidan (para yengil atletika, para dzyudo, para taekvondo, para pauerlif-ting, para suzish, para oʻq otish) jami 26 ta medal, shundan 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza bilan umumjamoa hisobida 13-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

    Kelgusida Oʻzbekistonda bir qancha sport turlari boʻyicha nufuzli sport musobaqalari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

    Jumladan, 2025-yilda yoshlar oʻrtasida yozgi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarini Toshkent shahrida tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda.

    2026-yilda 46-jahon shaxmat olimpiadasi hamda FIDEning navbatdagi kongressi oʻtkaziladi.

    2028-yilda Los-Anjeles shahrida (AQSH) boʻlib oʻtadigan XXXIV yozgi Olim-piya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sport delegatsiyasining tayyorgarligi va munosib ishtirok etishlari taʼminlanadi.

    Koʻrilgan choralar va belgilangan vazifalar vazirligimiz oldida turgan muhim dastur va rejalarning ijrosini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Bu jarayonda asosiy vazifamiz, yuqori-da taʼkidlaganimizdek, ijro intizomini taʼminlash, har birimiz oʻz vazifamizga sidqidildan yondashish hamda “Sportda eng muhimi — tizim, tartib, temir intizom va natija” shiori bilan har kunlik ish jarayonimizni tashkil etishimiz zarur.

    Adham IKROMOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri