Ijro intizomisiz taraqqiyot boʻlmaydi

    Ijro intizomi davlat organlari va tashkilotlarining ish samaradorligini taʼminlovchi muhim hamda asosiy faoliyat koʻrsatkichlaridan biri ekani hech kimga sir emas.

    Shu bois jamiyat hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlarning samarali amalga oshirilishi, birinchi navbatda, davlat organlari va tashkilotlarning barcha boʻgʻinlarida ijro intizomining zarur darajada tashkil etilishiga bogʻliq.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6166-son Farmoni bilan ijro intizomi har qanday davlat organlari va tashkilotlarning ish samaradorligini taʼminlovchi muhim koʻrsatkichlaridan biri ekani huquqiy tasdiqlandi.

    Haqiqatan ham, bugungi kunda respublikada uran ishlab chiqarishni oshirish chora-tadbirlarini koʻrishda dolzarb masalalarni belgilash, tegishli yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirish hamda davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni bajarishda “Navoiyuran” DK oʻz ish faoliyatini boshlagan kundan korxonaning barcha boʻgʻinlarida ijro intizomining zarur darajada tashkil etilishiga bogʻliqligini amaliyot koʻrsatdi.

    Bugungi kunda yuqoridagi hujjat ijrosini taʼminlash hamda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha korxonada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish maqsadida “ijro.gov.uz” elektron tizimidagi topshiriqlarni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama etish yuzasidan har hafta korxona rahbari tomonidan yigʻilishlar oʻtkazilib kelinmoqda. Ijro intizomini yanada mustahkamlash va 2024-yildagi ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha topshiriqlarning kunbay tahlili tasdiqlangan kalendar grafiklar asosida olib borilmoqda.

    Tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, hisobot davri mobaynida “ijro.gov.uz” elektron tizimida “Navoiyuran” DK masʼul etib belgilangan topshiriqlar soni jami 262 tani tashkil etib, shundan muddati yetib kelgan 165 ta (100%) topshiriq bajarilgan. Bundan tashqari, bugungi kunda “ijro.navoiyuran.uz” ijro intizomi nazorati elektron hujjat aylanish tizimi toʻliq ishga tushirildi hamda 975 nafar xodim ushbu tizimga ulandi. Shulardan 235 nafari boshqarma xodimlari hisoblanib, qolgan 740 tasi esa tarkibiy boʻlinmalardagi muhandis-texnik xodimlardir.

    Korxonaning tarkibiy boʻlinmalari olis hududlarda joylashganini inobatga olsak, hujjat aylanish hamda belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishda tizimli nazoratning yoʻlga qoʻyilishi qisqa vaqt ichida ijobiy samara koʻrsata boshladi. Ayniqsa, buyruqlar, yigʻilish bayonnomalari va shu kabi hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish boʻyicha kiritilgan hujjatlarning aylanish davri sezilarli darajada qisqardi.

    Shuningdek, har kuni ijro muddati yaqinlashayotgan hujjatlar tahlil qilinib, tegishliligiga qarab direktorlar kotibiyatlari, departament, boshqarma, boʻlim va xizmat boshliqlariga vazifalarning bajarilish holati boʻyicha ogohlantirishlar berib borilmoqda.

    Har qanday soha istiqboli malakali kadrlar va ularning tajribasiga bogʻliq. Shuning uchun ham Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi tashkilot hamda korxonalarda ijro intizomiga masʼul xodimlar uchun treninglar oʻtkazilib borilmoqda. Ularda vazirlik hamda uning tizim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan ijro intizomiga masʼul tuzilmalar xodimlari ishtirok etmoqda. Treninglarda hujjatlar bilan ishlashni tashkil etish va ijro intizomini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, Qonunlar, Prezident qarorlari va farmonlari ijrosini, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, Rayosat yigʻilishi bayonlari va boshqa normativ hujjatlardagi topshiriqlarni belgilangan muddatlarda, toʻlaqonli va sifatli taʼminlash hamda ijro intizomini mustahkamlash yuzasidan barcha darajadagi rahbar-mutaxassislarning shaxsiy masʼuliyati, javobgarligini kuchaytirish zarurligi qayd etib borilmoqda. Interaktiv usulda arxiv hujjatlari, elektron hujjat almashinuvi, tizim tashkilotlarida kuzatilayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish, oʻzaro samarali hamkorlik oʻrnatish borasida ham fikrlar almashilmoqda.

    Qayd etish joizki, soʻnggi yillarda bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Navoiyuran» davlat korxonasida uran ishlab chiqarishni jahon talablari darajasida taʼminlash maqsadida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda asosiy vazifamiz, yuqorida taʼkidlaganimizdek, ijro intizomini taʼminlash, har birimiz oʻz vazifamizga sidqidildan yondashish hamda «Korxonada ijro intizomisiz taraqqiyot boʻlmaydi” degan shior bilan har kunlik ish jarayonimizni olib borish zarurligini talab etmoqda.

    Nargiza Kenjayeva,

    “Navoiyuran” DK

    hujjatlar ijrosini nazorat qilish

    va muvofiqlashtirish xizmati boshligʻi


    Reklama