Mamlakatimizda taʼlim tizimi keng isloh qilinmoqda. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, taʼlim muassasalarida oʻqitish metodikasi oʻzgarmasa, taʼlim sifati ham, mazmuni ham, muhit ham oʻzgarmaydi. Ayni shu maqsadda taʼlim tizimida jahonda sinalgan va yaxshi samara berayotgan yangi standart hamda metodikalar keng joriy etilyapti. Maktab, oʻrta va oliy oʻquv yurtlarida tajribali xorijlik pedagoglar saboq bermoqda, oʻzaro tajriba yoʻlga qoʻyilgan.
Prezidentimizning 2024-yil 21-iyundagi “Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorida 2025-2026 oʻquv yilida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida jahonda tan olingan ijtimoiy-emotsional taʼlim — Social and Emotional Learning metodikalarini bosqichma-bosqich joriy qilish vazifasi belgilangan.
Shu oʻrinda ushbu metodika nega joriy qilinmoqda, degan tabiiy savol tugʻiladi. Bu, albatta, bejiz emas. Chunki bugun ijtimoiy-emotsional taʼlim dunyo miqyosida juda katta pedagogik ahamiyatga ega hodisa hisoblanadi.
Ijtimoiy-emotsional taʼlim atamasi dastlab AQSHda XX asrning 60-yillarida isteʼmolga kiritilgan. Taniqli bolalar psixologi Jeyms Komer bolalar oʻquv markazidagi hamkorlari bilan “Komer maktabining rivojlanishi” dasturini muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazgan. Ushbu dastur dastlab ikkita past koʻrsatkichli maktabga ishlab chiqilgan edi. Dastur maktab oʻquv faoliyati uchun qulay muhit yaratish, bu muhitni oʻquvchilar qadrlashi va sevishi, bolalar bilan bogʻliq muammolarni dialog va empatiya vositasida yechish, oʻqituvchi oʻta qattiqqoʻllik qilmasligi, aksincha, oʻquvchilar bilan doʻstona munosabatda boʻlishini nazarda tutadi. Ushbu maqsadga yoʻnaltirilgan pedagogik jarayonga oʻqituvchilar, psixologlar, tibbiyot xodimlari va ota-onalar jalb qilingan.
Oʻtgan asrning 80-yillariga kelib, oʻquvchilarning oʻzlashtirishi oʻrtadan yuqori darajaga koʻtariladi. Ularning xulq-atvori va maktabga qatnashi bilan bogʻliq muammolar toʻliq bartaraf etiladi. Shu bois, ijtimoiy-emotsional taʼlim metodikalari bugungi kunda nafaqat AQSHda, balki Buyuk Britaniya, Rossiya kabi dunyoning koʻplab rivojlangan mamlakatlarida keng qoʻllanilmoqda va tadqiq qilinyapti.
Yuqorida tilga olingan qarorda umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilariga 5 ta — oʻz-oʻzini anglash, oʻz-oʻzini boshqarish, ijtimoiy xabardorlik, tengdoshlari bilan munosabatlarni shakllantirish va masʼuliyatli qaror qabul qilish kabi ijtimoiy-emotsional kompetensiyalarni oʻrgatish nazarda tutilgan. Bu jarayonga nafaqat pedagoglar, balki ota-onalar ham jalb etiladi. Chunki bunday taʼlim oʻquvchilarni har tomonlama rivojlantirishga yoʻnaltirilgan katta pedagogik ahamiyatga ega oʻquv jarayonidir.
Bunda oʻquvchilarda kelajak hayoti uchun zarur koʻnikmalar shakllantiriladi. Ijtimoiy-emotsional taʼlim emotsional intellektning muhimligi, shaxsning muvaffaqiyat qozonishi, bilimlarni puxta oʻzlashtirish hamda shaxslararo pozitiv munosabatlar ahamiyatini oʻquvchi, oʻqituvchi hamda ota-onalar ham anglashiga xizmat qiladi.
Oʻquvchilarda bu turdagi kompetensiyalarni rivojlantirish ularning oʻquv jarayoni va ijtimoiy munosabatlardagi muvaffaqiyatini taʼminlaydi. Chunki ularning his-tuygʻulari va kechinmalari nimani qanday oʻrganishlariga samarali taʼsir koʻrsatadi. Qoʻllab-quvvatlash va hamdardlikka asoslangan munosabat, oʻz navbatida, oʻquv jarayoni samaradorligini oshiradi.
Ijtimoiy-emotsional taʼlim bolalarning oʻzlashtirish darajasida ham ijobiy rol oʻynaydi. Ularning salomatligini muhofaza qilishga munosib hissa qoʻshadi, madaniyat darajasi hamda gʻoyalarni generatsiyalash imkoniyatini oshiradi. Bu esa oʻquvchilarning butun oʻquv faoliyati davomida muvaffaqiyatga erishishini taʼminlab, ularga ruhiy koʻtarinkilik bagʻishlaydi.
Mazkur metod oʻquvchilar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratadi. Natijada ular murakkab vaziyatlarga yechim topish, uni oʻz amaliy faoliyatida sinab koʻrish, masʼuliyatni his qilish va his-tuygʻularni boshqarish koʻnikmasiga ega boʻladi. Shuningdek, turli bosimlarga qarshi kurashish strategiyasini oʻzlashtirish hamda undan amalda foydalanish, muvaffaqiyatli oʻquv muhitini yaratish va kreativ faollik koʻrsatish imkoniyatini taqdim etadi.
Bunday taʼlim oʻquvchilarga qator kognitiv, shaxsiy va ijtimoiy kompetensiyalarni shakllantirish uchun ham qulay. Maktabda bolalar oʻziga maʼqul pedagogik muhitda taʼlim oladi. Shu bilan birga, egallagan nazariy bilimlarini amaliy faoliyat orqali mustahkamlab, zarur koʻnikmalarga ega boʻladi. Yon-atrofdagi turli yot gʻoyalar va tahdidlar oʻquvchilarga taʼsir qilishi shubhasiz. Ijtimoiy-emotsional taʼlim esa oʻquvchilar rivoji uchun muvaffaqiyatli pedagogik muhit yaratadi.
Qarorda oʻquvchilarni hayotga tayyorlashga qaratilgan 5 ta muhim kompetensiyani tizimli tarzda shakllantirish nazarda tutilgan. Jumladan, oʻz-oʻzini anglash kompetensiyasi emotsional intellektning asosini tashkil etib, oʻquvchilar oʻz shaxsiy his-tuygʻularini anglash layoqati, motiv va taʼsirlarga ega boʻlishini taʼminlaydi. Boshqa tomondan, emotsional intellekt oʻz-oʻzini anglash, hamdardlik, ijtimoiy koʻnikma, turli vaziyatlarga moslashish va undan qanday qilib chiqib ketish kabi koʻnikmalarni mujassamlashtiradi. Bu esa oʻquvchilarda shaxs sifatida shakllanish tuygʻusini uygʻotadi, faoliyati samaradorligiga ishonch tugʻdiradi. Oʻzlashtirilgan bilimlar oʻquvchilarning nimaga qodir ekanini anglashiga koʻmaklashadi. Natijada ular oʻz istiqboli uchun qanday bilim va koʻnikmalar zarurligini anglab yetadi. Oʻz-oʻzini anglash kompetensiyasi oʻquvchilarning his-tuygʻusi, xulq atvori, fikrlarini nazorat qilish yoʻllarini izlash imkoniyatini kengaytiradi.
Ijtimoiy xabardorlik kompetensiyasi esa oʻquvchilarda oʻz oldiga pozitiv maqsadlar qoʻyish va unga erishish, yon-atrofdagilari va sinfdoshlariga koʻmaklashish tuygʻusi paydo boʻlishi, muammolarga yechim topish va muhim qarorlar qabul qilish kabi koʻnikmalar rivojini taʼminlaydi. Bu jihat shaxsning yaxlit tarzda rivojlanishi va muvaffaqiyatga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Masʼuliyatli qarorlar qabul qilish ijtimoiy-emotsional taʼlim jarayonida oʻquvchilar uchun zarur koʻnikmalar sirasiga kiradi. Masʼuliyatli qarorlar qabul qilishga tayyorlash oʻquvchilarda fikrlash koʻnikmasini rivojlantirishni taqozo etadi. Shaxslararo munosabatlarga ega boʻlish koʻnikmasi oʻquvchilarda atrofdagilar, tengdoshlari va oʻqituvchilar bilan muvaffaqiyatli hamkorlikka kirishish kabi koʻnikmalarni paydo qiladi.
Bu faol tinglay bilish, jamoada ishlash, atrofdagilar bilan sogʻlom munosabatga kirisha olish, ziddiyatli vaziyatlarda maqbul qarorlar qabul qilishdan iborat. Ushbu koʻnikmalar ijtimoiy-emotsional taʼlim jarayonini samarali tashkil etish va muvaffaqiyatli boshqarish natijasida shakllanadi.
Oʻquvchilarda mustaqil fikrlay olish, gʻamxoʻr, intizomli va axloqli boʻlish, hamkorlik va oʻzaro baham koʻra olish kabi koʻnikmalarni rivojlantirishda ham ijtimoiy-emotsional taʼlim metodikalari muhim ahamiyatga ega. Bunday koʻnikmalarni shakllantirishga xizmat qiladigan oʻquv materiallari, didaktik matn va videokontentlar oʻquvchilarning shaxsiy ehtiyojini qondirish va ijtimoiy-emotsional jihatdan rivojlantirish imkonini beradi. Natijada ular uchun sinfdoshlariga nisbatan pozitiv munosabatda boʻlish hamda ruhiy koʻtarinkilikka asoslangan taʼlim muhiti yaratiladi.
Dunyo miqyosida globallashuv jarayoni kechayotgan, fan va texnologiyalar kun sayin rivojlanayotgan bir davrda oʻquvchilar egallayotgan bilim va koʻnikmalar muhim ahamiyatga ega. Bu esa, oʻz navbatida, shaxs rivojiga kuchli ehtiyoj tugʻdiradi, oʻquvchilarning taʼlim muassasasidayoq turli vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qilish koʻnikmasiga ega boʻlishini taqozo etadi.
Ijtimoiy-emotsional taʼlim bugungi kunda zamonaviy pedagogikaning asosiy tarkibiy qismiga aylanmoqda. U oʻquvchilarda liderlik, kreativ fikrlash, murakkab muammolarni yechish layoqatini rivojlantiradi. Bu esa ularning kelajakda farovon hayot kechirishi, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlishi, jamiyat aʼzolarining bir-birini oʻzaro tushunishi va anglashi, hurmat nazari bilan qarashi, tolerantlik koʻnikmasini namoyon etishiga koʻmaklashadi. Ijtimoiy-emotsional taʼlim bolalar kelajagi uchun zarur investitsiyadir. U oʻquvchilarga faqat bilim berish bilan cheklanib qolmay, ularni kelajak hayotga tayyorlash imkonini yaratadi. Buning natijasida oʻquvchilar nafaqat oʻz kelajagini belgilaydi, balki mamlakat rivoji va taraqqiyoti uchun foydali shaxs boʻlib voyaga yetadi.
Rohatoy SAFAROVA,
pedagogika fanlari doktori, professor