Qonun bilan ayrim qonunlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklatishga, uning xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilashga, shuningdek fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga va maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini toʻlashdan ozod etishga taalluqli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qoʻshib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmasligi, shuningdek oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalarga, yolgʻiz yashovchi keksalarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, umrbod taʼminlash sharti bilan uyni (kvartirani) boshqa shaxsga berishga doir bitimlar va umrbod renta shartnomasi toʻgʻrisidagi, shuningdek vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlashga doir bitimlar hamda uning taqdirini hal qilishga qaratilgan boshqa bitimlar haqidagi maʼlumotlar «Inson« ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etilishi belgilanmoqda.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.