Hujjat bilan mamlakatimizda aholiga koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va yordamning manzilliligini yana-da oshirish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari uchun elektron hujjat aylanishi bosqichma-bosqich joriy etilishi nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi “Elektron hukumat” tizimining tarkibiy qismi boʻladi.

2020-yilning 1-iyulidan boshlab, ijtimoiy nafaqalarni koʻrib chiqish va belgilash tartib-taomillari bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami boʻladi (keyingi oʻrinlarda – JSH SHIR), uni kiritishda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida davlat ijtimoiy xizmati yoki yordamini olishga soʻrov avtomat tarzda shakllantiriladi.

Loyihada belgilanishicha, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ijtimoiy nafaqa oluvchilar va ularning oilalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi. Shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralar bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi funksional imkoniyatlarini kengaytirish borasida ish olib boradilar.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalarni koʻrib chiqish va belgilash tartib-taomilining toʻliq avtomatlashtirilishi, shuningdek, davlat xizmatlari markazlari yoki internet orqali onlayn rejimida elektron arizalar topshirish koʻrsatkichini 75 foizigacha yetkazilishi koʻzda tutilgan.