Toshkent viloyati yurtimizning iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanayotgan hududlaridan. Bu yerda yirik ishlab chiqarish korxonalari mavjudligi, xususiy sektorning nisbatan keng rivojlangani viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz shu yilning 18-19-mart kunlari iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida viloyatning qator tuman va shaharlariga tashrif buyurdi. Toshkent viloyatiga tashrifi chogʻida davlatimiz rahbari “Mening eng katta maqsadim har bir tumanning oʻsish nuqtasini topish. Toshkentda kabinetda oʻtirib emas, pastda yurib buni amalga oshirish... Maqsadimiz Toshkent viloyatining mutlaqo boshqacha yoʻl xaritasini tuzish”, dedi.
Prezidentimiz nazarda tutgan har bir tumanning oʻsish nuqtasi, poytaxt viloyatining mutlaqo boshqacha yoʻl xaritasida taʼlimga eʼtibor masalasi ham nazarda tutilgani shubhasiz. Chunki jamiyat ravnaqi, mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi taʼlim-tarbiyaga bevosita bogʻliq. Bu sohalar har doim eʼtibor talab qiladi. Uning rivoji uchun sarflangan sarmoya oʻn, yuz karra boʻlib qaytishi taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasidan maʼlum.
Davlatimiz rahbarining sohani isloh qilish, taʼlimni fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyalash, ilm-fan yutuqlarini hayotga tezkorlik bilan tatbiq etish va uni tijoriylashtirish borasidagi siyosati zamiridagi ana shunday ezgu maqsadlarni har birimiz sezib, his qilib turibmiz.
Darhaqiqat, keyingi yillarda maktabgacha taʼlimdan oliy taʼlimdan keyingi taʼlimgacha sohani tubdan isloh qilish, zamonaviylashtirish, ilgʻor xorijiy tajribalarni ijodiy oʻzlashtirish masalalari oʻz ifodasini topgan.
Prezidentimizning Toshkent viloyatiga tashrifi davomida hududda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xususan, taʼlim sohasini zamon talablariga moslashtirish bilan bogʻliq qator vazifalar belgilab berildi.
Haqiqatan ham, viloyatda ijtimoiy sohalar, jumladan, taʼlim sohasining rivoji uning iqtisodiy salohiyatiga mos, deb aytolmaymiz. Hududda maktabgacha va xalq taʼlimi tizimida hal qilinishi zarur boʻlgan dolzarb muammolar mavjudligi fikrimizni tasdiqlaydi. Xususan, oʻqitish sohasida hududda pedagog kadrlarga boʻlgan talab boʻyicha istiqbol rejalarning mavjud emasligi, malakali pedagog kadrlarga ehtiyojning toʻla qondirilmagani, oʻqituvchilarga talabning tahliliy oʻrganilmagani, taʼlim turlari oʻrtasida uzviylik va integratsiya taʼminlanmagani, mavjud mutaxassislarning zamon talablariga javob bera olmasligi, muallimlik kasbi borasida targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmagani, taʼlim-tarbiya sifati pastligi muammolar mavjudligini koʻrish mumkin.
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti oldiga ana shu muammoning ilmiy-nazariy va amaliy yechimini topish, shuningdek, viloyatdagi maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim maktablarining zamonaviy talablarga javob beradigan oʻqituvchi va tarbiyachilarga ehtiyojini sifatli taʼminlash vazifalari qoʻyilgan. Bu borada institutda bugungi kunda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Muassasa rahbariyatiga 2021-2022 oʻquv yilidan institutda turizm fakultetini tashkil qilish va turizm, turizm sohasida xizmatlar texnologiyasi va ularni tashkil etish, gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati, mehmonxona xoʻjaligini tashkil etish va boshqarish hamda ijtimoiy ish singari bakalavr taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash vazifasi berildi.
Prezidentimizning Toshkent viloyatiga tashrifi va bildirgan fikr-mulohazalaridan kelib chiqib institutimiz jamoasi oʻz oldiga yangi vazifalarni belgilab oldi. Bu vazifalar qator ustuvor yoʻnalishlarda oʻz ifodasini topadi. Jumladan, institutning asosiy strategik ilmiy tadqiqot yoʻnalishi boʻlgan pedagogik taʼlim innovatsion klasteri boʻyicha bajarilayotgan oʻquv-uslubiy, tarbiyaviy, ilmiy-amaliy ishlarni yana-da takomillashtiriladi. Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy oʻziga xosligidan kelib chiqib institut bitiruvchilari va viloyat aholisiga tadbirkorlik koʻnikmalari va qoʻshimcha kasb berish boʻyicha taʼlim xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi. Muassasada taʼlim-tarbiya jarayoni “Kelajak oʻqituvchisi konsepsiyasi” asosida tashkil qilinadi.
Bu yoʻnalishlarda bajarilayotgan ishlar viloyatda maktabgacha, umumiy oʻrta va oliy taʼlim oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlash, ular oʻrtasida integratsiya jarayonini kuchaytirish, taʼlimdagi mavjud muammolarning yechimiga nisbatan yakdil yondashuvni shakllantirish, bitiruvchilarning hayotiy vaziyat va sharoitlarga tez kasbiy moslashuvchanligini taʼminlash, zamonaviy pedagogik kompetensiyalarni puxta egallash imkoniyatini beradi.
Mamlakatimiz rahbarining tashrifi davomida tegishli vazirlik va idoralarga viloyatdagi 37 ming 295 nafar yoshning bandligini taʼminlash vazifasi yuklatildi. Shundan kelib chiqib institut jamoasi yangi loyihaga qoʻl urdi. Taʼlim jarayonida nazariya va amaliyot uygʻunligiga erishish, talabalar va viloyat aholisida tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, qoʻshimcha kasb-hunar oʻrgatish orqali ularning hayotiy vaziyat va sharoitlarga moslashuvchanligini oshirish maqsadida Tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish va qoʻshimcha kasb-hunarga oʻqitish markazi tashkil qilindi. Tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish va qoʻshimcha kasb-hunar oʻrgatish talabalarning (va aholining) hayotiy vaziyat hamda sharoitlarga tez kasbiy moslashuvchanligini taʼminlashga koʻmaklashuvchi, jarayonga ilmiy-amaliy, uslubiy, taʼlimiy hamda tajriba-innovatsion yondashuvni talab etadi.
Markazning qator vazifalari mavjud. Talabalarning oʻqishdan boʻsh vaqtini ijtimoiy foydali mehnat bilan band qilish, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish va qoʻshimcha kasb-hunar oʻrgatish, nazariya hamda amaliyot uygʻunligini taʼminlash shular jumlasidan.
Hozir markazda dasturiy taʼminot va informatsion texnologiyalar muhandis-dasturchiligi, turizm xizmatlari, kichik kasb-hunar kurslari, qishloq xoʻjaligi va salomatlik, maktabgacha va boshlangʻich taʼlim hamda uy xoʻjaligi xizmatlari, goʻzallik industriyasi va oshpazlik yoʻnalishlarnida oʻquvlar tashkil etilgan. Bitiruvchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar beriladi va bu ularga kelgusida shu soha bilan professional darajada shugʻullanish imkoniyatini beradi.
Prezidentimizning Toshkent viloyatiga tashrifidan keyin Chirchiq davlat pedagogika instituti viloyatda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish boʻyicha oʻzining vazifalarini belgilab oldi. Ular ijrosi boʻyicha muassasada bajarilayotgan keng koʻlamli ilmiy-amaliy va tarbiyaviy sohadagi ishlar pedagogik taʼlimda oʻzining ijobiy samarasini beradi.
Gʻofur MUHAMEDOV,
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori