Maʼlumot uchun: “Yu-Report” bu — soʻrovnomalarga yoshlarni kengroq jalb qilish maqsadida ishga tushirilgan innovatsion raqamli platforma. U yoshlarga real vaqt rejimidagi soʻrovlarda qatnashish, shu bilan birga, mamlakat ijtimoiy hayotida ishtirok etish orqali oʻzlarining hayoti va kelajagi uchun muhim boʻlgan masalalarda fikr bildirishlariga imkon beradi.
Oʻtkazilgan soʻrovda Oʻzbekistonning barcha viloyatlaridan 15 507 nafar respondent ishtirok etdi. Ularning uchdan bir qismidan koʻprogʻi (36 %) oliy oʻquv yurtlari talabalari va ilmiy tadqiqotchilari, 12 foizi davlat xizmatchilari, 11 foizi taʼlim sohasida ishlaydiganlar, 9 foizi maktab oʻquvchilari, 7 foizi tadbirkorlar, 6 foizi hech qayerda oʻqimaydigan va ishlamaydigan yoshlar qatlami va boshqa. Respondentlarning 30 foizi xotin-qizlardir.
Soʻrov davomida ishtirokchilardan “korrupsiya” deganda nimani tushunishlari soʻraldi. Ularning yarmidan koʻpi (53 %) korrupsiya — pora berish va olishdan tortib, oʻgʻirlik va vakolatni suiisteʼmol qilishga qadar boʻlgan barcha harakatlarni oʻz ichiga olishini qayd etishgan. Shunisi eʼtiborliki, respondentlarning 34 foizi pora berish — korrupsiya emas, deb hisoblashar ekan. 13 foiz respondentning fikriga koʻra, korrupsiyani faqat pora berish yuzaga keltiradi.
“Korrupsiyada kim koʻproq aybdor?” degan savolga “yu-reportyorlar”ning 70 foizi porani ham beruvchi, ham oluvchi, deb javob berdi. Bu fikrning tarafdorlari koʻproq ayollar boʻldi (76 %). Erkaklar esa pora oluvchi koʻproq aybdor deb hisoblaydi (19%).
Soʻrov natijalariga koʻra, korrupsiyaning eng asosiy Top-5 ta sababi shakllandi. Respondentlarning fikriga koʻra, asosiy sabablarga: ish haqi miqdorining pastligi (22%), mansabdor shaxslarning daromadlari va xarajatlari ustidan nazoratning yoʻqligi (15%), huquqiy savodxonlikning pastligi (12%), davlat xizmatchilarining amalparastligi (11%), korrupsiya uchun jazo muqarrar emasligi (10%). Soʻrov ishtirokchilarining atigi besh foizi bu savolni mentalitet bilan bogʻlashgan.
“Boshqa” variantini tanlagan respondentlarning besh foizi samarasiz davlat boshqaruvi, eskirgan hujjatbozlik tizimi, ishlamaydigan qonunlar va nomukammal meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, iqtisodiyotning yaxshi rivojlanmaganligi, monopoliyaning mavjudligi va boshqalarni sabab qilib keltirishgan.
Respondentlarning javoblari tahlili shuni koʻrsatdiki, soʻnggi ikki yil ichida ular quyidagi sohalarda korrupsiyaga duch kelishgan: taʼlim (21%), sogʻliqni saqlash (14%), bandlik (12%), prokuratura va ichki ishlar organlari (10%). Respondentlarning 18 foizi soʻnggi ikki yil ichida korrupsiya holatlariga duch kelmaganliklarini taʼkidlagan (erkaklarga nisbatan koʻproq ayollar). Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida nisbatan kamroq (26%ga yaqin). Qizigʻi shundaki, respondentlar savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida korrupsiyaga deyarli duch kelmagan.
Bandlik (ishga joylashish) sohasi kesimida korrupsiya holatlari tahlil qilinganda, soʻrovda qatnashgan aksariyat tadbirkorlar (18%) prokuratura va ichki ishlar organlarida, sogʻliqni saqlash tizimida esa ushbu soha xodimlarining oʻzlari (19%) korrupsiya holatlariga duch kelganligi maʼlum boʻldi.
Ishga joylashishda korrupsiyaga asosan, sogʻliqni saqlash xodimlari (15%), taʼlim tizimi xodimlari, abituriyentlar, talabalar, hech qayerda oʻqimaydigan yoki ishlamaydiganlar (13%) duch kelishgan.
Shu bilan birga, respondentlarning 65 foizi prokuratura yoki ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan. Ularning 40 foizi bu befoyda deb hisoblaydi, 13 foizi qasos olishlaridan qoʻrqadi va 12 foizi huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan boʻladigan rasmiyatchiliklardan qochishadi. Soʻrov ishtirokchilarining 4 foizigina prokuratura va ichki ishlar organlariga murojaat qilishgan.
Respondentlarning 41 foizi korrupsiya holatlari toʻgʻrisida xabar berishga tayyor emas: ularning 26 foizi bunga shubha bilan qarashadi. Korrupsiya toʻgʻrisida anonim ravishda xabar berishga tayyor boʻlganlar orasida davlat xizmatchilari, oliy oʻquv yurtlari talabalari, taʼlim va xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari koʻproq, yaʼni qariyb 36 foiz.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, korrupsiya holatlari toʻgʻrisida xabar berishga tayyor boʻlganlarning eng koʻpi Sirdaryo viloyatida — 28 foiz, eng kami — Toshkent va Namangan viloyatida. Poytaxtda respondentlarning 40 foizi korrupsiya toʻgʻrisida maʼlumot berishga rozi, ammo anonimlik asosida. Bunga ishonmaydiganlarning aksariyati va bu hech narsani oʻzgartirmaydi, deb oʻylaydiganlar asosan, Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida — respondentlarning deyarli 30 foizi.
“Agar siz korrupsiyaga guvoh boʻlsangiz, bu haqda qayerga xabar berasiz?” degan savolga respondentlarning 28 foizi “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga”, 18 foizi “prokuratura va ichki ishlar organlariga”, 12 foizi “blogerlarga”, 11 foizi “hech kimga” degan javobni tanlashgan. Baʼzilar bu haqda OAVlarga xabar berishini (7%) yoki ijtimoiy tarmoqlarda yozishlarini bildirishgan (6%).
Soʻralganlarning uchdan ikki qismi korrupsiyaga qarshi choralar toʻgʻrisida juda kam maʼlumotga ega. Shu bilan birga, sogʻliqni saqlash xodimlari korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar toʻgʻrisida eng kam maʼlumotga ega ekani maʼlum boʻldi, yaʼni ularning 44 foizi “Yoʻq” degan javobni belgilashgan. Koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida eng koʻp maʼlumotga ega boʻlganlar bu — davlat xizmatchilari (47%).
Respondentlarning deyarli uchdan bir qismi (35%) mavjud tizim pora va tanishlar orqali muammolarni hal qilishga majbur qiladi, deb hisoblaydi. 44 foizi esa barcha ishlarni qonun doirasida hal qilgan yaxshi, degan fikrni tasdiqlaydi.
Korrupsiyani kamaytirish uchun, birinchi navbatda, nima qilish kerakligi haqidagi savolga ijtimoiy soʻrovda qatnashganlarning 18 foizi “ish haqini oshirish kerak”, deb hisoblaydi. Respondentlarning 14 foizi tizimni oʻzgartirishni va jazoni kuchaytirishni taklif qilmoqda.
Soʻralganlarning 12 foizining fikriga koʻra, byudjet xarajatlarida shaffoflik zarur. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgani haqida koʻproq xabardor boʻlgan va uning faoliyatini muntazam kuzatib borayotgan hududlar: Jizzax, Namangan va Buxoro viloyatlari — qariyb 28 foiz. Shu bilan birga, respondentlarning 62 foizi Agentlikning tashkil etilganligi haqida bilishadi, lekin nima bilan shugʻullanishini bilishmaydi. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yangi organ tuzilganligi toʻgʻrisida Toshkent shahri hududi eng kam xabardor (ularning beshdan biri bu haqda birinchi marta eshitayotganligini bildirishgan).