Soʻnggi vaqtlarda har narsaning foydasi boʻlishi qatorida zarari ham boʻlishi mumkinligin haqida unchalik bosh qotirmayapmiz. Masalan, internetning foydasi koʻpligiga shubha yoʻq. Lekin undan toʻgʻri foydalanmaslik oqibatida turli muammolar chiqayotgani, xatto insonni jinoyat koʻchasiga boshlayotgani ham tez-tez quloqqa chalinmoqda.
Sudning qora kursisidan oʻtirgan Ali (ismlar oʻzgartirilgan) internetdan foydalanishda toʻgʻri yldan adashib ketgani uchun boshi egik. U ijtimoiy tarmoqlar orqali “Skorost” nomli giyohvandlik moddasi haqida maʼlumotga duch kelganida shu haqda jiddiy oʻylab koʻrmadi. Aksincha, shu yilning yanvar oyida telegram ilovasi orqali ushbu giyohvandlik moddasiga buyurtma beradi. Elektron tarzda pul toʻlaydi. Soʻng manzili koʻrsatilgan joydan borib ushbu giyohvandlik moddasini olib, isteʼmol qilib yuradi. Shu tarqiqa ayshini surib yurgan Ali vaqt oʻtishi bilan bu ogʻuga Doniyor ismli mahalladoshni ham qiziqtiradi. Shunday qilib ikki bangi bu vositaning quliga aylanadi. Jirkanch ish uchun ancha-muncha mablagʻini sarflab qoʻyishadi.
Mazkur jinoyat ishida eʼtiborimizni qaratadigan bir muhim jihat bor. Gap shundaki, bu ikki bangi oʻrtoqlarga giyohvandlik moddasini sotuvchilar oʻzlarini fosh qilmaysil uchun oʻziga xos uslubni tanlashadi. Unga koʻra, xaridor mahsulot uchun telegram ilovasidagi maxsus bot orqali 2 gramm “Skorost” nomli giyohvandlik moddasiga buyurtma beradi. Shundan keyin elektron toʻlov turi boʻlgan “Bitcoin” orqali kelishilgan mablagʻni toʻlaydi. Oʻsha bot orqali ularga “Skorost” nomli giyohvandlik moddasini qayerda turganligi haqidagi lokatsiyasini joʻnatiladi. Masalan, koʻp qavatli uylar atrofidagi tashlandiq joylarga yashirilgan, biror boshqa ovloq manzilda toshlar tagiga qoʻyib ketilgani bildiriladi.
Xullas, sotuvchi bu bu jarayonlarda qoʻlga tushmaslik uchun barcha vositalarni ishga solishda internet tarmogʻidan ustalik bilan foydalanishadi. Eng yomoni oldi-sotdilarda foydani faqat xaridor koʻradi. Qoʻlga tushmaslik chorasini qoyillatgan olgʻirlar bora-bora oʻz mijozini boshi berk koʻchalar tomon boshlaydi. Ayshu ishratga berilgan mijozlar esa oxir-oqibat sudning qora kursisiga oʻtirishga majbur boʻladi.
Qissadan hissa shuki, biz bugun turli ijtimoiy tarmoqlarga tuzoqlardan ogoh boʻlib, nima foydayu, nima zarar ekanligi haqida chuqur mulohaza qilib, aql bilan ish tutishimiz shart. Biz qanchalik ogoh, xushyor boʻlsak, hayotimiz farovonligi, baxtli kunlarimizning davomiyligi shunchalik uzoq kechadi.
Sanjar IBADOV,
Jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudi sudyasi