“Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–102-son, 24.03.2023-y.) qabul qilindi
Qarorga koʻra, quyidagilar tasdiqlandi:
- ommaviy savdolar orqali toʻliqligicha sotiladigan 1 001 ta korxonaning aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxati;
- aksiya paketlari “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida xalq IPOsini oʻtkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotiladigan 40 ta korxona roʻyxati;
- ommaviy savdolar orqali sotiladigan 1 046 ta davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻchmas mulk obyektlari roʻyxati;
- munitsipal mulk obyektlarini belgilash mezonlari.
2023-yil 1-iyuldan jismoniy shaxslarga “Davlat mulki” axborot tizimi orqali maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn auksion savdolariga chiqarish boʻyicha ariza berish huquqi beriladi.
2023-yil 1-sentyabrdan:
- koʻchmas mulk obyektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi order va sertifikat Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali beriladi;
- “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
- har chorakda joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinadi;
- investitsiya majburiyatlarining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni qogʻoz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinib, tegishli davlat organlari va tashkilotlarning elektron bazasini "Davlat mulki” axborot tizimiga integratsiya qilish va tadbirkorlar elektron tizimga kiritadigan maʼlumotlar orqali hisobotlarni olish yoʻlga qoʻyiladi.
2023-yil 1-sentyabrgacha davlat ixtiyoridagi istirohat bogʻlari xatlovdan oʻtkaziladi.