Mamlakatimizda toʻqqiz yarim mingga yaqin mahalla fuqarolar yigʻini bor. Oʻzbekistonda hech mahalladan ayro yashamaydi. Har kim qaysidir mahallaga taalluqli. Har bir kun, baxt ham, qaygʻu ham mahalla bilan kechadi. Mana shu manzaraning oʻziyoq yurtimizda mahalla instituti xalqimiz hayoti yaxshi yoki yomon tomonga oʻzgarish obyekti ekanini bildiradi. Yashash manzilimizga MFY nomi qoʻshilishi esa ijtimoiy-maʼnaviy tomondan har bir fuqaroning jamiyatga daxldorligini anglatadi.
INFRATUZILMANING OʻZGARISH SURʼATI
Tahlillarga koʻra, bugungi kunda 100 dan ortiq soha va yoʻnalishda islohotlar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri va eng koʻp eʼtibor qaratilayotgani mahallalar bilan bogʻliq islohotdir.
Bu haqda gapni sal uzoqroqdan boshlasak. Prezident Shavkat Mirziyoyevning mahallalarga ilk tashriflaridan biri 2017-yil 22-iyul kuni Toshkent viloyati Parkent tumanidagi “Markaziy” mahalla fuqarolar yigʻiniga boʻlgan edi.
Oʻshanda davlatimiz rahbari “Mahalla toʻgʻrisida qonun, sharoit bor, lekin mahalla raisining javobgarligi, quyi tizim yoʻq edi. Endi mahalla fuqarolar yigʻiniga katta vakolat va imkoniyatlar berildi. Mahalla raisi maslahatchilar bilan birga oʻz hududining egasi boʻlib, har bir xonadondagi holatni, odamlarning talablarini bilishi va unga koʻmak berishi kerak”, degan edi.
Shundan buyon oradan olti yildan ziyodroq vaqt oʻtib, yangi Oʻzbekiston mahallalarining butunlay yangi qiyofasi paydo boʻldi.
Avvalo, mahalla instituti faoliyatini rivojlantirishga doir huquqiy asoslar mustahkamlangani va iqtisodiy jabhadagi oʻzgarishlarni aytish oʻrinli boʻladi.
Strategik dasturlar asosida mahalla institutining jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda oʻrni tobora mustahkamlanib bormoqda. Mahalla faoliyatining huquqiy asoslari takomillashayotir. Jumladan, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi Mahalla institutini rivojlantirish departamentidan maʼlum qilishlaricha, birgina joriy yilning dastlabki olti oyida mahalla instituti faoliyati samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish maqsadida 10 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi. Ularda fuqarolarning oʻz mahallasi hayotidagi ishtirokini kuchaytirish hamda davlat organlari va mahallalar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani yoʻlga qoʻyish, mahallalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishdagi rolini oshirish, mahallani faqat ijro etuvchi emas, muhim tashabbuslarni ilgari suradigan va ularni roʻyobga chiqaradigan yetakchi tuzilmaga aylantirish masalalari koʻzda tutilgan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mahalla fuqarolik jamiyati instituti sifatida belgilandi. Mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolar manfaati, rivojlanishning tarixiy oʻziga xos xususiyatlari, shuningdek, milliy qadriyatlar, mahalliy urf-odat va anʼanalardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli ekani aks ettirildi. Shuningdek, davlat fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoit yaratishi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishda koʻmaklashishi belgilandi.
Bu mahalla tizimini rivojlantirishning huquqiy asoslari edi. Iqtisodiy jabhadagi oʻzgarishlar esa quyidagi misollarda koʻzga tashlanadi.
Birinchi misol: tashabbusli byudjetlashtirish masalasi shu yil boshida qizgʻin muhokamalarga, qarama-qarshi fikrlarga sabab boʻldi. Kimdir uni kerak desa, bu tizim oʻzini oqlamaydi, deguvchilar ham topildi.
Hozir biz bu bahsni davom ettirish fikrida emasmiz. Faqat bir mahalla raisi mulohazalarini keltirmoqchimiz.
– Oʻtgan yillarda byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash yoʻlga qoʻyilgani ayni muddao boʻldi, – deydi Qibray tumanidagi “Doʻrmon” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Nigʻmat Isroilov. – Bu imkoniyat mahallalarda koʻp yillardan buyon aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etishda qoʻl kelmoqda. Masalan, mahallamiz ahli ikki yil mobaynida ketma-ket tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida gʻolib chiqdi. Natijada ichki koʻchalar taʼmirlandi, transformatorimiz yangilandi. Bir qarashda bu ishlar arzimasdek tuyulishi mumkin. Ammo uning ortida uch yarim mingdan koʻproq insonning taqdiri yotibdi. Bugun obod etilgan tekis-ravon yoʻllardan yuradigan har bir kishi, albatta, hayotga shukrona qiladi. Qolaversa, mahalladoshlar tafakkurida odamlar hamjihat boʻlib harakat qilsa, har qanday muammo yechim topishi mumkin, degan qarash yuksaladi.
Keyingi yillarda tashabbusli byudjet loyihasi har birimizning hayotimizda shunday iz qoldirmoqda. Oʻz koʻchasi, mahallasi, maktab va bogʻchalar, kommunal tizimlar va boshqa ijtimoiy muassasalarni rekonstruksiya qilish, takomillashtirish uchun oʻzimiz kurashishga, ovoz berishga chogʻlanmoqdamiz.
Xalqimizning bu boradagi intilish va tashabbusini qoʻllab-quvvatlash davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishiga aylanmoqda. Xususan, mahallalar uchun “Ochiq byudjet” portali imkoniyatlari yanada kengaytirilishi va unga ajratiladigan mablagʻ 3 karra oshirilishi koʻzda tutilmoqda. Endi tashabbusli byudjetlashtirish loyihalarida gʻolib boʻlish uchun 1,5 ming ovoz yetarli boʻladi va ushbu maqsadlarga yil yakuniga qadar yana 1,2 trillion soʻm ajratiladi. Bundan tashqari, joriy yil davomida mahallalardagi muammolarni bartaraf etish uchun mahalliy hokimliklarga 5 trillion soʻm beriladi.
Ikkinchi misol: bugun mahalla islohotlari haqida soʻz borganda moliyaviy mustaqillik masalasi ham tilga olinishi kerak boʻladi.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, yaxshi kunimizga ham, tashvishli onlarimizga ham eng avval mahalla shohid boʻladi. Quvonchimizga sherik, tashvishimizga yelka tutib turuvchi tirgagimiz ham – mahalla.
Qolaversa, kundalik ehtiyojimiz uchun oʻta muhim boʻlgan elektr, gaz, suv taʼminoti va boshqa hayotiy masalalar yuzasidan muammo tugʻilganda ham mahallaga murojaat qilishga odatlanib qoldik. Ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarga yordam berish, jinoyatchilikning oldini olish, inson huquqlarini himoyalash, yoshlar taʼlim-tarbiyasi, oilalarda zoʻravonlikning oldini olish, aholi bandligi, ijtimoiy muhofazasi, hudud tozaligi va boshqa masalalarni hal etishda mahalla asosiy tayanchimizga aylandi.
Ana shunday vazifalarni bajarishda har bir mahallaning oʻz yondashuvi, oʻz yoʻnalishi boʻladi. Eng muhimi, bularning barchasini hal etish uchun tashkiliy chora-tadbirlarni toʻgʻri belgilash barobarida moliyaviy koʻmakka ehtiyoj tugʻiladi. Shu jihatlar eʼtiborga olinib, keyingi yillarda mahallaning moliyaviy mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, aholidan yigʻiladigan mol-mulk va yer soligʻining 10 foizini mahalla byudjetida qoldirish tizimi joriy qilindi.
– Misol uchun, bu tizim orqali joriy yilda birgina Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanidagi 40 ta mahallaning har birida oʻrtacha 75 million soʻmdan mablagʻ qolishi prognoz qilinmoqda, – deydi Mahalla institutini rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi Shahboz Rahimov. – Endi ushbu mol-mulk va yer soligʻi yagona mulk soligʻi boʻlib birlashadi va aholidan undiriladigan qismi mahalla byudjetiga toʻliq oʻtkaziladi. Shuningdek, aholining mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorligi boʻyicha 500 milliard soʻm penya kechib yuboriladi. Bu ishlar mahalla institutining moliyaviy mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Natijada hududda aholini qiynayotgan koʻpgina masalalarga oʻz vaqtida yechim topiladi va xalqimizning turmushi yanada farovon boʻlishiga erishiladi. Shuningdek, qayerga bogʻcha, maktab yoki poliklinika qurilishini vazirlik yoki hokimlik emas, balki mahallaning oʻzi hal qiladigan tizim yaratiladi. Bu aholining mahalla hayotida, yurtimizdagi islohotlarda faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Yutuqlar oʻzimizniki. Muammochi?
Agar eʼtibor bersak, keyingi yillarda katta-katta oʻzgarishlar haqida gapirishga odatlandik. Hayotimiz va kun tartibimiz oʻzgardi. Shunga monand rejalarimiz va maqsadlarimiz ham yangilana bormoqda. Har birimizning hayotimizdagi bu kabi oʻzgarishlar hodisasida mahalladagi islohotlar muhim oʻrin tutadi.
Chunki mahalla milliy urf-odat va anʼanalarimiz beshigi, odamlarni oʻzaro bir-biri bilan uygʻun, bahamjihat yashashga oʻrgatadigan, inson ongu tafakkuriga daxldorlik kabi ulugʻvor tuygʻuni jo etadigan betakror maskan. Shu bois, azal-azaldan ajdodlarimiz ushbu qadriyatni eʼzozlab, uning davomiyligini taʼminlash uchun jiddu jahd qilgan.
Bugun dunyoning qiyofasi tubdan oʻzgarmoqda, globallashuv shiddatli tus olib, oʻzaro aloqalar tezlashmoqda. Bunday vaziyatda tarixiy anʼanalar ham zamon shiddatiga hamohang tarzda yangilanib borishini davr taqozo etmoqda. Jumladan, asrlar osha barhayot yashab kelayotgan mahalla qadriyati tarixiy qiyofasini saqlagan holda bugungi kun bilan hamnafas boʻlishi hayotning muhim talabidir.
Uchinchi misol: ilgarilari mahalla markazi haqida soʻz borganda, asosan, yoshi ulugʻ otaxonlar toʻplanib, choy ustida gurung qiladigan guzar tushunilardi. Bugungi tasavvurlarimiz butunlay boshqacha. Mahalla markazi deganda zamonaviy bino, aholiga xizmat koʻrsatadigan infratuzilmalar, kutubxona va boshqa maʼnaviyat nuqtalarini bir joyga jamlagan maskan koʻz oldimizga keladi. Oxirgi yillarda mahalla infratuzilmasini tubdan oʻzgartirish, zamonaviylashtirish borasidagi ishlar natijasida uning qiyofasi tubdan oʻzgarmoqda. Birgina joriy yilning oʻtgan davrida 322 ta mahalla binosi qurildi, 251 tasi joriy taʼmirlandi, 591 tasida qurilish ishlari davom etmoqda. 269 ta mahalla kompyuter va 394 tasi mebel bilan taʼminlandi.
Obodlik faqat bunyodkorlik bilangina cheklanmaydi. Har bir inson koʻngliga iliqlik, mehr, yaratish va joʻshqinlik hissini olib kirish ham obodlik aslida. Shu maʼnoda, bugungi kunda mahalla tizimidagi koʻplab xayrli ishlar bir-birini mazmunan toʻldirib, inson hayotiga maʼno-mazmun baxsh etayotganini alohida qayd etish joiz.
Shu bois, mahalla xodimlari tomonidan har kuni 15 ta xonadonga kirib muammolarini oʻrganish hamda ularni mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Xususan, Toshkent shahrida 700 ming 440 xonadondan 574 ming 107 tasi (82foizi) oʻrganildi, aniqlangan 48 ming 674 muammodan 34 ming 220 tasi (70,3 foizi) bartaraf etildi, muddat talab etiladigan 14 ming 454 tasini hal etish choralari koʻrilmoqda.
Jamoatchilik nazoratini oʻrnatish orqali aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etish boʻyicha 28 mingdan ziyod obyektda jamoatchilik nazorati oʻrnatildi. Kam taʼminlangan 42 mingdan ortiq oilaga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. “Temir daftar”ga kiritilgan 24 mingdan ortiq oila, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 112 mingdan ortiq xotin-qiz, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 96 mingdan ziyod yoshga amaliy yordam koʻrsatildi.
“Keksalar maslahati” guruhlari, “Ayollar maslahat kengashlari”, mahalladagi jamoatchilik komissiyalari aʼzolari tomonidan ajrashish yoqasiga kelib qolgan 17,5 mingdan ziyod oila yarashtirildi, 36 mingdan koʻp oiladagi notinchlikka barham berildi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar hamda yolgʻiz keksalar sanatoriylarda sogʻlomlashtirilishi, nuroniylar bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi, kam taʼminlangan oilalarning 31 ming 640 aʼzosining muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarga sayohati uyushtirilishi ham inson koʻnglini obod etish yoʻlidagi muhim ishlardir.
Hayot muammo va kamchiliklardan xoli emas. Mahallalar aholisi eʼtiroziga eng koʻp sabab boʻlayotgan muammolarni aniqlash hamda joyida hal etish maqsadida 4 mingdan ortiq mahallada sayyor qabullar oʻtkazilib, 24 ming 930 fuqaroning muammosi hal etilgani eʼtiborli jihat.
Yana bir quvonarli holat: amalga oshirilayotgan tizimli ishlar tufayli mahallalarda tinchlik-osoyishtalik taʼminlanmoqda. Yaʼni mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish boʻyicha oʻtkazilayotgan targʻibotlar natijasida oʻtgan davr mobaynida 5015 ta mahallada jinoyat sodir etilmadi.
Biroq hali mahallalarimizda tinchligimizga hamjihatligimizga rahna solayotgan muammolar yoʻq emas. Masalan, joriy yilning oʻtgan 6 oyida mahallalarda barvaqt oldini olish mumkin boʻlgan 12 mingga yaqin jinoyat sodir etilgan. 9500 ga yaqin mahallaning 1500 tasida kriminogen vaziyat bor. Tabiiyki, bu holat inson taqdiriga, ayniqsa, yoshlar kamolotiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 28-iyul kuni hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida shu xususda alohida soʻz yuritildi va bunday muammolar bilan kurashish yoʻllari koʻrsatib oʻtildi. Xususan, endi mahallada jinoyatchilikni jilovlash borasida yangicha ish tartibiga oʻtilishi belgilandi. “Ijtimoiy profilaktika” boʻyicha mahalla masʼullarining vazifalari va metodikasini ishlab chiqishga koʻrsatma berildi. Viloyat – tuman – mahalla kesimida ijtimoiy va kriminogen muammolarni raqamlashtirish orqali “Ijtimoiy vaziyat” axborot tizimini, shuningdek, “112” tezkor raqami va dispetcherlik tizimini ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
“BESHLIK TIZIMI”DAN “YETTILIK TIZIMI”GA
Mahallalarda hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi kabi yangi mutaxassislar ish boshlaganiga hali koʻp vaqt boʻlmadi. Biroq ularning faoliyati natijasi qisqa vaqtdayoq yaqqol koʻzga tashlana boshladi. Buni aholining mahallaga ilgarigidek moddiy yordam soʻrab emas, koʻproq tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun murojaat qilayotgani, xotin-qizlar va yoshlar oʻz huquqlarini tobora chuqur anglab, yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanishga intilayotgani yaqqol isbotlaydi.
Aholining bu boradagi intilish va saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahallalarda yangicha tashabbuslar yoyilmoqda. Masalan, poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Katta Chilonzor-3 mahallasi misolida “beshlik tizimi” tomonidan “Bir piyola choy ustida” tizimida xonadonlarda suhbat oʻtkazish, muammolarni oʻrganish hamda hal etish yoʻlga qoʻyildi. Har haftada mahalladagi “beshlik tizimi” tomonidan aniqlangan, lekin bartaraf etilmagan muammolar boʻyicha maʼlumotlar tegishli davlat organlari va tashkilotlarga kiritiladi. Uyma-uy yurish orqali obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Bu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oʻrganish va muammolarga yechim topish maqsadida mahalla kengashida hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektorlarining 32,5 mingdan ziyod hisoboti eshitildi.
Mahalla institutini rivojlantirish departamentidan maʼlum qilishlaricha, mahalladagi “beshlik tizimi” yanada takomillashtiriladi. Yangi tizimga koʻra, har ikkita mahallaga bir nafar professional ijtimoiy xodim biriktiriladi va ular 31 toifaga mansub qiyin sharoitdagi aholiga manzilli asosda 90 dan ortiq ijtimoiy xizmat koʻrsatadi. Bundan tashqari, kelgusi yildan boshlab tuman bandlik idoralarining bir qator vazifalari mahallaga oʻtkaziladi.
Jumladan, Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ishsiz aholini obodonlashtirish va mavsumiy ishlarga jalb qilish, ularga haq toʻlash vakolati mahalla raisiga beriladi. Tuman mehnat boʻlimlari vakant oʻrinlar haqidagi maʼlumotlarni mahallaga taqdim etib boradi. Mahalla raisi esa oʻz hududidagi ishsizlarni tanlab ishga joylashtiradi. Shuningdek, tumandagi soliq inspektorlari ham mahalladagi “beshlik tizimi”ga biriktiriladi. Endi hokim yordamchilari tadbirkorlar loyihasi “yurib ketishi”ga koʻmaklashsa, soliq inspektorlari ularga buxgalter sifatida yordam beradi. Shu asosda joylardagi muammolarni hal qilishda mahallaning roli kuchaytirilib, “mahalladagi yettilik” tizimiga oʻtiladi.
Har bir mahallaning oʻz muammosi, tashvishi bor. Uning yechimini topish mahalla faollarining har biridan, ayniqsa, oqsoqoldan harakatchanlik, tashabbuskorlik talab etadi. Qolaversa, aholining xohish-istagini ham inobatga olish kerak. Xullas, mahalladagi vazifalarni hal etishda “Yetti oʻlchab, bir kes” hikmatiga amal qilish muhim.
Mahalla raislari bugungi kunda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda ana shu jihatlarga eʼtibor qaratayotgani xalqning ogʻirini yengil, mushkulini oson qilmoqda. Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi Navroʻzobod mahallasida erishilayotgan natijalar bunga misol boʻla oladi. Bu yerda faollar va aholi hamjihatligida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari tufayli mahalla obod boʻlmoqda, oilalar farovonligi oshmoqda.
– Mahallamizda ikki mingdan koʻproq oilada oʻn mingga yaqin aholi yashaydi, – deydi “Navroʻzobod” MFY raisi Ilyos Abdurahmonov. – Hududimizda 36 ta koʻp qavatli uy bor, 1200 oila esa hovlida istiqomat qiladi. Ish faoliyatimizni tashkil etishda aholining talab va istagi, ehtiyojidan kelib chiqamiz. Xususan, asosiy eʼtibor obodonchilik va rekonstruksiya ishlariga qaratilmoqda. Natijada hududimizdan oʻtuvchi drenaj rekonstruksiya qilindi, kanalizatsiya tizimi barpo etildi. Suv taʼminotida muammo bor edi, uning ham yechimi topildi. Hozir xonadonlarga vodoprovod suvi toʻliq yetib bormoqda. Tabiiyki, bu qulayliklar odamlarning turmushi obod, roʻzgʻori butligiga zamin boʻlyapti.
Vatan ichra kichik vatan boʻlgan mahallalarimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlar bardavom boʻlajak. Prezidentimiz qoraqalpogʻistonlik saylovchilar bilan uchrashuvda bu xususda toʻxtalib, mahallalarda tub islohotlarni amalga oshirish boʻyicha istiqboldagi rejalarga toʻxtalib oʻtdi. Xususan, har bir koʻcha va koʻp qavatli uylarda aholi oʻziga jamoatchilik asosida koʻchaboshi, koʻchabiy va uyboshilarni saylaydi. Ular fuqarolar yigʻini kengashi tarkibiga kiritiladi va “mahalladagi yettilik” oldiga aniq masalalar qoʻyadi. Mahalladagi “jamoatchilik ovozi” ham koʻchaboshi, koʻchabiy va uyboshilar boʻladi.
Mahalla raislari vakolat muddatini 3 yildan 5 yilga uzaytirish rejalashtirilgan. “Mahalladagi yettilik” tizimi yagona jamoa boʻlib ishlashi uchun ular ham 5 yil muddatga saylanadi. Mahalla raislariga ushbu tizim xodimlarini ragʻbatlantirish, zarur boʻlganda chora koʻrish boʻyicha taklif kiritish vakolati beriladi.
Shu bilan birga, mahalla raislarining xalq oldidagi masʼuliyati va javobgarligi aniq belgilanadi. Odamlarning ishonchini qozonmagan mahalla raislari boʻyicha aholi tomonidan “rais vakolatini muddatidan ilgari tugatish haqida taklif kiritish” tartibi joriy qilinadi. Eng muhimi, kelgusida tuman va shahar hokimlarini oʻzining mehnati, fidoyiligi bilan amaliy natija koʻrsatgan ushbu mahalladagi vakillar orasidan saylash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Ushbu islohotlar kelgusida mahalla institutining hayotimizdagi oʻrnini yanada mustahkamlab, bu tizimni inson kamoloti va jamiyat rivoji yoʻlida muhim qarorlar qabul qiluvchi yetakchi markazga aylantiradi. Mahallada boshlangan bunday ulkan evrilishlar har bir soha, har bir yoʻnalishda yangi yutuqlarga zamin hozirlayajak va oldimizga qoʻygan ezgu maqsad – obod, erkin, farovon yangi Oʻzbekistonni barpo etishga turtki boʻlajak.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri