“Ikki eshik orasi” asaridan noqonuniy foydalanganlar maʼmuriy javobgarlikka tortildi

    Voqea-hodisalar 25 Oktabr 2022 2517

    SAMISI masʼul xodimi I.N. tomonidan institutning internet tarmogʻidagi rasmiy saytiga Oʻtkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” nomli kitobining nusxasi huquq egalarining ruxsatisiz joylashtirilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqlari va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasiga koʻra, muallif asardan har qanday shakilda va har qanday usulda foydlanishda mutloq huquqlarga ega. Yuridik va jismoniy shaxslar, qonunda koʻrsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Qonunning 61-moddasiga muvofiq mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻlishi belgilab qoʻyilgan.

    Afsuski, ushbu qonunchilik talablari samarqanddagi ayrim taʼlim muassasalari tomonidan qoʻpol ravishda buzilmoqda. Yoʻqsa, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning merosxoʻri, yaʼni oʻgʻli F.Hoshimov Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga buzilgan huquqlari yuzasidan murojaat qilmagan boʻlardi.

    Murojaatda qayd qilinishicha, SAMISI masʼul xodimi I.N. tomonidan institutning internet tarmogʻidagi rasmiy saytiga Oʻtkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” nomli kitobining nusxasi huquq egalarining ruxsatisiz joylashtirilgan.

    Murojaatni koʻrib chiqish davomida Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan mazkur oliygoh masʼullari “Ikki eshik orasi” nomli kitobdan ular oʻrtasida hech qanday kelishuv amalga oshirilmasdan noqonuniy foydalanilganligi oʻz tasdigʻini topgan. Maʼlum boʻlishicha, institut saytidan ushbu kitobning elektron nusxasi sayt foydalanuvchilari tomonidan 10 449 marotaba yuklab olingan.

    Fuqaro mazkur harakatlari bilan mualliflik huquqlarini buzgan. Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 177 (1), 280-moddalarini qoʻllab, intellektual mulk sohasida huquqbuzarlik sodir etgani uchun fuqaro I.N. maʼmuriy javobgarlikka tortildi hamda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Xoshimov qalamiga mansub ushbu kitob institut saytidan olib tashlandi.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF–89-son farmoni bilan Adliya vazirligiga intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va boshqa intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish vazifasi yuklatilgan.