Ikki tayanch ustunimiz bor: biri – iqtisodiyot, ikkinchisi – maʼnaviyat

    Fikr 27 Noyabr 2024 163

    Ibn Xaldun “Davlat – xalq maʼnaviy irodasining, ichki dinamik quvvatini aks ettiradi”, deydi. Ayniqsa, bu aks etish “Xalq uyi”da ravshanroq koʻrinishi, xalq ehtiyoji, dardi, ovozi shu uy orqali balandroq yangrashi shart.

    Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek katta marra, ulkan maqsad sari dadil qadam tashlanmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan soʻnggi yillarda ilgari surilgan har bir tashabbus, har bir amalga oshirilayotgan islohotlar barchamizni shu ulkan orzu tomon yetaklamoqda. Bu orada katta oʻzgarishlar, olamshumul ishlar amalga oshirildi. Dunyo vatanimizni yangidan kashf qildi, tanidi. Xalqimiz ongu shuuri, siyosiy tafakkuri tubdan oʻzgardi.

    Ayniqsa, uch kun davomida boʻlib oʻtgan muhim siyosiy voqeliklar, unda koʻtarilgan masalalar, oldinga qoʻyilgan rejalar tom maʼnoda vatanimiz taraqqiyotini yangi, hal qiluvchi bosqichga koʻtaradigan, ulkan marralar sari qadam qoʻyadigan istiqbolli jarayonlar debochasi boʻldi.

    Buyuklar armoni

    Qay bir allomayu, mutafakkirlarimiz asarini oʻqimaylik, har birida katta bir armon, ulkan bir orzuni koʻramiz. Bu xalq dardini eshitadigan davlat, maʼrifati yuksak, axloqi baland jamiyat orzusidir.

    Buyuk daho, hazrat Navoiy “Dardim ogʻirroq togʻdin, xoshokdin jismim yengil”, deya yozganda bu ogʻir dard xalq dardi, raiyat ehtiyoji ekanini ayon qilgan. Allomaning birgina “Munshaot” asarinitom maʼnoda davlat boshqaruvi sohasida oʻz davrining adolatli qonuni sifatida koʻrishmumkin. Unda “Davlatning barcha boʻgʻinidagi mansabdor va amaldorlar, raiyat ishlari bilan shugʻullanadigan, qoʻlida imzo va muhr tutadigan barcha masʼullar murojaat etuvchilarning ishlari ertangi kunga qoldirilishiga yoʻl qoʻymasliklari kerak, taʼma maqsadida paysalga soluvchilar muqarrar jazolanishi lozim”ligi aytiladi. Shu orqali mutafakkir oʻz orzusidagi davlat boshqaruviga koʻzgu tutadi aslida. Bugun bu orzu “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”degan aniq, qatʼiy tamoyilda aks etmoqda.

    Yoki Farobiy ilgari surgan axloq falsafasini olaylik. Mutafakkirning axloq va uning asosida yosh avlodga tarbiya berish gʻoyalari hozirgi kunda ham eng dolzarb masaladir. Forobiy yuksak axloqiy fazilatlarga rioya qilgan holda rivojlanayotgan har qanday davlat oʻz fuqarolarini, shak-shubhasiz, baxt-saodat yoʻliga olib chiquvchi kuchga ega boʻlishini taʼkidlaydi. Alloma inson bilim va namunali axloq egasi boʻlgandagina yaxshi odat va harakatlarni oʻzida mujassamlashtira olishini aytadi.

    Bugun davlatimiz rahbari har chiqishlarida kuchli ilm va axloq bir boʻlsagina yuksak natijalarga erishish mumkinligini bot-bot taʼkidlayotgani zamirida ham aslida taraqqiyot, baxt-saodat yoʻlidagi muhim qoida sifatida qarash lozimligi turadi.

    “Xalq uyi”da xalq ovozi

    Ibn Xaldun “Davlat – xalq maʼnaviy irodasining, ichki dinamik quvvatini aks ettiradi”, deydi. Ayniqsa, bu aks etish “Xalq uyi”da ravshanroq koʻrinishi, xalq ehtiyoji, dardi, ovozi shu uy orqali balandroq yangrashi shart.

    Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida ham bunga qayta- qayta urgʻu berildi, deputat degan sharafli nomga sazovor boʻlganlarning ulkan masʼuliyati eslatildi.

    Zero, bu saylov yangi aralash saylov tizimi asosida oʻtkazilgani bilan ham tarixiy voqelik boʻldi. Parlamentning huquq va vakolatlari ortdi, yangi xalq vakilligi tizimi sifatida masʼuliyati oshirildi. Faoliyat qogʻozdan natijadorlik, vakolatdan samarali faoliyat tomon yoʻnaltirilishi lozimligi taʼkidlandi.

    Italyan mutafakkiri Nikkolo Makiavelli eng ishonchli, eng mustahkam qoʻrgʻon xalq muhabbati ekanini taʼkidlagan. Bu muhabbat ishonch koʻrinishida koʻz oldimizda gavdalanmoqda. Ayniqsa, saylovlar xalqning islohotlarga, davlatga ishonchini koʻrsatuvchi koʻzgu ham. Bu yilgi saylovlarda 15 milliondan ziyod aholimiz, jami saylovchilarning qariyb 75 foizi faol ishtirok etgani buning dalilidir.

    Bugun globallashuv jarayoni, geosiyosiy vaziyatlar taranglashuvi, dunyo xatar va tahlikaga toʻla ekani aytilmoqda. Albatta, bular shunchaki gaplar emas, har kuni koʻz oldimizda gavdalanayotgan voqeliklarga aylanib bormoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyoda 2 milliardga yaqin odam toʻqnashuvlar va zoʻravonlik boʻlayotgan, beqarorlik hukm surayotgan mintaqalarda yashaydi. Achinarlisi, ularning uchdan bir qismidan ziyodi 15-24 yoshlilardir. BMT Bosh kotibi ham dunyoda har toʻrtinchi oʻsmir zoʻravonlik va qurolli nizolardan jabr koʻrayotganini maʼlum qildi.

    Shunday bir vaziyatda mamlakatimizda yoshlar salohiyatini yuzaga chiqarish, oʻsib kelayotgan yosh avlodga imkoniyatlar yaratish yoʻlida tinmay yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilangan boʻlsa, deputatlarimizning 11 nafari, yaʼni 7,5 foizi 35 yoshgacha ekani, ilk bor yoshlar parlamentining 2 nafar vakili Qonunchilik palatasi deputati etib saylangani fikrimizga dalil boʻla oladi.

    Yana bir jihat, maʼrifatli ayol – maʼrifatli avlod, maʼnaviyatli jamiyat bunyod etishga hissa qoʻshadi. Buni tarix saboqlari, allomalarimiz hikmatlari orqali ham koʻp va xoʻp oʻqiganmiz. Ayniqsa, deputatlarning 38 foizini yoki 57 nafarini ayollar tashkil etgani – mintaqadagi eng yuqori koʻrsatkich boʻlib qolayotgani aytildi.

    Yigʻilishda parlamentning avvalgi faoliyati tahlil, kamchiliklari sarhisob qilinib, yutuqlari eʼtirof etildi.

    Ayniqsa, Parlament tadqiqotlari institutini Qonunchilik palatasiga oʻtkazilgani deputatlar institut bilan faol ishlab, muammolarga ilmiy-amaliy yechim topishi, bu boradagi takliflarini qonunchilik tashabbusi darajasiga olib chiqishga imkon berishi muhim qadam boʻldi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan 2030-yilgacha yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha umumiy qiymati 1 milliard 300 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish, “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi qabul qilinib, 2025yilda 1 million aholini kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha katta marralar olingani aytildi. Bu maqsadlarga 46,5 trillion soʻm yoʻnaltirilib, 100 ming gektar yer dehqonchilik va bogʻdorchilik tashkil etish uchun 200 ming kambagʻal oilaga ijaraga berilishi maʼlum qilindi.

    Bu kabi katta marra, ulkan maqsadlar koʻp. Bunday jarayonlarning esa taʼsirchan parlament nazoratisiz amalga oshishi qiyin, albatta. Shu sababli deputatlarimiz ushbu yoʻnalishlarda mutasaddi idoralar oldiga aniq topshiriqlar qoʻyib, ularning ijrosini nazoratga olishi koʻp masalalarning hal etilishiga, islohotlarni tizimli amalga oshishiga zamin boʻladi.

    Taʼkidlash joizki, quyi palatadagi 12 ta qoʻmita oʻrnida 10 ta yangilangan qoʻmita tashkil etildi. Qoʻmitalar faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni kuchaytirish ham muhim ahamiyatga egaligi aytildi. Har bir qoʻmita qoshida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilishi samarali yechim sifatida taʼkidlandi.

    Davlatimiz rahbari “Deputat – bu xalq xizmatchisi, barchaga oʻrnak boʻladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, oʻz Vatanini chin dildan sevadigan insondir”, deya taʼrifladi.

    Darhaqiqat, xalqimizda “Olim boʻlma, odam boʻl”, degan purmaʼno gap bor. Soʻnggi vaqtlarda oramizda mizantropiyalar guruhi paydo boʻla boshladi. Yaʼni, koʻrinishi bashang, qoʻsh-qoʻsh diplomiyu, maqtanib tugatolmaydigan yutuqlari bor. Lekin axloqiy meʼyor va qadriyatlarni tan olmaydi, uni keraksiz sarqit, deb qaraydi. Aslida har narsadan inson degan nom, axloq, vatanparvarlik ustunligi, bu ayniqsa, xalq vakillari uchun eng muhim taʼrif, nazarimizda.

    Miqdor va sifat oʻzgarishi

    Falsafada miqdor oʻzgarishlarining sifat oʻzgarishlariga aylanishi qonuni mavjud. Dialektikaning bu qonuni harakat va rivojlanishning qay tarzda yuz berishini tushuntirishga xizmat qiladi. Bu qonunga koʻra, koʻzga tashlanmaydigan, asta-sekin yuz beradigan miqdor oʻzgarishlari (miqdorlarning ortishi yoki kamayishi) muayyan vaqt oʻtgach, jiddiy va katta sifat oʻzgarishlariga, eski sifatdan yangi sifatga oʻtilishiga olib keladi. Bu qonun tabiat, jamiyat va tafakkur rivoji bilan bogʻliq barcha jarayonlarda amal qiladi.

    Prezidentimiz ishtirok etgan navbatdagi muhim uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisi boʻldi.

    Unda miqdordan sifat oʻzgarishi tomon amalga oshirilgan ishlar, muhim islohotlar aytildi. Senatni ixcham, xalqchil va hududlar manfaatini ifoda etadigan idoraga aylantirish maqsadida senatorlar soni 100 nafardan 65 nafarga qisqarib, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirildi.Lekin senatorlarning vakolatlari va masʼuliyatlari oshirildi.

    Yigʻilish davomida yuqori palataning avvalgi tarkibi faoliyati tahlil qilindi, erishilgan yutuqlar aytildi, ular mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qoʻshgani taʼkidlandi. Oxirgi besh yilda yuqori palata tomonidan 106-marta hisobotlar eshitilgan, ijro organlariga 1 ming 300 ta soʻrov kiritilgan. Parlamentning xalqaro maydondagi nufuzi ham sezilarli darajada oshgan. Oʻtgan davrda xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo doʻstlik guruhlari soni 26 tadan 73 taga yetgan.

    Yigʻilishda yana bir bor bugun dunyodagi vaziyat tinchlik va birlikda harakatlanish ahamiyatini yanada oshirayotganiga urgʻu berildi.

    Davlatimiz rahbari taʼkidladiki:

    — Mana shunday gʻoyat tahlikali vaziyatda biz faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni taʼminlashga erisha olamiz. Hurmatli senatorlarimiz, mahalliy kengashlarga saylangan deputatlarimiz ana shu oʻtkir haqiqatni, oʻz zimmalaridagi ulkan masʼuliyatni chuqur anglab ish olib boradilar, deb ishonaman.

    Bugun Prezident tomonidan tez-tez ilgari surilayotgan birlashish falsafasi butun dunyo uchun ham zarur ehtiyojga aylanib bormoqda. Jaloliddin Rumiy hazratlari “Men yetmish uch mazhab ila birdurman” degan soʻzlarida insoniyatning birligi, yakdilligi hayot qonuni ekaniga ishora qilinadi. Bugun dunyoning turli burchaklarida yashashiga qaramay insonlar taqdiri bir-biriga bogʻliq, tinchligi hamkorlikka, bu olam, bu tabiatdan oqilona foydalanishda birlashishga zarurat borligini koʻrsatib turibdi. Bugun oʻz ishiga tanqidiy baho berish, rivojlanishga harakat, hamkorlikda ishlash koʻplab dolzarb masalalarga yechim boʻlishi ayon.

    Shu munosabat bilan, Prezident Senat oldida turgan dolzarb vazifalarga toʻxtalib oʻtdi. Bular orasida qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etish, mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashish, xususan, 2025-yildan boshlab tuman va shahar Kengashlariga ham hokimlar raislik qilmasligi aytildi.

    Ushbu chora-tadbirlar mamlakatimizda davlat boshqaruvini quyi boʻgʻinga tushirish, ularni aholiga yaqinlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganidan dalolat berayotgani taʼkidlandi.

    Yangilangan Konstitutsiyamizda Senatga mahalliy kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq boʻlishini taʼminlash boʻyicha katta masʼuliyat yuklatilgan. Davlat rahbari Senat bu borada ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylikni taʼminlash boʻyicha samarali tizim yaratishi kerakligini aytdi.

    Ayniqsa, kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi dastur va rejalarni toʻliq roʻyobga chiqarishda senatorlarning ishtiroki juda muhimligiga urgʻu berildi.

    ​Qonun qudrati ijro bilan

    “Siyosatnoma” asarida “...farmonning hurmati va kuch-qudrati shunday boʻlishi kerakki, ijro etilmaguncha uni hech kim qoʻlidan qoʻyishi kerak emas”, deyiladi. Darhaqiqat, ijro kuchi islohotlarning tub mohiyatini koʻrsatadi, xalqni davlatga nisbatan ishonchini mustahkamlaydi.

    Prezidentimiz ishtirokidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqishga bagʻishlangan majlisida bu boradagi vazifalar, istiqboldagi rejalar aytildi.

    Davlatimiz rahbari, avvalo, oʻtgan besh yildagi dasturlar ijrosiga toʻxtalib oʻtdi. Bu davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra oʻsib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi. Aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda.

    Eksport qariyb 2 barobar oʻsib, ilk bor 25 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralari esa 40 milliard dollardan oshdi. Oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6 karra koʻpayib, buning hisobiga 1,5 millionta yuqori daromadli ish oʻrni yaratildi.

    Soʻnggi uch yilda umumiy quvvati 2,4 gigavatt boʻlgan 9 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Muqobil energiya ulushi oʻtgan yilga nisbatan 2 barobar koʻpaydi.

    Maktabgacha taʼlimda qamrov 74 foizdan, oliy taʼlimda esa 39 foizdan oshdi. Barcha hududlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ochilib, tashkilot xodimlari tomonidan bevosita mahallalarda aholiga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

    “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qoʻyilgan edi. Barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu koʻrsatkich joriy yilning oʻzida 110 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

    Shunday surʼat jadal davom ettirilsa, 2030-yilga borib, mamlakatimiz iqtisodiyoti hajmini 200 milliard dollarga yetkazish salohiyati borligi taʼkidlandi. Bu aholining turmush darajasi va sifatini keskin yaxshilashga asos boʻladi.

    Xususan, aholi jon boshiga daromadlarni 5 ming dollardan oshirish, kambagʻallik darajasini 5 foizga tushirib, ehtiyojmand aholi uchun mustahkam ijtimoiy sugʻurta tizimini joriy etish, tibbiyotga ajratilayotgan mablagʻlarni 2 barobar koʻpaytirib, tibbiy sugʻurta tizimiga oʻtish va kafolatlangan tibbiy xizmatlar bilan toʻliq qamrovni taʼminlash, yiliga 150 ming kvartirali yangi zamonaviy uy-joylarni barpo etish imkoniyati yaratiladi.

    Prezidentimiz bu maqsadlarga erishish uchun hukumat bilan parlament hamkorligi muhim ekanini taʼkidladi.

    Parlament nazorati – bu avvalo “xalq nazorati, xalq soʻrovi” ekani taʼkidlandi. Bu borada barcha rahbarlar masʼuliyat va javobgarlikni toʻliq his etishi lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

    Muhimi barcha koʻzlangan marralarga yetilmoqda. Faqat mamlakat yetakchisi aytganidek: Bugun faqat mana shunday ilgʻor yoshlarga, mana shunday jonkuyar ziyolilarga, Vatan ravnaqi yoʻlida birlashgan xalqqa ega boʻlgan davlatgina oʻz milliy manfaatlarini taʼminlashga erisha oladi.

    Yigʻilishda, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturi ham taqdim etildi.

    Yuqorida keltirganimiz, birlashish gʻoyasi bugun, ayniqsa, tabiat va inson munosabatlari, umumiy yashash makonimiz doirasida zaruratga aylanib bormoqda.

    Bunga javoban mamlakatimizda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangan edi. Qoʻshni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Poytaxtimizda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish universiteti tashkil etildi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori boʻldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylanmoqda.

    Bu harakatlar, bu gʻoya va tashabbuslar ortga qaytmasligiga ishora sifatida Prezidentimiz 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va «yashil” iqtisodiyot yili» deb eʼlon qilishni taklif qildi.

    ​Maʼnaviyat va iqtisodiyot oʻq tomirlarimiz

    Oʻtkazilgan mazkur yigʻilishlar yangi Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot bosqichi, ulkan marralar tomon dadil qadam tashlayotganini koʻrsatdi. Maqolamiz boshida buyuklarimiz orzu qilgan davlat haqida gaplashgan edik. Bu davlat nafaqat, qonunlari, xalqqa xizmat qilishi, ularning holidan xabardor boʻlishi, ularning ovoziga, siymosiga aylanishi, shu bilan birga, maʼnaviyati yuksak, axloqi baland, qadriyatlar qadrlangan yurt hamdir.

    Bugun bu orzu davlat rahbari tomonidan amalga oshirilmoqda. Taʼkidlanganidek: “ Bizning ikkita oʻq tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri – iqtisodiyot, biri – maʼnaviyatdir. Maʼnaviy buyuk xalq – iqtisodiy tomondan ham buyuk boʻladi”

    Al-Xorazmiyning ajoyib tenglamasi bor. Unga koʻra:

    Agar inson yaxshi xulq sohibi boʻlsa, u 1 ga teng.

    Agar inson husn sohibi boʻlsa, birning yoniga nolni qoʻsh = 10 boʻladi.

    Agar inson boy boʻlsa, yana bir nolni qoʻsh = 100 boʻladi.

    Agar nasl-nasabli boʻlsa, yana bir nolni qoʻsh = 1000 boʻladi.

    Agar 1 raqami, yaʼni xulq yoʻq boʻlib ketsa, insonning qiymati yoʻqqa chiqib, nollarning oʻzi qoladi = 000.

    Koʻzlangan katta marralarga maʼnaviy buyuk xalq iqtisodiy qudrat bilan yetib boradi.

    Otabek HASANOV,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari