Dunyo birinchiligining ikkinchi kuni yunon-kurashi boʻyicha bellashuvlar davom ettirildi. Ahamiyatlisi, kecha kurashga kirishgan uch klassigimizdan ikki nafari finalgacha barcha raqiblarini yengib, jahon chempionligi uchun gilamga chiqish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.
45 kilogramm vaznda kurashayotgan Shahzod Roʻzioxunov 1/4 finalda ozarbayjonlik Huseyn Savadovni 11-3, 1/2 finalda ruminiyalik Ionut Mereutani 9-0 hisobida dogʻda qoldirdi. Bugun u oltin medal uchun bellashuvda ukrainalik Yevgen Pokovbaga qarshi gilamga chiqadi.
51 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Aytjan Xalmaxanov 1/8 finalda Amare Fetene (Isroil) 4-1, 1/4 finalda Vadat Gasimli (Ozarbayjon) 12-4, 1/2 finalda esa Anri Xozrevanidze (Gruziya) ustidan 8-0 hisobida ustun keldi. Uning bugun jahon chempionligi uchun kechadigan final uchrashuvidagi raqibi Muhammadrizo Golami (Eron) boʻladi.
Afsuski, 71 kilogramm vazndagi terma jamoamiz aʼzosi Amirshoh Vahobov 1/16 finalda ukrainalik Maksim Radikka imkoniyatni boy (0-9) berib qoʻydi.
Eslatib oʻtamiz, Italiyada oʻtayotgan sport kurashlari boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatini 2 ta bronza medali bilan boshlagan, xususan, yunon-rum kurashchilarimiz Xurshidbek Normuhammadov va Behruz Barnoyev raqiblarini magʻlub etib, terma jamoamizga musobaqadagi dastlabki medallarni taqdim qilgandi. 55 kilogramm vazn toifasidagi kurashchimiz Xurshidbek Normuhammadov bronza medali uchun kechgan bahsda yaponiyalik raqibi Koxaku Kanazavani 5:4 hisobida magʻlub etgan boʻlsa, Behruz Barnoyev (65 kg) ozarbayjonlik Ali Alizodadan 9:3 hisobida ustun keldi.